Breaking News

AQShdagi o’zbeklarni nima birlashtiradi?


Turkiston-Amerika uyushmasi Nyu-Jersi shtati Parsipani shahridagi bog’lardan birida sayl o'tkazdi, 10-iyul, 2022

10-iyul kuni Turkiston-Amerika uyushmasi Qo’shma Shtatlarga turli yillarda jahonning turli burchaklaridan kelgan o’zbeklarni bir joyga to’pladi. Vatandoshlar tashkiloti Nyu-Jersi shtati Parsipani shahridagi bog’lardan birida sayl o'tkazdi.

“G’urbatda mana shunday jamiyatda o’z tildoshlar birga bo’lib, Qurbon hayitini xushu-xursand, musaffo osmon ostida nishonlashning o’zi insonga jon va ruh bag’ishlaydi,”- deydi Sayid Kabir Kamol.

Bu Afg’onistondan olisda ilk hayit saylini nishonlayotgan muhojir Sayid Kabir Kamolning taasurotlari. U AQSh o’z bag’riga qabul qilgan minglab afg’on muhojirlaridan biri.

Qozog’istonlik o’zbek oila Baxtiyor va Leyla sayl bahonasida Amerikada tildoshlarini topganidan mamnun.

“Men bu yerda bir oila bilan tanishdim. U oila vakili 1928 - yilda tavallud topgan. Ularning bu yerga ko’chib kelish jarayoning o’zi bir tarix. Ular O’zbekistondan AQShga Afg’oniston va Hindiston kabi davlatlarni kechib kelishgan ekan. Ularning taqdiri o’zbek jamiyati uchun katta ahamiyatga ega. Ular hamon o’z til va madaniyatini unutmagan. Ulardan farqli mana men 9-10 yil oldin ko’chib kelgan bo’lsamda allaqachon o’zbekcha so’zlarni yoddan chiqaryapman. Ularning esa o’z tili, madanyat va an’analarini saqlaganlari tahsinga sazovor. Meni bu hol to’lqinlantirdi”, - deydi Baxtiyor.

Turkiston-Amerika uyushmasi Nyu-Jersi shtatida o'zbek sayli o'tkazdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:51 0:00

Saylga Baxtiyor va Leylani o’zbekistonlik immigrant Shahnoza taklif qilgan. Bir dasturxon atrofidagi suhbatlar ularni yanada yaqinlashtirgan.

“Avvalo ajoyib insonlar bilan tanishdim, dugonalar orttirdim. Bu sayl bahonasida men yashaydigan Nyu-Jersida ham o’zimga o’xshagan o’zbeklar ham borligini bildim. Endi biz o’zaro bordi-keldi qilamiz”,- deydi Leyla.

Sayid Hoshim aka va rafiqasi Shakila Lutfullo tadbirga ikki soat yo’l yurib, Pensilvaniya shtati, Filadelfiya shahridan kelishgan. Shimoliy Afg’onistonning Shibirg’onida tug’ilib ulg’aygan Sayid Hoshim akaning okean ortiga ko’chish tarixi ham uzun. Afg’onistondagi urush ortidan 1995-yil uning oilasi ota yurtiga, O’zbekistonga ko’chib o’tgan. Ota-bobolari Qashqadaryoning Chiroqchisidan ekan. 2008-yili uning oilasiga AQSh boshpana bergan. Shundan buyon bu oila Qo’shma Shtatlarning qay burchagida o’rnashmasin, vatandoshlar davrasidan qolishmaslikka intiladi.

“Amerikaning yaxshi tomoni shuki, Amerikada hech bir din uchun to’siq yo’q. Masalan, Filadelfiyada katta-katta masjidlar bor. Yaqinda esa Baslton avenyusida yana bir katta masjid ochildi. U Sharofiddin aka degan odam rahbarligida ochilgan. Keyin u yerda ham katta o’zbek jamoasi bor. Filadelfiyada ham namoz o’qish uchun to’sqinliklar yo’q, har kim masjidga borib ibodatini qiladi”,- deydi Sayid Hoshim aka.

Vatandoshlar tashkiloti Qurbon hayiti bahonasida pandemiya davrida to’xtatilgan yig’inlarni tiklaganidan Shakila Lutfullo ham xursand.

“Muhim jihati shu, tildoshlar va hamma musulmonlar bir joyda. Bu farzandlar uchun ham yaxshi; o’z madaniyati, dinini yo’qotmasligi va eng muhimi tilini yo’qotmasligi uchun foydasi ko’p deb o’ylayman”, - deydi Shakila Lufullo.
Grin karta yutib AQShda yashab ijod qilayotgan Karomat Otajonova va Zamira Salim kabi san’atkorlar bayram dasturining badiiy qismini o’z ijrolari bilan boyitishdi.

“Men uchun bugun bir baxtli voqea… O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan, mashhur artist, men uchun qadrli bo’lgan, maqom yo’nalishida o’zim uchun ustoz bilgan Ortiq Otajonovning farzandi Karomat Otajonovani bu yerda birinchi marotaba uchratdim va u kishi bilan yaqindan tanishdim. Bundan nihoyatda xursand bo’ldim”, - deydi Sayid Kabir Kamol.

Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlarida o'nlab ming o'zbek yashaydi
Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlarida o'nlab ming o'zbek yashaydi

Afg’onistonlik Sayid Kabir ham qo’shiq aytdi.

“Menimcha biz bugun qozog’istonlik o’zbeklarga o’zaro muloqotda bo’lishlari uchun yo’lni ochdik”, - deydi Leyla.

“Biz turli davlatlardan bo’lsak-da, Qozog’iston hamda O’zbekiston o’zbeklari bir millat vakillarimiz. Umid qilamanki biz o’zimiz va farzandlarimiz uchun kelajakdagi do’stlik va muloqotning katta yo’lini ochdik”, - qo’shadi u.

“Biz turli mamlakatlardan kelgan bo’lsak-da, hammamiz ham o’zbeklarmiz. An’analarimiz bir va ishonamanki qozog’istonlik o’zbeklar ham boshqa o’zbeklar bilan o’zaro uchrashuvlardan xursand bo’lishadi”, - deydi Baxtiyor.

Shakila Lutfullo afg’onistonlik o’zbeklar ahvolidan atrofidagilarni xabardor qildi.

“So’rashdi va men Afg’onistondagi hozirgi sharoit haqida ma’lumotlar berdim. Hozirgi vaqtda Afg’onistondagi o’zbeklar sharoiti juda ham og’ir. Misol uchun mening oilamning hamma a’zolari o’qimishli. Hozir singillarim, hamma oila a’zolarim uyda o’tiribti. Ayollarga huquq yo’q, ish yo’q. Shu ma’lumotlarni berganim sababi bir-birovini tushunish, tildosh, vatandosh qarindoshlar bir-birini tushunishi uchun ko’proq ma’lumotlar oldi mendan. Bundan xafa ham bo’ldilar… tanishganimizdan esa xursand ham bo’ldilar… Duo qilamiz Afg’onistonga tinchlik kelsin, xususan o’zbek millati u yerda juda ham og’ir ahvolda,”- deydi u.

Leyla esa o’zbeklar qay davlatdan bo’lmasin, bir davrada bo’lsin, deya niyat qiladi.

“Ayni vaqtda, afsuski, o’zbekistonlik o’zbeklar va qozog’istonlik o’zbeklar bayramlarni alohida nishonlaydilar. Biz esa hammalari bayramlarni birga, keng doirada, ulkanroq va katta zavq bilan nishonlashlarini istardik. Buning uchun esa muloqot qilish, bir-birinikiga bordi-keldi qilish, jamiyatlar birlashuvi zarur. Shunda barcha ishlarimiz ko’lami ham kattalashadi”,- deydi u.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG