Breaking News

Nyu-Yorkda o’zbekistonliklar tashabbusi bilan masjid ochildi


Nyu-Yorkdagi o’zbekistonlik muhojirlar zich istiqomat qiladigan mavzeda yangi masjid faoliyat boshladi. “Imom Abu Hanifa” masjidi Nyu-York va uning atrofida yashaydigan o’zbekistonliklar jamiyati vakillari tashabbusi va homiyligida tashkil etilgan. Bruklindagi bu masjid boshqalaridan, shuningdek, imomi bilan ham farq qiladi - u o’zbekistonlik va islomiy ta’limni Buxoroda olgan.

“Light of Hope” (Umid nuri) nodavlat tashkiloti prezidenti Shokirjon Komilov:

“Usta ganchkor Shuhratjon Imom al-Buxoriy majmuasi qurilishida va ko’plab boshqa masjidlar qurilishlarida ishlagan. Shu kishi masjidimiz mehrobini qurdilar. Nyu-Yorkning boshqa biror joyida bunday betakror va chiroyli ishlangan mehrob hali yo’q. Shunga odamlar ham lol qolishyapti”.

Bruklindagi “Kichik O’zbekiston”da yangi masjid ochildi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:19 0:00

Masjid Ramazon oyi boshida o’z eshiklarini ochdi.

“Bruklinning biz yashaydigan qismida taxminan 20-25 ming [o’zbekistonlik] oila istiqomat qiladi va ularning aksariyati ahli islom. Bu joyni biz ijaraga olganmiz. 2021-yilning yanvar-fevral oylaridan buyon masjid quramiz deb pul yig’ayotgandik. Orada esa bu masjidni tashkil qildik. Masjid qurilishiga deb jamg’argan mablag’imiz yarim million dollardan oshdi. Xudo xohlasa, nasib qilsa, ana shu mablag’lar hisobiga kelajakda o’z binomizni olib masjid va madrasa ham qurmoqchimiz. U yerda yosh bolalar, xotin-qizlar ta’lim-tarbiya olishlari uchun ham shart-sharoitlar yaratishni ko’zlaganmiz. Ushbu masjidimizning bir qismida ayollar uchun ham joy ajratganmiz”, - deydi Komilov.

Bugungi kunda bir vaqtda masjidda 260 erkak va 40 ta ayol namoz o’qishi uchun joy bor.

“Hozir Qo’shma Shtatlarda katta-kichik masjidlar soni oxirgi ma’lumotlarda uch mingta deb belgilangan. AQSh aholisining 1,7 foizi musulmonlar hisoblanadi. Juda ozchilik qismi. Oz miqdorda, lekin hozir AQShda boshqa dinlarga qaraganda eng tez rivojlanayotgan din islom dini hisoblanadi”, - deydi Floridaning Orlando shahridagi Imom al-Buxoriy Islom markazi rahbari Ilyosxon Toshxo’jayev.

Uning aytishicha, Amerikada o’zbekistonliklar ochayotgan masjidlar vatandoshlar birlashuviga ham xizmat qilyapti.

“Oldin milliy madaniy markazlar shaklida millatlarimizni, vatandoshlarimizni birlashtirishga harakat qilindi, lekin yaxshi natijalarga erisholmadilar. Keyin qaraldiki, bizning xalqlar asosan Islom diniga e’tiqod qilishadi. Shu bois ularni din orqali birlashtirish yana ham oson bo’lgani va bizning urf-odatlarimiz asosan diniy tomondan, masalan, nikoh to’ylarimizdan tortib aqiqagacha hamma marosimlar diniy bo’lgani uchun masjidlarga ehtiyoj sezila boshlandi. Boshqa davlatlardagidan ko’ra Amerika miqyosida masjidlar sotsiallashish, insonlarning bir-biriga yaqinlashish markazi sifatida ham bilinadi. Boshqa mamlakatlarda, masalan, O’zbekiston va O’rta Osiyo davlatlarida masjidlar faqat ibodat joyi bo’lsa, bu yerda insonlar bir-biriga yordamlashadigan, tanishadigan joy. Ya’ni shariatga muvofiq keladigan har qanday amallarni masjidlarda qilish uchun sharoitlar yaratilgan”, - deya tushuntiradi Toshxo’jayev.

Rasman ochilgan kuni masjidda ilk bor katta jamoa bo’lib peshin namozi o’qildi. Uni masjid imomi, Buxoroning Mir Arab madrasasida ta’lim olgan o’zbekistonlik Faxriddin Bahromov o’tkazdi.

“Peshin namozi o’qildi. Albatta his-hayajon katta. Bu yerda ham bu an’ana, ya’ni islomga, dinga bo’lgan muhabbat, intilish, qiziqish juda ham kengligini, talab juda ham kattaligini ko’rib xursand bo’ldim. Alloh barchalaridan rozi bo’lsin”, - deya his-hayajonini yashirmaydi imom.

Namozxonlar orasida bolalar va yoshlar ham ko’p. Shulardan biri 15 yashar Talatjon Hasanov.

“6-7 yoshimdan boshlab masjidga qatnashni boshlaganman. Meni masjidga qiziqtirgan shaxslar bular mening tog’am va albatta ota-onam. Islomni taniganimdan buyon hayotimda katta o’zgarishlar yuz berdi. Men ko’p ibodat qiladigan bo’ldim, Alloh kalomini yod oldim. Ota-onamga bo’lgan hurmatim oshdi. Qur’onni ham yod ola boshladim. Sura va duolarni o’qishni o’rgandim. Hozir 5 mahal namozni kanda qilmayapman”.

Masjid imomiga ko’ra, bu yerda namoz va diniy amallarni bajarish O’zbekistondagi bilan bir xil. Faqat ma’ruzalar mavzusi O’zbekistonda boshqa, okean ortida boshqa.

“Albatta [ma’ruzalarda] farq bo’ladi, chunki bu yerning sharoiti bilan o’zimizning O’zbekiston sharoiti ancha farq qiladi baribir. Bu yerda asosan yoshlar tarbiyasi, yoshlarni to’g’ri yo’lga boshlash talab etilyapti. Keljakda kattalarga izzat-hurmat qilish, ya’ni mana shu mavzularda [ma’ruzalarga] talab bo’lyapti”, - deydi Bahromov.

Masjid faoliyatini moliyalashtirishni bir guruh saxovatpesha o’zbekistonlik vatandoshlar o’z zimmalariga olgan. Ammo uning eshiklari barcha mo’min-musulmonlarning ibodat qilishlari uchun ochiq.

“Biz dindoshlarimiz bilan birgalashib masjidni tashkil qildik. Ayni kunlarda 75 kishi har oy 200 dollardan masjid xarajatlariga pul ajratishyapti”, - deya tushuntiradi Shokirjon Komilov.

“Bu masjid uchun [atrofda] o’zimizning o’zbeklar ko’p bo’lganligi sababli shu joy tanlangan. Inshaalloh, nafaqat o’zbeklar, balki boshqa xalq vakillari ham masjidimizga kelib biz bilan birga namoz amallarini ado etishadi,”- deydi imom.

Masjid ochilishi kuni uning ichi namozxonlar bilan to’ldi.

“Masjidning ochilishini, eng avvalo, o’zimizning yaqinlarimiz, tanishlarimizdan eshitib xursand bo’ldik. Ochilishiga ozmi- ko’pmi o’z hissamizni qo’shdik. Taassurotlarimiz qanaqa? O’zimizga yaqin bo’ldi.Bu atrofda yana boshqa masjidlar ham bor, bu esa bizga ancha yaqin va qulay. Ham o’zimizning o’zbekistonliklar tashabbusi bilan ochilgan masjid bo’ldi. Bugungi ochilish marosimiga ham hammamiz keldik, ko’rdik, domlalar chiroyli ma’ruzalar qilishdi. Shunday chiroyli masjid ochilganidan xursandmiz, alhamdullilah” – deydi Muzaffar Mirzarahimov.

“Bu kun [Amerikaga] kelganimizga 20 yil bo’lgan bo’lsa, 20 yil kutganmiz. Shu vaqtgacha boshqa masjidlarga borardik. Shu atrofda yettita jome masjidlari bor. Ko’pi bangladeshliklarniki. Qaysisi to’g’ri kelsa, o’sha yerga borardik. Ulardan farqi, bu masjid ham yaqin [joylashgan], ham o’zimizning tilda. Boshqa masjidlar ham aslida yaqin, besh minutlik masofada joylashgan, o’zimizning masjidda o’zimizning insonlar. Bir narsani so’rash kerak bo’lsa qiynalmasdan so’raymiz, qiynalmaymiz”, - deydi yana bir keksa o’zbekistonlik namozxon.

Ramazon oyida har kuni masjidda iftorliklar uyushtirilmoqda. Bugungisida masjid atrofidagi halol oshxonalardan birida pishirilgan samarqandcha palov bilan o’zbekistonliklar uchun odatiy bo’lgan sarxil mevalar tortiq etildi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG