Breaking News

Oliy Majlis: Qoraqalpog'iston voqealarini "mustaqil komissiya" tekshiradi


O'zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha maxsus vakili, Ombudsman Feruza Eshmatova parlament ma'qullagan komissiyaga boshchilik qiladi
O'zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha maxsus vakili, Ombudsman Feruza Eshmatova parlament ma'qullagan komissiyaga boshchilik qiladi

O'zbekiston Oliy Majlisi 1-2 iyul kunlari Nukusda yuz bergan qonli voqealarni tekshirish uchun "mustaqil komissiya" tuzish taklifini ma'qullagan.

15-iyul kuni Toshkentda Qonunchilik palatasi va Senat kengashlarining qo‘shma majlisida parlamentning Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Ombudsman Feruza Eshmatovaning Qoraqalpog‘iston bo'yicha murojaati va takliflari ko'rib chiqilgan.

Senatning bildirishicha, bugungi qaror bilan komissiya tarkibi va u haqdagi nizom tasdiqlangan.

Komissiyaga Oliy Majlisi a'zolari, nodavlat-notijorat va jamoat tashkilotlari vakillari kiritilgan. Ya'ni, parlament kim hissa qo'shishini allaqachon belgilab qo'ygan.

Ulardan biri A'zam Farmonov, sobiq siyosiy mahkum, hozirda Jizzaxda "Huquqiy tayanch" tashkiloti rahbari.

Yana ikki mutaxassis - Yevropada asoslangan nohukumat tashkilotlarning vakillari, xususan Sloveniyadagi "Mintaqaviy muloqot"dan Behzod Sharipov va Shvetsiyadagi Markaziy Osiyo uyushmasidan Gulnoz Mamarasulova.

Qoraqalpog'iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kenes Karimov va Qoraqalpog'iston davlat universitetidan huquqshumos Yelizaveta Kutibayeva ham jalb etilgan.

Ombudsmanning Qoraqalpog'istondagi vakili Jenisbay Shlimbetov ham bu komissiyaga kirgan.

O'zbekiston parlamenti a'zolarining qo'shma majlisi, 15-iyul, 2022
O'zbekiston parlamenti a'zolarining qo'shma majlisi, 15-iyul, 2022

Komissiyaga Ombudsman Eshmatova boshchilik qiladi.

"O‘tkazilgan tekshiruv natijalari eʼlon qilinadi va O‘zbekiston jamoatchiligi va jahon hamjamiyatiga yetkaziladi", - deyiladi Senat bayonotida.

"Amerika Ovozi" aniqlashicha, komissiyaga O'zbekistonda huquq himoyasi bo'yicha eng ko'p tajribaga ega, qariyb 20 yildan beri eng nozik masalalar ustida ishlab kelayotgan "Ezgulik" Inson huquqlari jamiyati kiritilmagan.

"Ezgulik" nafaqat O'zbekiston bo'ylab, balki xalqaro maydonda mustaqil va ishonchli tashkilot sifatida qaraladi.

"Ezgulik" - oxirgi yillarda O'zbekistonda inson huquqlari bilan bog'liq vaziyatni yaxshilash, siyosiy va diniy mahbuslar ahvoli, afv etilganlar taqdiri, korrupsiyaga qarshi kurash, adliya tizimidagi islohotlar, shaffoflik va adolat targ'ibotiga doir sa'y-harakatlarda o'ziga xos rol o'ynab keladi. Jamiyat davlat organlari bilan ham professional hamkorlikni yo'lga qo'yishni boshlagan edi.

Oliy Majlis Qoraqalpog'iston voqealarini kim tekshirishini allaqachon hal etib bo'lgan
Oliy Majlis Qoraqalpog'iston voqealarini kim tekshirishini allaqachon hal etib bo'lgan

Komissiyaga xorijiy biror ekspert taklif etilmagan. Toshkentdagi manbalarga ko'ra, bu taftishni O'zbekiston xalqining vakillari olib boradi.

O'zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda ta'kidlashicha, xalqaro huquq tashkilotlari bilan Qoraqalpog'iston yuzasidan muloqot olib borilmoqda.

"Human Rights Watch" (HRW) va "Freedom Now" kabi tashkilotlar mamlakatga borib turibdi, deydi elchi, Toshkent ular bilan hamkorlik tarafdori.

HRW va BMTning Inson huquqlari bo'yicha komissariati Qoraqalpog'istondagi g'alayonlar va undan keyingi jarayonlar yuzasidan adolatni ta'minlashga chaqirib, O'zbekiston hukumatiga uning xalqaro majburiyatlarini eslatgan.

Mirziyoyev ma'muriyati milliy va xalqaro qonunlar e'zozlanadi, deya va'da bergan.

AQSh va Yevropa Ittifoqi Toshkentni to'liq, shaffof va ishonchli taftish uchun yo'l berishga undamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG