Breaking News

O'zbek faol: O'zbekiston Tolibonga ishonmasligi kerak


Alovuddin Erkin Faryov viloyatidagi Maymanadagi mahalliy radioda ishlab kelgan
Alovuddin Erkin Faryov viloyatidagi Maymanadagi mahalliy radioda ishlab kelgan

Toshkentda Afg’oniston bo’yicha xalqaro konferensiya o'tar ekan, Faryob viloyatida o’zbek jurnalisti Alovuddin Erkin hibsga olingan va bir necha soat o'tib, qo'yib yuborilgan.

Afg’onistondagi o’zbeklarga xayriya yordami uyushtirish bilan shug’ullanadigan Bahrom Rahmonning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Alovuddin Erkin 25-iyul kuni Tolibon maxsus xizmati vakillari tomonidan so‘roq qilinish uchun olib ketilgan.

“Afg’onistondagi o’zbeklar Erkin nima sababdan hibsga oligani haqida aniq bir gap ayta olishmayapti. U marshal Do’stim bilan aloqada gumonlanayotgani haqida taxminlar bor. Alouddin Erkin biz, tashqaridagi o’zbeklar, tomonidan uyushtirilgan xayriya yordamlarini muhtoj oilalarga tarqatishda ham faollik ko’rsatib kelayotgan edi. Bu Toshkentdagi konferensiya barobarida kuzatilayotgani tasodif emasdek. Ehtimol bu Tolibon ichidagi o’zaro ziddiyatlar bilan bog’liqdir, bu guruhda ham Toshkent bilan aloqalardan norozilar bor. Alovuddin Erkin Maymanadagi mahalliy radioda ishlab kelgan. Tolibon hokimiyatga kelganidan keyin ham Afg’onistonda qolayotgan, mahalliy o’zbeklarning muammolarini ko’tarishda, o’zbek madaniy tadbirlarini tashkillashtirishda faol bo’lgan kam sonli o’zbek jurnalistlardan biri”, - deydi Bahrom Rahmon.

Toshkentdagi anjumanda Tolibon Tashqi ishlar vaziri Amirxon Mutakkiy boshchiligidagi delegatsiya va 20 dan ortiq davlatdan rasmiylar va xalqaro tashkilotlarning vakillari qatnashyapti.

O’zbekiston tashkillashtirgan bu konferensiya Afg’onistonning tan olinmagan Tolibon hukumati ishtirok etayotgan dastlabki yirik muzokara maydoni sifatida qaralmoqda.

Toshkentning konferensiyadan ko’zlagan maqsadi - Afg’onistonga yordam berish va uning rivojlanishi uchun hissa qo'shish, deydi rasmiylar.

Toshkent taklif etayotgan asosiy loyiha bir necha yillardan buyon muhokamadan tushmay kelayotgan “Termez- Mazori Sharif - Kobul - Peshavor” temir yo’li qurilishi.

Afg’oniston orqali o’tishi rejalangan bu temir yo’l amalga oshishi uchun xavfsizlikni kafolatlovchi asosiy tomon Tolibon hukumati hisoblanadi.

O’zbekistonni dengiz portlari olib chiquvchi bu yo’l loyihasi 20 yillar muqaddam ishlangan, ammo Afg’onistondagi beqarorlik bois hozirgacha orzu bo'lib qolmoqda.

Afg’onistondagi nisbiy tinchlik davrida Toshkent Termezdan Mazori Sharifgacha bo’lgan temir yo’l qurilishni ishga tushirdi. Hayraton ko’prigi orqali o’tuvchi bu yo’l hozir ham Markaziy Osiyoni Afg’oniston bilan bog’lab turgan yagona temir yo’ldir.

O’zbekiston Afg’onistonga elektr sotishni ham ko’paytirmoqchi, “Surxon-Puli Xumri” elektr liniyasi orqali.

O’zaro iqtisodiy manfaatlarga tayanuvchi bu ikki loyihadan tashqari O’zbekiston tomoni afg’onistonliklar uchun Termizda ochilgan o’quv markazi faoliyatini ham taqdim qiladi.

Tolibon hokimiyatga kelgach bir necha oy faoliyati to'xtagan bu dargoh hozirda faol ekani va u yerda 100 dan ortiq talaba o'qiyotgani aytiladi

O’zbekiston hukumatining Tolibon bilan iliq munosabatlari Afg’onistondagi ayrim o’zbeklar tomonidan ularning huquqi toptalishi evaziga qurilayotgan rishtalar sifatida talqin qilinadi.

“O’zbekiston hukumati uchun Afg’onistondagi o’zbeklar taqdiri, huquqi mutlaqo qiziq emas. Ular Tolibonning temir yo’lga ruxsat berishiga ishonishmoqda", - deydi Bahram Rahmon.

"Haqiqatda esa bu Rossiya O’zbekistonda atom stansiya qurishiga yaqin bir gap. Ya’ni qurilgan taqdirda ham Tolibon qo’lidagi bosim vositasiga aylanadi. Toliblarga ishonish mumkin emas, buni Afg’onistondagi o’zbeklar ham, tashqaridagi o’zbeklar ham yaxshi bilishadi. Afg’onistondagi vaziyat faqat bu yerdagi millatlar huquqi ta’minlanganda, federativ boshqaruvga kelingandagina barqarorlashishi mumkin, ungacha tinchlik kutmaslik kerak”.

Toshkent Tolibon hukumatini rasman tan olmagan, ammo uni Afg’onistondagi real kuch deb hisoblaydi. Terrorchi tashkilotlar ro’yxatidan chiqarilmagan Tolibon delegatsiyasini Toshkentdagi konferensiyaga taklif qilinishi shu bilan izohlandi.

Mirziyoyev ma'muriyati konferensiya Afg’onistonga chetdan yordamni oshirish, inson huquqlari bilan bog'liq vaziyatni yaxshilash uchun Tolibon bilan muloqot va Afg’onistonning xorijdagi moliyasiga cheklovlar olinishi uchun turtki beradi, degan umidlar bog'lagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG