Breaking News

Toshkentda Afg'oniston muhokamasi qanday kechdi?


26-iyul kuni O'zbekiston poytaxtida kechgan anjumanda 100 ga yaqin xorijiy delegatsiya qatnashdi, jumladan Tolibon ham

Bugun Toshkentda Afg'oniston taqdiri yuzasidan o'tgan xalqaro anjumanning ochilish marosimida O'zbekiston rahbarining tashqi siyosat bo'yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov Prezident Shavkat Mirziyoyev nomidan murojaatni o'qib bergan. Mirziyoyev unda xalqaro hamjamiyatni Afg'onistonga ko'proq e'tibor qaratib, bu xalqqa madad ko'rsatishga chaqirgan.

O'zbekiston bunday tadbirga mezbonlik qilib, qo'shni davlatda tinch va farovon jamiyat ko'rishni istashini bildirgan. Mirziyoyev Afg'onistonda va mintaqa bo'ylab xavfsizlikni ta'minlashda hamkorlik qilish bilan davlatlar iqtisodiy imkoniyatlar ochishini qayd etgan.

Tolibon nima dedi?

UzReport TV xabar berishicha, Tolibon Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttakiy konferensiyada jumladan shunday degan:

"Oldin hamma Afg'onistondagi urushni, otishmalarni to'xtatish haqida gapirar edi, bugun esa biz Afg'onistonni tiklash, uning iqtisodiyotini o'nglash haqida gapiryapmiz. Biz hamma davlatlar bilan tinchlikni istaymiz. Afg’oniston hududidan boshqa davlatlarga tahdid qilinmaydi va bunga biz va’da berdik. Biz barcha va’dalarimizni bajardik. Biz barcha davlatlar bilan o’zaro hurmat asosida aloqalar o’rnatishga tayyormiz. Biz AQShdan muzlatilgan pullarimizni shartlarsiz qaytarishini so’raymiz. Shuningdek, barcha davlatlardan Afg’onistonga investitsiya kiritishlarini so’rab qolamiz. Hozir mamlakatda yarim milliondan ortiq eski tuzum xodimlari o’z ishlarida ishlamoqda. Chet elga chiqib ketganlar ham qaytib kelyapti".

"Afg'onistonning 7 milliard dollar miqdoridagi aktivlarni qaytarmaslik bu - jinoyatdir", - degan Rossiya prezidentining Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zamir Kabulov. Kabulov bu gaplarni AQSh delegatsiyasiga qarata aytgan.

BMT, Yevropa Ittifoqi

Bugun O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va BMT Bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili o‘rinbosari, BMTning Afg‘onistonga yordam missiyasi (UNAMA) rahbari Markus Potsel o'zaro hamkorlikni ko'rib chiqqan.

Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, Potsel Toshkent forumini jahon hamjamiyatining asosiy talablarini Afg‘onistondagi bugungi rahbariyatga eslatish va samarali xalqaro muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun muhim platforma deb atagan.

Norov Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Niklasson bilan ham gaplashgan.

Niklassonning taʼkidlashicha, Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistonning mintaqaviy siyosati va tashabbuslarini quvvatlaydi.

Hozirda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tasdiqlangan va tomonlar bu hujjat imkon qadar tezroq imzolanadi degan umidda.

Bryussel Oʻzbekistonning afgʻon muammosini hal etishda siyosiy-diplomatik saʼy-harakatlarni birinchi o'ringa qo'yishini qayd etmoqda.

Niklasson Toshkent bilan muntazam muloqotda ekanini aytgan. Unga ko'ra, Yevropa Ittifoqi ham Afg'onistonda inklyuziv hukumat tuzilishi va inson huquqlari ta'minlanishini istaydi.

AQSh-Tolibon

Siyosiy fanlar doktori, professor Sayfiddin Jo’rayev UzReport TV bilan intervyuda deydiki, Tolibon AQShdan qaytarishni talab qilayotgan muzlatilgan pullar - afg’on xalqini puli.

"Albatta bu aktivlar iqtisodni rivojlantirish uchun ishlatilsa, ko’p muammolarni yechishga asos bo’ladi", - deydi Jo'rayev.

Vashington delegatsiyasi cheklovlar nega hamon amalda ekanini tushuntirgan.

Anjumanda Bayden ma'muriyatidan qatnashgan maxsus vakillar Tomas Uest va Rina Amiri, Afg'oniston bo'yicha yetakchi diplomatlar, AQSh Afg'oniston xalqini qo'llashda davom etishini ta'kidlagan. Ular Tolibonni aholi oldidagi va xalqaro majburiyatlarni bajarishga undagan.

"Xalqaro hamjamiyat Afg'onistonda barqaror, tinch va barcha tomonlarning manfaatlarini aks ettiruvchi tizim ishlashini xohlaydi va bunga erishish uchun harakat qiladi", - deyiladi Amerika rasmiy bayonotida.

"Hukumat inklyuziv bo'lsinki, afg'onlarning huquqlari va fundamental erkinliklari hurmat qilinsin, xususan ayollarning, turli etnik va diniy jamoalarning. Afg'oniston zaminidan hech kimga terrorizm tahdidi bo'lmasin".

27-iyul kuni AQSh Moliya vaziri muovini Brayan Nelson va Tomas Uest Tolibon bilan Toshkentda muloqot qiladi. Nelson terrorizmga qarsgi kurash va moliyaviy razvedka bo'yicha mas'ul.

Kobuldan va Vashingtondan kelgan mehmonlar Afg'oniston xalqiga samarali yordam berish yo'llarini muhokama qiladi, deydi rasmiylar.

Anjumandan xulosalar

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi anjuman yakinida chiqargan bayonotiga ko'ra, tadbir quruq so'zlardan iborat emas, balki barqarorlik va taraqqiyot sari dadil qadamlar tashlashga turtki beradi.

Qatnashuvchilar Afg'oniston suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini e'tirof etib, bu yurt terrorizmdan ham xoli diyor bo'lishiga umid bildirgan.

Toshkent nazdida xalqaro hamjamiyat Afg'onistonni iqtisodiy jihatdan rivojlantirish birlamchi masala ekanini ham tan olmoqda. Yo'qsillik - tinchlikka tahdid. Ijtimoiy taraqqiyot, savdo va sarmoya mamlakatni barqarorlashtiruvchi omillar ekani haqida fikrlar yangragan.

Mirziyoyev ma'muriyati uning Afg'oniston ishtirokidagi loyihalari tadbirda quvvatlanganidan ham mamnun.

Qo'shnilar, ayniqsa O'zbekiston sa'y-harakatlari, deyiladi Tashqi ishlar bayonotida, barcha qatnashchilar tomonidan olqishlangan.

Toshkent nazarida Tolibon terrorchi kuchlar bilan aloqalarini uzgan va Afg'onistonning jangari kuchlar makoniga aylanmasligi uchun Kobuldagi rahbarlar mas'ul.

O'zbekiston ham boshqa davlatlar kabi Tolibonni tan olishga shoshmaydi va unga o'z talablarini eslatib turadi: terrorizmga qarshi keskin chora ko'rish, barcha afg'onlarning manfaatlarini ko'zlovchi hukumatni shakllantirish, inson huquqlari, xususan xotin-qizlar erkinligini ta'minlash va jamiyatni azoblamaslik.

Toshkent Tolibonning qoradori savdosi va korrupsiyaga qarshi kurashish haqidagi va'dasini ham jiddiy qabul qiladi. Shuningdek, qo'shni davlatlarga Afg'onistondan tahdid solinmaydi, degan pozitsiyasini ham.

BMT va boshqa insonparvar tashkilotlar Afg'onistonga yordamni oshirishi kutiladi. 35 millionli mamlakatda sog'liqni saqlash, ta'lim va umuman, barcha sohalar og'ir ahvolda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG