Breaking News

Afg’oniston o’tgan bir yilda: Mamlakat Tolibonga boy berilgan kunlar


Kobul, 17-avgust, 2021
Kobul, 17-avgust, 2021

2021-yil mart oyidan boshlab Afg’oniston bo’ylab tumanlar Tolibon nazoratiga o’ta boshladi. Hech qanday urush va qarshiliksiz. Hukumat esa harbiylarni viloyat markazlariga to’plab, boy berilgan yerlarni qayta olishga urindi.

Afg’oniston shimolida vaziyat og’irlashdi. Jiddiy janglar ham shimolda bo’ldi. Faryob, Saripul, Juzjon, Taxor kabi viloyatlarda urush bir necha oy davom etdi.

“Amerika Ovozi” to’qnashuvlarni doimiy ravishda yoritib bordi. Xususan, Juzjon viloyatida.

Tolibon Afg’onistonni qanday olgan edi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:31 0:00

Juzjonda tumanlar toliblar qo’liga tushishi bilan viloyat markazi Shibirg’on shahriga hujumlar kuchaydi. Jang shaharning janubiy qismida uch oydan ko’proq davom etdi. Atrofdagi qishloqlardan o’n minglab odamlar qochdi. Jangarilar tinch aholining uylariga joylashib oldi.

Toliblar 2021-yil 1-avgust kuni Shibirg’on shahriga kirishga muvaffaq bo’ldi. Lekin hujum zudlik bilan ortga surildi. Tolibonnig Qori Naqib ismli taniqli qo’mondoni og’ir yaralanib, jon berdi.

Oradan bir hafta o’tib, 7-avgust kuni Juzjon markazi butkul Tolibonga o’tdi. Mahalliy boshqaruv va urushda ishtirok etib kelayotgan marshal Abdul Rashid Do’stumning o’g’li Yor Muhammad Do’stum shahar tashqarisidagi Yetimtog’ tepaligiga qochishga majbur bo’ldi. U va uning to’dasi keyinchalik Mozori Sharifga yo’l oldi.

Shibirg’ondagi janglar asosan marshal Do’stum kuchlari tomonidan olib borilgan. Politsiya ba’zi joylarda yordam qildi xolos. Jang zimmasida bo’lgan armiya esa urushda deyarli qatnashmagan. Hukumat askarlari ko’p joylarni to’qnashuvsiz tark etdi.

Shibirg’ondan keyin Saripul va Faryobda ham harbiylar taslim bo’ldi.

Saripul viloyati 8-avgust kuni Tolibon tomonidan bosib olindi. U yerdagi harbiylar Balxob tumaniga chekindi. Mahalliy rahbarlar vertolyotlar bilan Yetimtog’ tepaligiga olib kelindi.

Shimolning uzoq nuqtasidagi Maymana shahri hanuz hukumat nazoratida edi. Tor hududda jon saqlayotgan harbiylar va rasmiylar 14-avgustga kelib toliblarga mag’lub bo’ldi.

Shimoliy viloyatlar orasida katta harbiy imkoniyatga ega bo’lgan Mozori Sharif 14-avgust kechqurun Tolibon nazoratiga o’tdi. U yerda jon saqlayotgan marshal Do’stum va general Ato Muhammad Nur Hayratondagi chegaradan O’zbekistonga o’tdi. Termizga intilgan minglab afg’onlarga qo’shni davlat eshikni ochmadi.

Shimoliy viloyatlardagi janglarda har ikka tomon katta talafot ko’rgan. O’lganlar va jarohat olganlar soni talaygina.

Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegaradagi barcha viloyatlar Tolibon izniga o’tdi.

15-avgust kuni Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani mamlakatni tark etdi. Tolibon poytaxt Kobulga kirib, boshqaruvni egalladi. Bu paytda Kobul aeroporti hali AQSh harbiylari qo’lida edi.

Amerika ikki hafta mobaynida 122 ming nafar afg’onistonlikni evakuatsiya qildi. 30-avgust AQShning oxirgi kuchlarini ham Afg’onistondan olib ketdi. 20 yillik harbiy harakatlar shu tariqa poyoniga yetdi.

Endilikda mamlakatda Tolibon hukmron. Mamlalat ko’p sohalarda dunyodan uzilib qolgan. Oradan bir yil o’tib ham Kobuldagi hukumat biror davlat tomonidan tan olinmagan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG