Breaking News

Dezinformatsiyaga qarshi kurash saylovdan keyin ham davom etadi


AQShda saylov uchun mas’ul rasmiylarning aytishicha, 8-noyabrda ayrim joylarda ovoz berishda kuzatilgan nosozliklar ayrimlar iddao qilayotganidek katta bir fitnadan dalolat emas.

Konservatorlar va sobiq prezident Donald Trampning tarafdorlari foydalanuvchi veb sahifalar va media platformalarda saylov natijasi soxtalashtirilishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishlar tinmay yangradi. Ularning aksariyati 2020-yildagi saylovda Tramp g’alaba qilganiga hanuz ishonadi.

Nyu-Jersi shtatida va Arizonaning Marikopa okrugidagi ayrim uchastkalarda byulleten skanerlarida nosozlik ro'y bergan. Mahalliy rasmiylar ovozlar hisoblanishini ta’minlovchi boshqa mexanizmlar ishga solinganini aytsa-da, qonunbuzarlik haqidagi da’volar tezda tarqaldi.

“Marikopa okrugida javobgarlar hibsga olinishi kerak. Jinoyat bu”, - deydi “Turning Point USA” konservativ yoshlar tashkiloti rahbari Charli Kerk.

“Halol saylov uchun hamkorlik” koalitsiyasiga a’zo tadqiqotchilar deydiki, Arizonadagi muammolar haqida ilk xabar tarqalgach, bu haqda ikki soat ichida 40 mingta tvit yozilgan. Marikopadagi uzun navbatlar va saylovchilar noroziligi aks etgan videolar ham tarqaldi.

Ko’p o’tmay Tramp tanqidlarga qo’shildi.

“Ko’p yomon ishlar bo’layapti. Ovoz berishingizni kechiktirishmoqchi. Adolatsizlik”, - dedi u o’zi ochgan “Truth Social” tarmog’ida.

Tramp Michiganning Detroyt shahrida ham ovoz berishda muammolar boo’lganini da’vo qilib, tarafdorlarini namoyishga chiqishga undadi.

“Iltimos, bizning shtatda va boshqa joylarda siyosiy zo’ravonlikni qo’zg’atish uchun yolg’on xabarlarni tarqatmang”, - deya yozdi Michigan shtati davlat kotibi Joselin Benson “Twitter”da.

“Hech qanday qonunbuzarlik yoki zararli faoliyat haqida ma’lumot yo’q. Marikopada texnik muammo ro’y berdi va uni hal qilishdi”, - dedi AQShning Kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi agentligi (CISA) rasmiysi jurnalistlar bilan suhbatda.

Agentlikka ko’ra, saylov natijasini o’zgartirishi mumkin bo’lgan tizimlarga xorijiy raqiblar tomonidan biror jiddiy kiberhujum kuzatilmagan.

“Xavotirim shuki, [yolg’onlar] odamlarni zo’ravonlikka undaydi. Saylov rasmiylari, davlat xizmatchilari qo’rquvsiz va zo’ravonlik tahdidisiz o’z ishini bajara olishi uchun hammamiz birgalikda harakat qilishimiz kerak”, - deydi CISA vakili.

Texas va Pensilvaniyada saylovchilarni qo’rqitishga qaratilgan bir necha holatlar qayd etilgan. Luizianada bir uchastka yopilishiga sabab bo’lgan bomba tahdidi saylov bilan bog’liq emas, deydi rasmiylar.

Ammo saylovdan oldin AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi ikki partiya tarafdorlari o’rtasidagi ziddiyatlar va siyosiy taranglik saylov infratuzilmasini va rasmiylarni nishonga aylantirishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

Xavfsizlik idoralariga ko’ra, natijadan norozilik va dezinformatsion kampaniyalar saylovdan keyin zo’ravonlik ehtimolini oshirishi mumkin.

Siyosiy jihatdan betaraf “Common Cause” tashkilotining bildirishicha, o’nlab tvitlar saylov haqida dezinformatsiya tarqatgan, “Twitter” kompaniyasi ularni to’xtatmagan.

“Bir necha soatdan so’ng “Twitter”dan javob oldik. Bu tvitlar mustaqil ravishda ko’rib chiqilgani, aksariyati qoidabuzarlik emasligi haqida”, - deydi “Common Cause” vakili Emma Stayner.

Qaysi platforma bo’lishidan qat’i nazar da’volar va dezinformatsiya tarqalishda davom etmoqda. “Halol saylov uchun hamkorlik” koalitsiyasiga ko’ra, Trampning Arizona va Michigandagi postlari tezda ispan, fransuz, portugal va xitoy tillariga tarjima qilinib, boshqa tarmoqlarga ko’chgan.

“Recorded Future” kiberxavfsizlik firmasi saylov arafasida dezinformatsiya to’lqini boshlanishini bashorat qilgan edi. Kompaniya asossiz ma’lumotlarning aksar qismini AQShning o’zidagi odamlar tarqatayotganiga e’tibor qaratadi.

“Ko’zga ko’ringan shaxslar va kompaniyalar da’volarga legitimlik ko’rinishini beradi, bu esa yolg’on ma’lumot yanada tezroq tarqalishiga, jamoatchilik vakillari ularni haqiqat deb qabul qilishiga olib keladi”, deya qayd etadi kompaniya ekspertlari.

“Saylovda g’irromlik bo’lgani haqidagi da’volar 8-noyabr va undan keyingi kunlarda, haftalarda kuchayishi, 2024-yilda bo’ladigan saylovgacha davom etishi ehtimoli bor”.

G’irromlik haqidagi iddaolarni ko’pchilik saylovchilar ham takrorlamoqda.

“Tizimdan xavotirim bor. Ular ovozlarni to’g’ri sanayapti deb kim ayta oladi?”, - deydi arizonalik Fred.

“Qanday qilib Tramp oldinda bo’lgan beshta asosiy shtatda ovozlarni sanash to’xtaganidan keyin birdaniga u orqada bo’lib qoldi? Bu masalani o’rganib chiqish kerak”, - deydi Jorjiya shtatida “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan Dvayt Vingo, 2020-yilgi saylovga ishora qilib.

“Jorjiyada 2006-yildan beri ovoz beraman, muammosiz. Ayniqsa qora tanlilar yashovchi rayonlarda ovoz berishni qiyinlashtirishyapti degan shov-shuvlar, qo’rqitishlar keng tarqalgan”, - deydi yana bir saylovchi.

Shu yoz o’tkazilgan “YouGov” so’roviga ko’ra, amerikaliklarning qariyb 32 foizi mamlakatda saylov tizimi ishonchli ekaniga shubha bilan qaraydi. Bu esa Rossiya, Xitoy va Eron kabi AQShga raqib davlatlar uchun imkoniyat.

“Bu davlatlar haqida bilganlarimizni hisobga olsak, ular bunday mavhumlikdan foydalanishini, har bir saylovda kuzatiladigan oddiy xatolarni bo’rttirib, fitna deb ko’rsatishga urinishini kutishimiz mumkin”, - deydi CISA vakili.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG