Breaking News

Harbiy raqobat: Xitoy AQShdan o'zib ketishi mumkinmi?


Xitoy va AQSh o'rtasida harbiy raqobat kuchaymoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:10 0:00

AQSh Havo kuchlari rahbariga ko’ra, raqobatda Rossiya va Xitoydan ortda qolmaslik uchun harbiy havo kuchlariga e’tiborni oshirish zarur. Global dunyo bo’ylab o’zgarayotgan tahdidlarga moslashish lozim, dedi general “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

AQSh Afg’oniston va Yaqin Sharqda ekstremist guruhlarga qarshi urush bilan band ekan, Rossiya va Xitoy harbiy qudratini oshirishga zo’r berdi.

Rossiya Ukrainada harbiy harakatlar bilan ovora bo’lgan bir paytda Pentagon Xitoyni milliy xavfsizlik uchun eng katta tahdid sifatida ko’rmoqda.

“Amerika Ovozi” bilan eksklyuziv suhbatda AQSh Havo kuchlari bosh shtabi rahbari general C.Q. Braunning aytishicha, agar tegishli o’zgarishlar amalga oshirilmasa, AQShning ustunligi uzoqqa bormasligi mumkin.

“Biz 30 yil oldingi narsalarni ishlatishda davom etayotgan bir paytimizda raqiblarimiz o’z imoniyatlarini yanada kuchaytirish ustida ishlashyapti. Hozir biz yuzlashayotgan tahdid kelajakda ham xuddi shunday bo’lmaydi. Shu bois biz o’zgarishimiz kerak”, - dedi u.

Xitoy armiyasidagi askarlar soni AQShnikidan ko’p va Pekin o’n yillardan beri harbiy texnikani rivojlantirish ustida ishlayapti. O’tgan bir necha yil ichida Xitoy yangi aviatashuvchi, qiruvchi samolyotlar va ulkan raketa arsenalini yaratdi.

Lekin Pekin 2022-yil harbiy xarajatlar uchun 250 milliard dollar sarflagan bo’lsa, AQShning mudofaa byudjeti bundan qariyb sakkiz baravar ko’p.

“Potensial raqiblarning imkoniyati kuchayganini tan olish adolatdan. Ammo bu vahima qilishga hech qanday sabab bo’lmasligi kerak. Biz hanuz nisbatan kuchlimiz, dunyodagi eng qudratli armiya bizda”, - deydi tadqiqotchi Melani Sisson.

Urush veterani va mudofaa bo’yicha tahlilchi Bredli Boumenning aytishicha, Xitoy harbiy sanoatidagi o’sish aynan AQShni Sharqiy Osiyoda mag’lub etishga qaratilgan. Ehtimoliy to’qnashuv Tayvan ustida yuz berishi mumkin.

Xitoy mintaqadagi Amerika harbiy bazalari va portlarini nishonga olish salohiyatiga ega, deydi ekspert.

“Xitoy biznikidek yaxshi va hatto ba’zan biznikidan yaxshiroq qurollarni yaratgan. Amerikaning Tinch okeani mintaqasidagi harbiy ustunligiga, shubhasiz, putur yetgan. Xitoy yugurayotganga, biz esa mudrayotganga o’xshaymiz”, - deydi Boumen.

AQSh kelasi oy o’zining eng so’nggi bombardimonchi samolyoti “B-21”ni taqdim etadi. U eski avlod “B-1” va “B-2” samolyotlari o’rnini egallaydi.

“Texnikani yangilash muhim, chunki bizda ta’mirlash tobora qiyinlashib borayotgan eski samolyotlar bor. Samolyotlar mavjudligi va tayyorgarligini oshirish uchun ularni zamonaviylashtirishimiz lozim”, - deydi general Braun.

AQSh rasmiylariga ko’ra, Xitoy 2027-yilgacha Tayvanni bosib olishga hozirlanmoqda. Pekin ayni paytda 2049-yilga borib har qanday urushni olib bora oladigan va yengadigan armiyaga ega bo’lishini ta’kidlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG