Breaking News

Mishel Obama pandemiya va demokratiya haqida kitob yozdi


Sobiq prezident Barak Obama va rafiqasi Mishel Obama, Chikago, 17-oktabr, 2022
Sobiq prezident Barak Obama va rafiqasi Mishel Obama, Chikago, 17-oktabr, 2022

AQShning sobiq birinchi xonimi Mishel Obama uchinchi kitobini yozib, uni mamlakat va dunyo bo'ylab targ'ib qilmoqda. “The Light We Carry” ("Biz taratgan nur") deb nomlangan asarida Obama koronavirus pandemiyasi davri, Amerikaning bugungi ruhiyati va shaxsiy kechinmalari haqida hikoya qiladi. Kitob shu hafta nashrdan chiqdi.

"Siz o'zingiz nazorat qila oladigan narsalarga e'tibor qaratishingiz kerak, har qanday sharoitda va hatto hech narsa qo'limda emas, deb o'ylayotgan lahzangizda ham", - deydi u, Vashingtonda kitobxonlar bilan uchrashar ekan.

Mishel Obamaning uchinchi kitobi shu kunlarda nashrdan chiqdi
Mishel Obamaning uchinchi kitobi shu kunlarda nashrdan chiqdi

Pandemiya fojialari va izolyatsiya, irqiy tengsizlikka qarshi namoyishlar, demokratiyaga tahdidlar ichida, deydi u, "to'qishni o'rgandim".

Obamaning yozishicha, mayda ish deb hisoblangan mashg'ulotlar aslida insonni teran fikrlashga yetaklaydi; miya dam olib, stress va g'azab bosiladi.

“Qo'lingizda bir nimalar yaratish meditatsiyadir va odam tubdan nimaga qodir ekanini anglaydi".

“E'tioq insonga ruhiy taskin berganidek, bu protsessda ham dunyo ishlarini unutib, xavotirlaringizni chetga surib, maroqli bir ish bilan mashg'ul bo'lasiz".

Mishel Obama Vashingtonda so'zlamoqda, 15-noyabr, 2022
Mishel Obama Vashingtonda so'zlamoqda, 15-noyabr, 2022

Obama fikricha, inson hech qachon naqadar qudratli ekanini unutmasligi kerak, har kim, har qanday jamiyatda, yoshi va jinsidan qat'i nazar.

“To'qish formulasini o'rganib, mashq qilar ekanman, mana shu barmoqlarim bilan bir svitrni bitirib qo'yibman".

Obama bu kabi jarayonni nur taratish deya ta'riflaydi, chunki sevimli ishi bilan mashg'ul odamning ko'ngli ochiladi, undan nafrat va tushkunlik ruhi emas, nur tarqaladi, atrof yorug'lashadi, mehr kuchayadi.

Kitobida sobiq birinchi xonim o'z xobbilari, pandemiyadagi murakkab kunlarni qanday o'tkazgani, oilasi va faoliyatidagi o'zgarishlarga birma-bir to'xtaladi.

“Insonning o'ziga nisbatan ishonchini saqlashi, uni parvarishlashi hayotimizning eng qiyin sinovlari... Har birimiz o'zimizni zaif his qilgan damlar juda ko'p... O'zimizni yo'qotish, his-tuyg'ularimizni yashirish, o'zimizni boshqa bir insondek tutish tabiiy bir holdek tuyuladi", - deydi Obama.

58 yoshli xonim bu kitobini qo'llanma deb bilmaydi, asar uning hayotdan olgan darslari tafsilotlaridan iborat ekanini aytadi.

Barak va Mishel Obama, Merilend shtati, 26-iyun, 2013
Barak va Mishel Obama, Merilend shtati, 26-iyun, 2013

Obamalarning ikki qizi bor - 24 yoshli Maliya va 21 yoshli Sasha. Maliya o'tgan yili Garvard universitetini bitirdi, hozirda yozuvchilik faoliyatini boshlagan. Sasha esa Janubiy Kaliforniya universitetida talaba.

“Hayotda ko'p xatolar qilib, qoqilib, qayta turishga urinib, behisob saboqlar oldim. O'z ustimda tinimsiz ishlash bilan bandman. Bilamanki, mustaqil inson bo'lish va jiddiy xatolar qilmaslik shuni talab qiladi. Bugunga kelib, qarshingizda shunday tura olishim - mana shu bosib o'tgan yo'lim mahsuli", - deydi Obama xonim, deydi u muxlislariga qarata.

Obama xonim - sobiq prezident Donald Trampning ashaddiy tanqidchisi. Trampning Oq uydagi davrini Obama "Amerikaning qora kunlari" deb hisoblaydi. Yurtdoshlarini u Trampga ergashmaslikka va ishonmaslikka undaydi.

Yangi kitobida u Amerika bo'ylab hukmron siyosiy kayfiyat, erkinlikka tahdidlar, irqchilik va ijtimoiy-iqtisodiy adolatsizlik, qonun ustuvorligi va demokratik qadriyatlar, jamiyatning hokimiyatdagilariga munosabatini ham tahlil qiladi.

Barak Obama Oq uy uchun kurashayotgan davr, Minnesota shtati, 3-iyun, 2008
Barak Obama Oq uy uchun kurashayotgan davr, Minnesota shtati, 3-iyun, 2008

Obama 2018-yilda mashhur memuarini yozgan. “Becoming” ("Shakllanish") hozirgacha 17 milliondan oshiq sonda sotilgan. Bu jihatdan u - AQSh sobiq birinchi xonimlarning eng ko'p tarqalgan va o'qilgan kitobi.

Oq uyda yashayotgan paytida Obama xonim sabzavot yetishtirish haqida “American Grown” ("Amerika hosili") nomli kitobini yozgan. 2009-yilda chop etilgan hikoyalar to'plami Oq uy tomorqasini ko'z-ko'z qiladi.

Obama xonim xalqaro hayotni muntazam kuzatib, inson siyosatdan uzoqlasha olmasligini e'tirof etadi.

"Farzandlar o'z hayotini yashar ekan, uyda er-xotin qolganmiz. Ovqat paytida muhokama qilishga mavzu hamisha yetarli", - deydi u.

AP axborotiga ham tayanildi

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG