Breaking News

Bayden ma’muriyati qabilalarga doir yangi tashabbuslar bilan chiqmoqda


Qabilalar yetakchilari sammitda Prezident Jo Bayden nutqini tinglamoqda. Vashington shahri, 30-noyabr, 2022.
Qabilalar yetakchilari sammitda Prezident Jo Bayden nutqini tinglamoqda. Vashington shahri, 30-noyabr, 2022.

AQSh Prezidenti Jo Bayden Oq uyda mamlakat qabilalari yetakchilari bilan boshlangan ikki kunlik sammitning birinchi kunida olqishlar bilan qarshi olindi. Prezident qabilalar va federal idoralar o’rtasida konsultativ munosabatlarni takomillashtirishga doir rahbariyatning yangi siyosatini e’lon qildi.

“Konsultatsiya ikki tomonlama, yuzma-yuz bo’lishi kerak. Federal idoralar qabilalar o’rtasida konsensusga erishish uchun harakat qilishi, atroflicha muloqot uchun yetarli vaqt ajratishi lozim”, - dedi Bayden.

Prezident Jo Bayden qabilalar yetakchilariga murojaat qilmoqda. Vashington shahri, 30-noyabr, 2022.
Prezident Jo Bayden qabilalar yetakchilariga murojaat qilmoqda. Vashington shahri, 30-noyabr, 2022.

Mamlakatning qizil tanli tub aholisi sanalgan qabilalar siyosiy qarorlarni qabul qilishda faol ishtirok etish uchun uzoq yillardan buyon kurashib keladi. AQSh konstitutsiyasi hamda 1778-1781-yillarda hukumat bilan imzolangan bitimlar asosida siyosat va qonunchilikda o’z o’rni va ovoziga erishishni istaydi.

Biroq Hukumat hisobdorligi idorasi 2019-yilda bir qator idoralarni qabilalar suvereniteti va ularning hukumat bilan munosabatlarini toptaganlikda aybladi. Shuningdek, qabilalarning tabiiy va madaniy resurslariga to’g’ridan-to’g’ri ta’sir ko’rsatadigan infrastrukturaviy loyihalar bo’yicha lozim konsultatsiyalar amalga oshirilmaganligini oshkor qildi.

Bayden hukumat idoralari konsultatsiyalar jarayonini ham o’z ichiga olgan anglashuv memorandumini imzolaganini e’lon qildi. Hujjatda idora rahbarlariga barcha qabilalarning xavotirlari, muammolari, tavsiyalari inobatga olingan, idora qarorlarida qabilalar qanday hissa qo’shgani aks etgan qaydnomalarni taqdim etish yuklatilgan.

Shu bilan birga, rasmiylar qachon va qay holda qabilalarning xohish-irodasi inobatga olinmagani yuzasidan izoh berishi talab etiladi.

Prezidentning ta’kidlashicha, qabilalar qarorlar qabul qilinishida o’zlarining ta’sir kuchi qanday ekanini aniq bilishi lozim. Anglashuv memorandumi esa barcha tegishli idoralarga qabilalar bilan konsultatsiya olib borish yuzasidan maxsus treninglardan o’tish majburiyatini yuklaydi.

AQShning Madaniy va tabiiy boyliklar bo’yicha vaziri Deb Haaland sammitda Vashingtonning federal miqyosda tan olingan jami 574 qabila bilan aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslariga izoh berdi. Qabilalarning suvereniteti va iqtisodiy rivojlanishini kuchaytirishga qaratilgan siyosatni tushuntirdi.

AQShning Madaniy va tabiiy boyliklar bo’yicha vaziri Deb Haaland
AQShning Madaniy va tabiiy boyliklar bo’yicha vaziri Deb Haaland

Vazir o’rmon yong’inlari, qurg’qochilik, yo’qolib borayotgan jonzotlar va ularning yashash makonlari, iqlim o’zgarishi muammolarini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarga to’xtaldi.

“Bu tahdidlarni yengishni istasak, birgalikda ishlashimiz kerak”, - dedi u.

Shu maqsadda, AQSh Tijorat vazirligi Madaniy va tabiiy boyliklar bo’yicha vazirlik hamda Qishloq xo’jaligi vazirligi o’rtasida imzolangan 3403 sonli farmonga qo’shiladi. 2021-yilning noyabrida imzolangan bu farmon federal idoralarga qabilalar bilan hamkorlikda millionlab gektar yer maydonlari, suv resurslari va yovvoyi tabiatni oqilona va odil boshqarish majburiyatini yuklaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG