Breaking News

Tolibon universitetlarni ham ayollar uchun yopdi


Kobul ko'chalarida norozilik namoyishlari, 26-mart, 2022
Kobul ko'chalarida norozilik namoyishlari, 26-mart, 2022

Afg'onistonda davlat universitetlari, shuningdek, xususiy oliy ta'lim maskanlari xotin-qizlar uchun yopildi.

Hukumat so'zlovchisi Hafiz Ziyo Hoshimiy deydiki, vazirlar mahkamasi shunday qarorga kelgan. Universitetlar ayollar uchun qachon ochiladi, noma'lum.

2021-yilning avgustida hokimiyatga kelgan Tolibon qizlarning ilm dargohlariga qatnashiga qarshi va ular uchun imkoniyatlarni cheklab kelmoqda.

AQSh bu qadamlarni qoralab, Tolibonni zulmda, insoniyat ravnaqiga zid harakatlarda ayblamoqda.

BMTda AQSh elchisi o'rinbosari Robert Vud deydiki, bunday ishlari bilan Tolibon boshqaruvi aslo tan olinmaydi.

“Afg'oniston fuqarolarining haq-huquqlari shu qadar poymol etilayaptiki, Kobuldagi rahbarlar o'z xalqining eng keskin zolimi ekani aniq", - deydi diplomat.

Amerika BMT Xavfsizlik kengashini chora ko'rishga undamoqda.

Inson huquqlari tashkilotlari, xususan "Human Rights Watch" ham toliblarni qoralashda davom etmoqda.

“Tolibon kun sayin bir narsani aniq bildirayapti: u afg'onlarning uzviy huquqlariga tupurgan, ayniqsa ayollarnikiga", - deyiladi tashkilot bayonotida.

Tolibon boshqaruvga kelganida buning aksini va'da qilgan edi. Bu safar toliblar adolat bilan siyosat yuritadi, deya bong urgan edi harakat liderlari.

Xotin-qizlar Afg'onistonda ilm ololmaydi, ishlay olmaydi, tashqariga bemalol chiqa olmaydi, butkul o'ranib yurishi kerak. Kasalxona yoki biror boshqa joyga ular erkak hamroh bilan borishi kerak.

Tolibon fuqarolarni, ayolmi yoki erkak omma oldida jismoniy jazolashni yo'lga qo'ygan. Qatllarni ham olomon tomosha qilayapti. Tolibonga ko'ra, bu ishlar islomiy amallardir.

G'arb nazarida Tolibon hamon o'ta radikal guruh va 1996-2000 yillarda Afg'onistonni qanchalik shafqatsizlik bilan tebratgan bo'lsa, endilikda ham shu tarzda boshqarmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG