Breaking News

Bayden ma’muriyati suddan chegaradagi cheklovlarni bekor qilishni so’ramoqda


Respublikachilar hukmron 19 shtat AQSh-Meksika chegarasidagi cheklovlarni uzaytirish lozim, deya Oliy sudga murojaat qilgan. Bayden ma’muriyati esa suddan bu murojaatni rad etishni so’ramoqda.

“Title 42” nomi ostida 2020-yilda, koronavirus keng tarqalayotgan paytda joriy etilgan bu cheklovlar AQShga boshpana izlab kelganlarni tezlashtirilgan tartibda mamlakatdan chiqarib yuborish, boshpana arizalarini qabul qilmaslikni nazarda tutadi.

Oq uy yaqinlashayotgan bayramlarni hisobga olgan holda va muhojirlar oqimiga tayyorgarlik ketayotganini qayd etib, bu tartibni 27-dekabrdan keyin bekor qilishni so’rayapti.

“Title-42”ning tugatilishi chegarani noqonuniy kesib o’tayotganlarning vaqtincha ko’payishiga olib kelishini tan olamiz. Hukumat bu muammo ahamiyatini kamaytirib ko’rsatishga urinayotgani yo’q. Ammo sog’liqni saqlash chora-tadbirlari muddatini cheksiz uzaytirish orqali immigratsion muammoni hal qilib bo’lmaydi”, deyiladi sudga topshirilgan hujjatlarda.

AQSh hukumati immigratsiya to’g’risidagi qonunning 8-moddasi asosida ish yuritishga tayyorligini bildirmoqda. Bu moddaga ko’ra, hujjatsiz chegaraga kelgan yoki kirishga uringanlarning ishi immigratsiya sudida hal qilinmasidan oldin chiqarib yuborilishi mumkin.

Boshpana so’ragan muhojirlar bilan esa chegara xizmati xodimlari avvalo suhbat o’tkazadi va deportatsiya to’g’risida qaror qabul qilinadi.

“Title 42” cheklovlari sobiq prezident Donald Tramp davrida, pandemiya boshlanayotganda joriy etilgan edi. AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markaziga ko’ra, hozirda sog’liqni saqlash nuqtai nazaridan bu choralar davom etishiga hojat yo’q. Bayden ma’muriyati 2020-yilgi tartibni bekor qilish istagini bildirmoqda.

Avvalroq federal sudya cheklovlarni bekor qilish sanasini 21-dekabr deb belgilagan edi. Biroq respublikachi shtatlar birgalikda so’nggi daqiqada sudga arz qilib, qarorga o’z e’tirozini bildirgan.

19 shtat prokurorlarining aytishicha, amaldagi tartib tugatilishi “tuzatib bo’lmas zarar keltiradi”, chunki yangi migrantlarga yordam berish uchun, huquq-tartibot, ta’lim va boshqa xizmatlarni ta’minlash uchun resurslar yetarli emas.

Oq uy chegarada qo’shimcha xodimlar, texnologiya va inshootlar uchun 3 milliard dollar so’ramoqda. Matbuot kotibi Karin Jan-Pyer deydiki, cheklovlar olib tashlanishi “chegaralar ochiq bo’lishini” anglatmaydi.

Texasning El-Paso shahri meri Oskar Liserning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, chegarada migrantlar soni ko’payishi kutilayotgani tufayli shaharda o’tgan haftadan buyon favqulodda holat hukmron.

“Tayyorgarlik ko’rayapmiz. El-Paso shahriga keladigan har bir odamga hurmat bilan munosabatda bo’lish uchun favqulodda choralar joriy etdik”, - deydi u.

Shahar rasmiylarining aytishicha, favqulodda holat doirasida so’ralgan mablag’ muhojirlar so’nggi manziliga yetib borishidan oldin ularni boshpana bilan ta’minlashga yordam beradi.

Kelasi bir necha kun ichida 20 ming odam El-Paso orqali AQShga kirishi kutlyapti, deydi mer Oskar Liser.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG