Breaking News

AQSh: Migrantlarni tanlashda gumanitar tashkilotlar ko’maklashmoqda


AQSh-Meksika chegarasi

Bayden ma’muriyati qaysi migrantlarni mamlakatda qoldirish borasida olti gumanitar tashkilotdan tavsiyalar olmoqda. Hozirda pandemiya bilan bog’liq cheklovlar davom etayotgani bois AQSh boshpana arizalarini qabul qilmayapti.

Meksikadagi qaysi migrantlar toifasi eng himoyasiz ekanini aniqlash mana shu tashkilotlarga topshirilgan.

AQShning janubiy chegarasiga katta sonda muhojirlar kelishda davom etar etar ekan, Donald Tramp davrida joriy etilgan va hozirgacha davom etayotgan migratsion cheklovlarni bekor qilishga undayotganlar ko’p.

Konsorsiumning bir necha a’zolari kriteriyalar haqida “Associated Press” axborot agentligi bilan gaplashdi. Ularning aytishicha, AQShga tavsiya asosida kuniga 250 kishi kiritilishi mumkin va bu sistema faqatgina 31-iyulgacha amal qiladi. Ungacha Bayden ma’muriyati cheklovlarni bekor qilishi kutilmoqda.

3-maydan buyon boshpana so’rayotgan taxminan 800 kishi AQShga kiritilgan. Gumanitar tashkilotlarning bildirishicha, ro’yxatga yozilmoqchi bo’lganlar haddan ziyod ko’p.

Anonim manbalarga ko’ra, hukumatga bu ishda yordam berayotganlar orasida Xalqaro qutqaruv qo’mitasi, Londonda asoslangan “Bolalarni asrang” tashkiloti va Meksikada joylashgan ikki tashkilot ham bor.

Texasning El-Paso shahrida boshlangan bu loyiha hozirda Arizonaning Nogales shahrida ham ishga tushmoqda. Amerika Fuqaro Erkinliklari Ittifoqi (AFEI) boshchiligida AQShga kuniga 35 oilani qabul qilayotgan alohida mexanizm ham bor. Uning tugash sanasi belgilanmagan.

Sobiq prezident Tramp 1944-yilda qabul qilingan qonundan foydalanib, 2020-yilning martida Meksika bilan chegarada boshpana berishni to’xtatgan edi. Ishtirokchi tashkilotlar yuqoridagi loyihalarni chegarani ochish tomon qo’yilayotgan ilk qadamlar deya tasvirlaydi.

AQShda vaksinatsiya darajasi oshib borar ekan, Prezident Jo Bayden uchun deportatsiyalarni davom ettirishni asoslash tobora qiyinlashmoqda. BMT Qochqinlar agentligi va Baydenning o’z partiyadoshlari chegaradagi cheklovlarni bekor qilishga undamoqda.

Gonduras va Nikaraguadan katta sonda migrantlar kelmoqda
Gonduras va Nikaraguadan katta sonda migrantlar kelmoqda

Tanqidchilar deydiki, atigi bir necha tashkilotga katta vakolatlar berilgani to’g’ri emas, ular qanday tanlangani ham ma'lum emas. Muhojirlarning eng zaif qatlami yoki eng munosiblari tanlanayotganiga kafolat yo’q.

Biroq bir xavotir shuki, agar ishtirokchi tashkilotlar e’lon qilinsa, ularning Meksikadagi idoralari boshpana izlayotganlar bilan to’lib ketishi, xodimlari jinoiy guruhlar hujumi va tahdidiga uchrashi mumkin.

Konsorsium AQSh BMTning Qochqinlar bo’yicha oliy komissariatidan Meksikada ishlayotgan, katta tajribaga ega tashkilotlar ro’yxatini so’raganidan keyin tuzilgan.

“Biz ular bilan anchadan buyon hamkorlik qilamiz va ishonamiz”, - deydi idora so’zlovchisi Sibilla Brodzinski.

Tanlangan gumanitar tashkilotlar faqatgina jarayonni tartibga solishda ko’maklashayotgani, himoyasiz migrantlarning hujjatlari esa har qayerdan kelishi mumkinligini qayd etadi.

Arizonaning Nogales shahrida Xalqaro qutqaruv qo’mitasi migrantlar bilan ijtimoiy tarmoqlar va smartfonlar orqali bog’lanmoqda. Har oy AQShga 600 kishining ro’yxatini uzatishni rejalayapmiz, deydi tashkilot vakili Raymundo Tamayo.

Unga ko’ra, Meksikada uzoq paytdan beri kutayotganlar, tibbiy yordamga muhtojlar va nogironlar, LGBT jamoasi a’zolari va ispan tilida so’zlashmaydigan muhojirlar alohida e’tiborda, biroq har bir ariza obdan ko’rib chiqiladi.

AFEI advokati Li Gelerntning qayd etishicha, gumanitar guruhlar “qiyin ahvolda, chunki ular odamlarning umidsizlik darajasini baholashlari kerak”. Lekin, deydi u, bu vaqtinchalik holat, hukumat boshpana berish tizimini uchinchi tarafga yuklay olmaydi.

Migratsiya bo’yicha ekspertlar boshpanaga kim munosib ekanini aniqlash jarayonini savolga tutmoqda. Migratsiya siyosati institutidan Jessika Bolter fikricha, Bayden ma’muriyati yanada ko’proq muhojirlar kelishini rag’batlantirmagan holda insonparvarlik nuqtai nazardan ish tutmoqda.

“Ammo kim, qanday kirishi mumkinligi to’g’risida aniq ma’lumot berilsa, qoidalar belgilansa, kamroq migrant yo’lga chiqadi. Hozirgidek “imkoniyat o’yiniga” hojat qolmaydi”, - deydi u.

Aprel oyida AQSh chegarasida oxirgi 20 yil ichida eng katta sonda migrantlar qayd etildi. Ko’pchiligi AQShdan chiqarib yuborilgan bo’lsa ham qayta kirishga harakat qilgan. Chegaraga kelayotgan qarovsiz bolalar ham ko’p. Rasmiylarning aytishicha, tizim sekin-asta o’zgarmoqda, lekin vaqt kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG