Breaking News

AQSh: Xitoydan kelayotganlar koronavirusga qarshi manfiy test natijasini ko'rsatishi kerak


AQSh federal sog'liqni saqlash rasmiylariga ko’ra, Xitoyda koronavirusga chalinganlar soni keskin oshishi munosabari bilan bu mamlakatdan AQShga kelayotgan barcha aviakompaniya yo'lovchilari 5-yanvardan boshlab “COVID-19”ga chalinmaganini tasdiqlovchi test natijasini ko’rsatishi lozim. Ikki yoshdan kichiklar bundan mustasno.

Avvalroq Hindiston, Italiya, Yaponiya va Tayvan ham xitoyliklarga nisbatan shunday talabni qo’ygan edi.

AQSh tomonidan kiritilgan cheklovlar Xitoyning asosiy hududi, Gonkong va Makaodan sayohat qiladigan odamlarga, shu jumladan, boshqa yo'nalishlarga transfer qilayotganlarga ham tegishli.

"Qo'shma Shtatlar amerikaliklarning sog'lig'ini himoya qilish va paydo bo'layotgan yangi “COVID-19” variantlaridan ehtiyot bo'lish uchun faol choralar ko'rmoqda", - dedi AQSh federal sog'liqni saqlash xodimi.

Unga ko’ra, Xitoy tomonidan virusning yangi shtammlari haqida yetarli ma’lumot berilmayapti.

“Bundan tashqari, yangi holatlarni tekshirish va ular haiqda xabar berish ham kamaydi. Ma’lumot kam bo’lgan bunday sharoitda sog'liqni saqlash xodimlari uchun Qo'shma Shtatlarga tarqaladigan yangi variantlarni aniqlash qiyin bo’ladi", - dedi o’z nomining oshkor qilinishini istamagan rasmiy.

Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining Milliy va global sog'liqni saqlash qonunlari bo'yicha hamkorlik markazi direktori Lourens Gostinning so'zlariga ko'ra, AQShning qarorini tushunish mumkin.

"Xitoy “COVID”ning zudlik bilan tarqalishini boshdan kechirmoqda; bu AQShning javobini to'liq asoslaydi. Xitoy shikoyat qilishi ham o’rinsiz, chunki uning hukumati qariyb uch yil davomida Xitoyga sayohat qilishni keskin cheklab qo’ygan edi”, - deydi ekspert.

Gostinning "Amerika Ovozi"ga yana aytishicha, AQShning Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazlari manfiy test talabini ikki yoshgacha bo’lgan bolalarga nisbatan ham tatbiq qilishi kerak edi.

Gostinning qo'shimcha qilishicha, shuningdek, 5-yanvargacha kutish o'rniga, test talabini darhol kuchga kiritish lozim.

"Biz o'tmishdagi tajribadan bilamizki, sanani oldindan belgilash tekshirilmagan tashrif buyuruvchilarning ko'payishiga olib kelishi mumkin, - dedi u. - AQSh pandemiyaning favqulodda bo'lmagan yangi bosqichiga kirdi, ehtiyot choralarini ko'rish to’g’ri qaror”.

Yel universitetining Jamoatchilik sog’ligi maktabi professori Si Chenga ko’ra, AQShning xatti-harakatlari o'rinli, ammo "chorani izchil amalga oshirish, ayniqsa, uchinchi mamlakatdan transfer qilayotgan sayohatchilar uchun, juda qiyin bo'ladi. Chunki ko'p mamlakatlar bunday choragi qo’shilgani yo’q”.

"Yana bir nuqta shundaki, biz bu ish orqali Osiyoga qarshi irqchilik va ksenofobiyaning kuchayishiga yo’l qo’ymasligimiz kerak” – deya qo’shimcha qildi u.

Ba’zilar Vashingtonning harakatida ko'proq siyosiy sabab ko’rmoqda.

"Men bu chora biror jiddiy samara berishiga ishonmayman, chunki AQShning o’zida ham “COVID” keng tarqalgan. Odamlar koronavirus yuqtirishi uchun Xitoyga borish shart emas. Xitoydan kelayotganlardan test talab qilgandan ko’ra, u yerga borib kelganlarda test o’tkazishni tavsiya qilish yaxshiroq bo‘lardi”, - deydi Jons Xopkins Sog‘liqni saqlash xavfsizligi markazi katta olimi Amesh Adalya.

Qo'shma Shtatlar koronavirusga qarshi kurashda Xitoyga vaksinalar orqali yordam berishni taklif qilgan.

“Pekin taklifni qadrlashini, ammo hozircha qoʻllab-quvvatlashga muhtoj emasligini bildirdi. Bizning taklifimiz hanuz kuchda", - dedi AQSh rasmiysi jurnalistlar bilan muloqotda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG