Breaking News

BMT oliy komissari O'zbekistonga: Inson huquqlari birlamchi bo'lsin


BMT oliy komissari Qoraqalpog'istonda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:38 0:00

BMT oliy komissari Qoraqalpog'istonda

13-15 mart kunlari O'zbekistonda bo'lgan BMT Inson huquqlari oliy komissari Volker Turk deydiki, u Toshkentda va Qoraqalpog'istonda rasmiylar va jamoatchilik bilan dangal va konstruktiv muloqotlar olib borgan.

Safari yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda Turk respublikadagi islohotlar ko'lami haqida gaplashgan.

"O'tgan olti yil mobaynida O'zbekiston salmoqli transformatsiyani boshdan kechiribdi, - deya xulosa qiladi oliy komissar. - Prezident oldinga qadam tashlashda inson huquqlari naqadar muhim ekanini tushunishini yuqori baholayman. Inson huquqlari uchun kurash davomiy va cheksiz ekanini unutmasligimiz kerak".

Islohotlar jadallashishi, huquq bilan bog'liq ahvol yaxshilanib, O'zbekiston har bir inson erkin va farovon yashay oladigan mamlakatga aylanishi lozim, deydi Turk.

Lavozimiga 2022-yilda tayinlangan avstriyalik huquqshunos O'zbekistonga bundan oldin mustaqillikning ilk yillarida kelgan ekan.

"Bugun boshqacha bir O'zbekistonni ko'rayapman. Farqni Toshkentdayoq sezasiz. Imkoniyatlarga to'la o'lka bu",- deydi oliy komissar.

Turk tahlilicha, O'zbekistonda yagingacha inson huquqlari chetga surib kelingan va oxirgi olti yilda bu sohada o'zgarishlar qilina boshlangan. Xalqaro tashkilotlarga a'zo sifatida respublika huquq borasida yuksak majburiyatlarni o'z zimmasiga olgan. Jumladan BMT Inson huquqlari kengashiga kirish shartlarini ado etishi kerak, ya'ni mamlakatda qonun ustuvorligiga erishish kerak.

Turk nazarida O'zbekiston to'g'ri yo'lda, ammo hali juda ko'p ishlar qilishi zarur. BMT rasmiysi huquq himoyasi va bu yo'nalishni to'g'ri o'qitishga ham ahamiyat qaratib, hukumatni dadil qadamlar tashlashga undagan.

Turk O'zbekistonda azaliy illatlardan qutulish oson kechmayotgani, buni hukumat ham tan olayotgani, huquq ta'minlanishi uchun zarur jarayonlar murakkabligini qayd etadi.

Volker Turk, Avsriyadan chiqqan yurist, 2022-yilning oktabridan beri BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari
Volker Turk, Avsriyadan chiqqan yurist, 2022-yilning oktabridan beri BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari

Oliy komissar hukumat taklifi bilan kelgan va mamlakatda ko'rgan-eshitganlariga asoslanib, rahbariyatga tavsiyalar taqdim etgan.

Siyosiy maydondan tortib jamiyat hayotigacha, deydi Turk, gender tengligi yo'lida harakat qilinishi kerak. Xususan oilaviy zo'ravonlik holatlarini jinoyat deb belgilashga, bir jinsdagi insonlar orasidagi aloqalarga jinoyat deb qaramaslikka, immunitet taqchilligi virusini yuqtirgani uchun odamlarni jazolash tartibiga chek qo'yishga chaqirgan.

"Qiynoq masalasiga kelganda, hibsxonalarda mahbuslarga noinsoniy munosabatga toqat qilinmasligi va qiynoqqa hech bir holatda yo'l qo'yilmasligi shart. Umid qilamiz va ishonamizki, O'zbekistonda bu borada progress bo'ladi", - deydi Turk.

Respublikadan BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi bilan bog'liq hujjatlarni ratifikatsiya qilish kutilmoqda.

"Islohotlar davom etib, inson huquqlari har bir yo'nalishda birlamchi o'rinda bo'lishi, ayniqsa huquq-tartibot va adliya tizimida o'z aksini topishi kerak", - deydi Turk.

Oliy komissar fuqaro jamiyati taraqqiy etishi uchun tavsiyalar berib, usiz inson huquqlari ravnaq topmaydi, deya eslatgan.

"Nohukumat tashkilotlar hech qanday to'siqlarsiz ishlay olishi zarur. Fiklar xilma-xilligi, plyuralizmga asoslangan muhit yaralishi jamiyatni oldinga yetaklaydi", - deydi BMT rasmiysi.

Erkin matbuot va erkin internet ahamiyati haqida ham ta'kidlar ekan, Volker Turk jurnalistlar bemalol ishlay olsin, so'z erkinligi hurmat qilinsin, deya undadi.

BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Volker Turk Nukusda huquq himoyachilari va faollar bilan, 14-mart, 2023
BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Volker Turk Nukusda huquq himoyachilari va faollar bilan, 14-mart, 2023

Qoraqalpog'istonda BMT delegatsiyasi mahallalarni kezib, fuqarolar bilan gaplashgan. Nukusdagi Savitskiy muzeyida Turk yuzlab yoshlar va mutaxassislar bilan yuzma-yuz va virtual shaklda ekologiya va inson huquqlari mavzularini muhokama qilgan.

Unga ko'ra, 2022-yilning iyul oyida Nukus va uning atrofida yuz bergan g'alayonlar ochiq va mustaqil tarzda tekshirilishi kerak. Insonlar qonini to'kkanlar javobgarlikka tutlishi lozim, deydi u.

Sudlar adolatli o'tishi zarur, shuningdek, tomonlar orasida ishonch shakllanishi uchun harakat qilinmog'i, saboqlar olinishi kerak, deya qo'shadi BMT oliy komissari.

BMT Inson huquqlari bo'yicha umumbashariy deklaratsiya qabul qilganiga 75 yil to'layotganini qayd etib, Turk O'zbekistonga bu hujjatga tayanib ish tutishni, siyosatni unga moslashni maslahat bermoqda. BMT doirasidagi barcha yirik maqsadlar va tashabbuslar, deydi u, umumbashariy deklaratsiyaga asoslanadi.

Turk deydiki, u bilan muzokaralarda O'zbekiston hukumati a'zolari buni e'tirof etib, zarur choralar ko'rishini aytgan.

BMT delegatsiyasi Nukusda Savitkiy kollektsiyasini tomosha qilgan. Bu muzey bilan quyida tanishishingiz mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG