Breaking News

Respublikachilar orasida Ukrainani qo'llab-quvvatlashdan norozilar ko'paymoqda


Kiyev, Ukraina
Kiyev, Ukraina

Respublikachilar partiyasi ichida Rossiyaga qarshi urushda AQSh Ukrainani qachongacha qo'llab-quvvatlashi bo’yicha kelishmovchilik kuchayib bormoqda.

Vashingtondagi yetakchi respublikachilar 2022-yil fevralda Rossiya Ukrainaga bostirib kirgandan beri Kiyevga oʻnlab milliard dollarlik moliyaviy va texnik yordam yoʻnaltirgan AQSh saʼy-harakatlarini hali ham keng qoʻllab-quvvatlayotgan boʻlsa-da, so’nggi paytlarda norozi ovozlar eshitila boshladi.

Florida gubernatori Ron DeSantis AQSh Ukrainani qo'llab-quvvatlashdan voz kechishi kerakligini taklif qilgan so'nggi nufuzli respublikachi bo'ldi. U o'z nomzodini rasman e'lon qilmagan bo'lsa-da, DeSantis 2024-yilda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo'lishi kutilmoqda.

Dushanba kuni “Fox News” telekanali boshlovchisi Taker Karlson urush haqidagi fikrini bilish uchun prezidentlikka potentsial da’vogar respublikachilarga yuborilgan savolga DeSantisning bergan javobi matnini e'lon qildi.

Florida gubernatori, prezidentlik uchun Respublikachilar partiyasidan o'z nomzodini ko'rsatishi kutilayotgan Ron DeSantis.
Florida gubernatori, prezidentlik uchun Respublikachilar partiyasidan o'z nomzodini ko'rsatishi kutilayotgan Ron DeSantis.

"AQSh chegaralarimizni himoya qilish, armiyamizdagi tayyorlik inqirozini hal qilish, energiya xavfsizligi va mustaqilligiga erishish, Xitoy Kommunistik partiyasining iqtisodiy, madaniy va harbiy qudratini jilovlash kabi ko'plab muhim milliy manfaatlarga ega bo'lsa-da, Ukraina va Rossiya o'rtasidagi hududiy nizoga o’ralashib qolish ulardan biri emas", - deb yozadi DeSantis.

Gubernator AQShning Ukrainaga bergan va’dalarini boshqa jiddiy muammolardan chalg'ish deb ta'rifladi, Bayden ma'muriyatini Kiyevga "cheklanmagan mablag’" taklif qilgani uchun tanqid qildi hamda Rossiyaga nisbatan "rejimni o'zgartirish" siyosatini qoraladi.

DeSantisning bu munosabati Ukraina hukumatidan javob olish uchun yetarlicha e'tiborga sazovor bo'ldi. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oleg Nikolenko “Twitter”da gubernatorni belgilab, shunday deb yozdi:

“Biz jangovar hududga joylashtirilgan sobiq harbiy ofitser sifatida gubernator @RonDeSantisFL “nizo” va urush o‘rtasidagi farqni bilishiga aminmiz. Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinini va AQSh manfaatlariga tahdid solayotganini chuqurroq tushunish uchun biz uni Ukrainaga taklif qilamiz”.

Trampning pozitsiyasi

Kelgusi yil Respublikachilar partiyasidan yana nomzodlikni qo’lga kiritish uchun kurash e’lon qilgan sobiq prezident Donald Tramp avvalroq AQShning Ukrainadagi aralashuviga o‘ta shubha bilan qarashini aytgan edi. U Karlson so’roviga bergan javobida AQShning urushni moliyalashtirish mavzusiga o’z qarashini yanada aniqroq bayon qildi.

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp
AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada Rossiyaga qarshilik ko‘rsatish AQSh uchun muhim strategik manfaat emas. Tramp Yevropa davlatlaridan Ukrainaga ko‘proq moliyaviy yordam ko‘rsatishni va Vashington taqdim etgan mablag‘larning bir qismini AQShga qaytarishni talab qilgan bo‘lsa-da, Ukrainaga yordam berish davom etishiga ishora qildi.

"Ukrainaga ayting, Rossiya urushni davom ettirishni to’xtatmasa, bizdan sizga yana pul keladi", - dedi sobiq prezident.

Tramp mojaroga barham berish boʻyicha zudlik bilan muzokaralar oʻtkazishga chaqirdi va shu bilan birga, agar u prezidentlik lavozimida boʻlganida urush hech qachon yuz bergan bo’lar edi, deya qayd etdi. U tinchlik o’rnatishga vositachilik qilishi mumkinligini ham taʼkidladi.

"Agar men prezident bo'lsam, bu dahshatli urush 24 soat yoki undan ham kamroq vaqt ichida tugaydi", - deb yozdi Tramp.

Boshqa nomzodlar fikri

Prezidentlik uchun o’z nomzodini e’lon qilgan yoki ehtimoliy nomzod bo’lgan boshqa respublikachilar Ukrainani qo'llab-quvvatlashni davom ettirish tarafdori bo’lgan.

Trampning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi elchisi bo‘lib ishlagan Janubiy Karolina sobiq gubernatori Nikki Xeyli o‘tgan hafta Ayova shtatidagi chiqishi chog‘ida Ukraina o’zini himoya qilishi uchun zarur bo‘lgan qurollar bilan ta’minlash “muhim” ekanligini aytdi.

AQShga kelib joylashayotgan ukrainalik qochqinlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:04 0:00

"Agar biz bu urushda g'alaba qozonsak, bu Xitoyga xabar bo’ladi. U Eronga mujda yuboradi. Koreyaga xabar boradi. Bu Rossiyaga mujda bo’ladi", - dedi o'tgan oy prezidentlik uchun o'z nomzodini e'lon qilgan Xeyli. - Agar biz bu urushda magʻlub boʻlsak, diktatorlarning soʻzlarini qabul qilishimiz kerak. Ular keyingi navbat Polsha va Boltiqbo'yiga deyishdi, bu esa jahon urushi degani”.

Prezidentlikka da’vogar bo‘lishi kutilayotgan sobiq vitse-prezident Mayk Pens Ukrainaga yordamni davom ettirishni sobiq prezident, respublikachi Ronald Reygan qo‘llab-quvvatlagan siyosat sifatida tavsifladi.

"Bu Amerikaning urushi emas. Ammo agar Putin toʻxtatilmasa va suveren Ukraina davlati tezda tiklanmasa, u NATOdagi ittifoqchilarimiz tomon yurishda davom etadi va Amerika oʻzinikilarni yuborishga majbur bo’ladi", - dedi u.

Vashingtondan yangragan tanqidlar

DeSantisning Ukraina haqidagi mulohazalari Kongressdagi respublikachilar tomonidan bahs va ba'zi ochiq tanbehlarga sabab bo'ldi.

Seshanba kuni “Politico” nashriga bergan intervyusida senator Jon Kornin DeSantisning munosabatiga shunday izoh berdi:

Floridalik senator Marko Rubio
Floridalik senator Marko Rubio

"Bu meni bezovta qilmoqda. Menimcha, u aqlli yigit. Men bu haqda ko'proq ma'lumot olishni xohlayman. Lekin umid qilamanki, u asosiy bosqichda raqobatbardosh bo'lish uchun Taker Karlson chizig'ini olishi shart emasligini his qiladi. O‘z xavfsizligimiz uchun ukrainaliklarni qo‘llab-quvvatlashda davom etish biz uchun muhim”.

“Rossiyaning Ukrainaga beg‘araz va vahshiylarcha bostirib kirishi Qo‘shma Shtatlar uchun ustuvor vazifa emas, deb hisoblaydiganlar uchun aytadiganim - sizga ko‘p narsa yetishmayapti”, - deb yozdi “Tvitter”da senator Lindsi Grem.

Grem Ukrainani qo'llab-quvvatlashni kamaytirishga chaqiruvchilarni 1930-yillarda Adolf Gitlerning kuchayishiga ko’z yumgan Yevropa davlatlariga o’xshatdi.

"Oxirgi marta Yevropada boshqalarning yeriga da'vo qilib, uni qurol kuchi bilan egallab olish harakat Adolf Gitlerning Uchinchi Reyxni qurishga bo’lgan urinishi davrida yuz bergan edi. Gitlerning niyatlarini noto'g'ri hisoblaganlar kengroq urushga yo'l ochib berishdi va uni erta to'xtatish uchun ko'p imkoniyatlarni qo'ldan ciqardi", - deb yozdi u.

DeSantisning Florida shtatidan saylangan senator Marko Rubio gubernatorning fikrini tashqi siyosatdagi tajribasizlik natijasi bo'lishi mumkin, deb izohladi.

Rubio konservativ tok-shou boshlovchisi Xyu Xyuittga bergan intervyusida, "Men u nima qilmoqchi ekanligini yoki maqsadi nima ekanligini bilmayman. Ochig'i, u gubernator sifatida har kuni tashqi siyosat bilan shug'ullanmaydi", dedi.

“Buni vaqt ko’rsatadi”

Brukings Institutining tashqi siyosat bo'yicha katta ilmiy xodimi va direktori Maykl OXanlon "Amerika Ovozi" bilan elektron pochta orqali muloqotida DeSantisning Ukraina haqidagi munosabati ko'pchilik saylangan respublikachilarning qarashini ifodalashiga ishonmasligini aytdi.

"Men respublikachilar haqiqatan ham urushni qo'llab-quvvatlashni to'xtatishiga shubha bilan qarayman, - dedi OXanlon. - DeSantisning izohi asosiy qarashni ko'rsatmaydi va u hatto Kongressda ham emas. Hammasini vaqt ko'rsatadi".

DeSantisning Ukrainadagi urush bo'yicha pozitsiyasi Kapitoliy tepaligidagi respublikachilar qarashini ifodalamasa-da, urush davom etib, u bilan bog’liq AQSh xarajatlari oshib borar ekan, respublikachi saylovchilar orasida ham bu mavzuni o’rtaga tashlayotganlar ko’paymoqda.

"Respublikachilar Bayden ma'muriyatining Ukrainani qo'llab-quvvatlash dasturidan ko'proq xavotir olmoqda, - dedi Pyu tadqiqot markazining siyosiy tadqiqotlar bo’yicha direktori Kerroll Doerti "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

"Respublikachilar, asosan, bu borada ikkiga bo'lingan", deydi u.

Jamoatchilik fikridagi o’zgarish

Pyu markazi 2022-yil mart oyida, Rossiyaning keng miqyosli urushi boshlanganidan bir oy o‘tib so‘rov o‘tkazdi. Unda qatnashgan amerikaliklarning 74 foizi Bayden maʼmuriyati Ukrainaga kerakli miqdorda yordam berayotganini yoki koʻproq yordam berishi kerakligini aytdi. Jumladan, respublikachilar va respublikachilarga moyil respondentlarning 72 foizi, demokratlarning esa 77 foizi shu fikrda bo’lgan. Ishtirokchilarning atigi 7 foizi Qo'shma Shtatlar "juda ko'p" ish qilyapti, deb hisoblagan. Bunday firkdagilar respublikachilarning 9 foizini va demokratlarning 5 foizini tashkil qilgan.

Ukraina urushida Markaziy Osiyo taqdiri ham hal bo'lyaptimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:48 0:00
Yuklab oling

Shundan beri AQSh Ukrainaga keragidan ortiq yordam berdi, deb hisoblovchi amerikaliklar ulushi doimiy ravishda o'sib bordi. Shu yil yanvar oyida o’tkazilgan oxirgi so’rovda ular soni 26 foizni tashkil etdi. Biroq o'sish respublikachilar va respublikachilarga moyil bo'lgan mustaqil saylovchilar orasida ancha tez. Ular ulushi 40 foizga yetgan. Demokratlar va demokratlarga moyil bo'lganlar orasida esa 15 foiz.

Rossiya-Ukraina urushini AQSh uchun tahdid deb biladigan respublikachilar ulushi ham keskin oʻzgarib, 2022-yil martidagi 51 foizdan 2023-yil yanvarida 29 foizga tushgan.

Doertining aytishicha, respublikachilar va demokratlarning urushga munosabatida kuzatilayotgan keskin tafovut so'nggi yillardagi ko'plab siyosiy so'rovlarning umumiy xususiyatidir.

"Biror muammo asosiy markazga chiqsa yoki mohiyatan siyosiy masalaga aylangansa, bunday tafovutni ko’p masalalarda ko’rasiz. Munosabatlar partiyaga mansublik asosida tufayli tobora qutblashib boradi", - dedi tadqiqotchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG