Breaking News

Qirg'iziston: Urushning salbiy ta'sirini sezayapmiz


Urushning bir yilligi: Qirg’izistondan munosabat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:48 0:00

2022-yilning fevralida Rossiya prezidenti Ukrainaga qarshi harbiy operatsiyalarni boshlagani haqida eʼlon qilgan edi. Moskva maxsus harbiy operatsiya deb atagan, ammo dunyo hamjamiyati urush deb qabul qilgan qonli janglar mana bir yildirki davom etmoqda.

2022-yilning aprelida Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov Rossiya-Ukraina urushida Qirgʻiziston betaraflikni saqlab qolishini eʼlon qildi. Rasmiy Bishkek hanuz ushbu pozitsiyada.

Ammo qirgʻizistonliklar orasida bu urushga qarshi boʻlganlar bilan birga Putin siyosatini qoʻllovchilar ham bor.

“Mitinglar oʻtdi. Urush boshlangandayoq. Bir tomondagi namoyishchilar urushga qarshi chiqdi, boshqa taraf urushni, Rossiyani qoʻllab, ikki qarama-qarshi mitinglar oʻtdi. Keyin shunday ikkiga boʻlinib, hatto bir oila ichida ham ikki tomonga boʻlinib, janjal chiqqan holatlarni bilaman”, - deydi jurnalist Semetey Amanbekov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Uning qoʻshimcha qilishicha, Rossiya-Ukraina urushi butun dunyoga, jumladan Qirgʻizistonga ham oʻz taʼsirini koʻrsatdi.

“Xususan Qirgʻiziston iqtisodi bu urushdan katta zarar koʻrdi, - deydi u. - Butun dunyoda iqtisodiy inqiroz, inflyatsiya yuz berdi. Barcha narsa, asosan oziq-ovqat qimmatladi. Urush sababli”.

Siyosatshunos Emil Jurayev esa urushning Qirgʻiziston iqtisodiga salbiy taʼsiri yana ham ortishi mumkin deb hisoblaydi.

“2022-yili Yevrosiyo ittifoqi ichida savdosi koʻpaygani sezildi. Qirgʻiziston Rossiyaga bir qancha barobar koʻp mahsulotlarni eksport qila oldi. Qishloq xoʻjaligi, yengil sanoat mahsulotlarini eksport qildi. Ammo bu ham uzoqqa choʻzilmasligi mumkin, chunki Rossiyaning ichki iqtisodi sanksiyalar oqibatida bundan keyin kuchsizlanishi kutilmoqda. Agar oʻsha biz eng yaqin aloqada boʻlgan yirik iqtisodiyot tanazzulga yuz tutsa, bu albatta bizga salbiy taʼsir koʻrsatadi”, - deydi u.

Rossiya-Ukraina urushi Markaziy Osiyo davlatlariga iqtisodiy taʼsir etibgina qolmay, balki undan ham kattaroq yoʻqotishlarga sabab boʻlmoqda, deydi siyosatshunos.

“Bunga qadar bir necha vatandoshlarimizning Ukraina urushida oʻlib kelganini xabarlardan eshitdik. Biz oʻsha oʻqqa uchib, jasadi kelganlarnigina bilyapmiz. Biz bilmagan, hozir urush maydonida Rossiya tarafini olib yuribdi… Ukraina tomonida ham ancha-muncha bor ekan, ozroq boʻlsa kerak. Asosan millionga yaqin vatandoshimiz Rossiyada yuradi. Qanchasi rus pasportini olgan. Shu sabab urushdan bosh torta olmaydigan holatda boʻlishmoqda. Agar yuzlab, minglab vatandoshlarimiz oʻsha urushga qatnashayotgan boʻlsa, nima qilamiz. Bu masala ochiqligicha qolmoqda”.

Qirgʻizistondagi bir qator ommaviy axborot vositalari shu vaqtga qadar toʻrt nafar qirgʻizistonlikning jasadi Ukrainadagi urush maydonidan olib kelinganini xabar qilgan. Maʼlumotlarga koʻra, ular Rossiyadagi qamoqxonalardan urushga joʻnatilgani aniqlangan.

Qirgʻiziston Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotiga koʻra, Rossiya qamoqxonalarida 1 077 nafar qirgʻizistonlik jazo oʻtamoqda. Ularning qanchasi urushga jalb qilingani nomaʼlum.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG