Breaking News

AQSh elchisi: Rossiyani quvvatlash kaltabinlikdir


AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild Nyu-Yorkda "Amerika Ovozi" bilan muloqotda, 3-aprel, 2023
AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild Nyu-Yorkda "Amerika Ovozi" bilan muloqotda, 3-aprel, 2023

Bu oy BMT Xavfsizlik kengashida Rossiya raislik qilmoqda. Amerika u bilan qator masalalar yuzasidan ishlaydi, lekin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuv rejalanmagan. Lavrov aprel oxirida Nyu-Yorkka keladi.

AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild deydiki, BMT doirasida qator davlatlar Rossiyaning Ukrainadagi urushini yoqlayotgani va yana qator davlatlar uni qoralashdan bosh tortayotgani xavotirlidir.

"Ular tarixning egri tomonida, chunki jahon ahli Ukrainani quvvatlamoqda. Ular bilishlari kerak, xalqlari Ukraina xalqini olqishlab turganida, hukumatlar qarshi qadam tashlamoqda. Bunday siyosat kaltabinlikdir", - deydi elchi.

Tomas-Grinfild qayd etishicha, uning hukumati demokratiyaga intilgan davlatlarga yordamni ayamaydi.

Rossiyadan qo'rquv kuchli ekanini Vashington tushunadi. Aslida Ukraina tomonida bo'lsa-da, buni ochiq ayta olmaydigan davlatlar talay ekanini ham Amerika rasmiylari e'tirof etadi.

Aprel oyida Xavfsizlik kengashini Rossiya boshqarar ekan, bu davlat bosh diplomati Lavrov BMTda uchrashuvlar o'tkazish arafasida.

AQSh elchisining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, uning hukumati Lavrov bilan muloqotga harakat qilmayapti.

"Rossiya aslida Xavfsizlik kengashida bo'lmasligi kerak, ammo u doimiy a'zo va buni o'zgartira olmaymiz", - deydi Tomas-Grinfild.

"Rossiya raisligi uchun ishimiz to'xtab qolmaydi, albatta, va Ukrainadan boshqa masalalar ham bor".

AQSh elchisining tushuntirishicha, Rossiyadan bu oy dezinformatsiya va axborot olamidagi cheklovlarga qarshi kurash bilan shug'ullanish kutilmoqda.

Vashington ayni damda diqqatini Rossiyada hibsga olingan amerikaliklarni qutqarishga qaratgan.

"Nohaq va asossiz qamoqqa olingan fuqarolarimizni chiqarish uchun barcha choralarni ishga solamiz", - deydi Tomas-Grinfild.

"The Wall Street Journal" muxbiri Evan Gershkovich va boshqalar taqdiri Davlat kotibi Entoni Blinken va Lavrov orasida muhokama qilingan. Bayden ma'muriyati ularni ozod etishni talab qilmoqda. Moskva bu borada o'z shartlari borligini bildirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG