Breaking News

Elchi: Rossiyada amerikalik jurnalistlarni kamaytirish kerak


AQShning ta'kidlashicha, “The Wall Street Journal” gazetasi muxbiri Evan Gershkovich Rossiyada nohaq hibsga olingan
AQShning ta'kidlashicha, “The Wall Street Journal” gazetasi muxbiri Evan Gershkovich Rossiyada nohaq hibsga olingan

Moskva Rossiyada ishlayotgan amerikalik jurnalistlar sonini kamaytirish haqida o’ylab ko’rishi kerak. Bu haqda Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Anatoliy Antonov “Birinchi kanal” bilan suhbatda bayon qildi.

Uning aytishicha, “The Wall Street Journal” gazetasi muxbiri Evan Gershkovich Rossiyada josuslikda ayblanib hibsga olinganidan keyin Vashington javob choralarini ko'rishi haqida tahdid qilgan.

Muxbir 29-mart kuni Yekaterinburgga safari chog’ida ushlanib, 7-aprel kuni josuslikda ayblangan edi. U Moskvadagi qamoqxonada saqlanmoqda. Gershkovichning advokati va gazeta tahririyatiga ko’ra, Rossiya hech qanday dalil taqdim etmagan.

Gershkovich – sovuq urushdan keyin Rossiyada josuslik aybi bilan hibsga olingan birinchi amerikalik jurnalist.

Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Anatoliy Antonov
Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Anatoliy Antonov

“Ehtimol biz ham Moskvada va umuman Rossiyada ishlaydigan amerikalik jurnalistlar sonini Vashington va Nyu-Yorkda ishlaydigan rossiyalik muxbirlar soniga tenglashtirishimiz vaqti kelgandir”, - deydi Antonov.

Har bir mamlakatda ishlayotgan amerikalik va rossiyalik jurnalistlarning soni noma’lum, biroq Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri har ikki tomonning OAV o’z xodimlarini chaqirib olgani ma’lum.

“Reyter” axborot agentliginining o’tgan yozda bergan xabariga ko’ra, Moskva AQSh media tashkilotlarini rossiyalik jurnalistlarga AQShda munosabat yaxshilanmasa, ular akkreditatsiyadan mahrum bo’lishi haqida ogohlantirgan.

Nohaq hibsga olingan

Gershkovichning hibsga olinishiga javoban AQSh Rossiya davlat mediasi jurnalistlarini AQShdan chiqarib yuboradimi, degan savolga Prezident Jo Bayden “hozircha bunday rejamiz yo’q”, deya javob berdi.

Elchi Anatoliy Antonov AQSh Davlat kotibi muovini Viktoriya Nuland bilan “achchiq suhbat” qilganini aytmoqda. Nulandga ko’ra, Rossiya Gershkovichni noqonuniy hibsga olgan.

Tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Sergey Ryabkovning aytishicha, Rossiya sud hukmidan so’ng amerikalik muxbirni ayirboshlash haqida o’ylab ko’radi.

“The Wall Street Journal” gazetasi muxbiri Evan Gershkovich
“The Wall Street Journal” gazetasi muxbiri Evan Gershkovich

Vashingtondagi Milliy press-klub Gershkovichning bir kishilik kamerada saqlanishini qiynoq deya baholamoqda.

Gershkovichni 2023-yilning eng nufuzli insonlari ro’yxatiga kiritgan “Time” jurnali bayonotiga ko’ra:

“Rossiyada Gershkovich kabi jurnalistlar qancha kam bo’lsa, Putin yolg’onlar bilan hukmronlik qilish uchun shunchalik erkin bo’ladi”.

“The Wall Street Journal” nashri Gershkovichning oilasi bilan suhbatlashgan.

“Amerika [mediasi] ba’zan Rossiyani shunday tasvirlaydiki, u yerni dahshatli, sovuq joy deb o’ylaysiz. Akam Rossiyaning boshqa tomonlari, uning nyuanslari, go’zalligini ko’rsatishga harakat qilardi”, - deydi muxbirning singlisi.

Rossiya davlat OAV Kreml chizig'idan yurib, Gershkovichni ayg’oqchi deya tasvirlamoqda. Tahlilchilar fikricha, bu yolg’on ayblovni kuchaytirish, shuningdek, Rossiyada qolgan bir necha xorijiy jurnalistning mahalliy manbalar bilan gaplashishini qiyinlashtirishga urinishdir.

“Har bir xorijiy jurnalistni ayg’oqchi deb ko’rayotgan Rossiya Stalinizm davriga to’liq qaytdi. Oddiy odamlar chet ellik muxbirlar bilan gaplashishdan qo’rqadigan bo’lib qolishadi”, - deydi Gulnoza Said, Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasining Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi koordinatori.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG