Breaking News

Oq uy, Kongress byudjet yuzasidan murosadan yiroq


Prezident Jo Bayden Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti bilan, Vashington
Prezident Jo Bayden Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti bilan, Vashington

AQSh Kongressi 1-iyungacha davlat qarzi limitini ko'tarmasa, mamlakat moliyaviy jihatdan izdan chiqishi mumkin.

22-may kuni Prezident Jo Bayden va Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti Oq uyda uchrashib, masalani muhokama qildi.

Oq uy va qonunchilar murosadan yiroq, ya'ni Kongressdagi aksariyat o'ringa ega respublikachilar ko'proq qarz olish uchun ruxsat bermoqchi emas.

“Bundan Amerika xalqi, qolaversa dunyo mislsiz zarar ko'radi",- deya ogohlantirmoqda Bayden.

Yaqin kunlar ichida prezident bilan uch marta ko'rishgan Makkarti deydiki, muloqot yaxshi ketayapti, biroq kelishuvga hali erishilmagan.

Amerika davlati tarixida qarz limiti 78 bor ko'tarilgan, oxirgi marta 2021-yilda. Oq uy va Kongress qanchalik olishmasin, deydi ekspertlar, baribir aksariyat talablarini qondira olmaydi. Milliy manfaatlar ustun keladi va murosadan boshqa yo'l yo'q, deydi masala bilan tanish mutaxassislar.

Respublikachilar Bayden ma'muriyatidan hukumat xarajatlarini kamaytirishni talab qilmoqda. Oq uy esa soliqlarni oshirgan holda byudjetdagi bo'shliqlarni to'ldirishni istaydi.

Respublikachilar ijtimoiy yordam so'raydigan toifalarni qayta ko'rib chiqish va bunday himoyani kamaytirish payida, demokratlar esa bunga qat'iyan qarshi.

Respublikachilar soliq yig'adigan agentlikning kichrayishini xohlaydi. Shuningdek, ular immigratsiya oqimiga to'siqlar qo'yishga intilmoqda.

Bayden Kongress a'zolariga murojaat qilib, Amerikaning hozirgi talablarini qondirish uchun qarz olish miqdorini oshirmay iloj yo'q, deyapti.

"Har ikki partiya buni birdek anglashi va bir yoqadan bosh chiqarishi zarur", - deydi prezident.

Hozirda Amerikaning qarz olish limiti 31,4 trillion dollar atrofida. Buning evaziga davlat hukumat xodimlariga maosh to'laydi, pudratchilarga haqqini beradi, foizlarni qoplaydi, pensiyalarni va sog'liqni saqlash uchun sarflaydi va hakazo.

Bayden nazarida respublikachilarning "yoq" deb turib olishga haqqi yo'q.

“Kongress qoq ikkiga bo'lingan. Lekin har bir qonunchi uni saylaganlarga bunday keskin pozitsiya uchun javob berishi kerak. Murosadan hammamiz manfaatdormiz”,- deydi prezident.

Moliya vaziri Janet Yellen taxminicha 15-iyunga borib vaziyat o'nglanishi mumkin, ya'zi moliyaviy jarlikdan uzoqlashish ehtimoli bor, biroq ungacha tizim chidab berishi kerak.

“Soliq tushumi va xarajatlar har doim ham mutanosib emas", - deydi Yellen.

Amerikada davlat daromadining asosiy manbai - soliqlar. Defolt ularning tushumi va xarajat muhlatlarining to'g'ri kelmay qolganida hamda sarfiyat miqdori daromaddan haddan tashqari oshib ketganida vujudga keladi.

Davlat aynan qaysi xarajatlarini qoplay olmay qolishi hozircha aniq emas.

"Nimaga to'lab-to'lamasligimizdan qat'i nazar, faqat zarar ko'ramiz", - deydi Yellen.

Vashingtondagi Amerika universiteti professori Jeffri Harris inflyatsiya yuqori ekanini nazarda turib, qarz limiti ko'tarilmagan taqdirda mamlakatda tirikchilik yanayam qiyinlashadi, deydi.

“Xaridorning ishonchi shundoq ham eng past darajada. Foizlar oshishi iqtisodiyotimizni yanayam og'irlashtiradi",- deydi Harris.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG