Breaking News

Hisobot: Rossiya imperiyasi qulamoqdami?


Hisobot: Sobiq sovet hududlarida Kreml nufuzi kamaymoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:05 0:00

“Gallup” tashkiloti o’tkazgan so‘nggi so‘rovga ko‘ra, Rossiya 2022-yil Ukrainaga bostirib kirishi ortidan dunyo bo’ylab, jumladan, Kreml ta’sir doirasining bir qismi deb hisoblangan postsovet hududida obro’sini sezilarli darajada boy bergan. Bu Armaniston, Qozog'iston va Moldova kabi an’anaviy ittifoqchilarga ham taalluqli.

“Hammasi bo'lmasa ham, bu mamlakatlarning aksariyatida ma'qullash keskin tushib ketdi. Qirg'iziston va O'zbekiston bundan mustasno, lekin bu mamlakatlarda ham tarafdorlar kamaydi. Aksincha, norozilik sezilarli darajada oshdi. Biz ushbu ko'rsatkichlarning ikkalasidan ham foydalanamiz, chunki odamlarning katta foizi Rossiya rahbariyati haqida hech qanday fikrga ega emasligini aytishi mumkin. Hech qanday fikrga ega bo'lmaganlar soni sezilarli darajada kamaygan. Bu butun dunyoda kuzatilmoqda”, - deydi “Gallup” tadqiqotchisi Zak Ritter.

So'rov natijalariga ko'ra, eng sezilarli o'zgarishlar so'nggi o'n yil ichida Rossiyaga umuman shubha bilan qaragan mamlakatlarda - Boltiqbo'yi davlatlari, shuningdek, 2008-yilda Rossiya tajovuziga duch kelgan Gruziya va Ukrainada sodir bo'lgan. 2022-yilda bu mamlakatlarda, “Gallup” ma’lumotiga ko‘ra, Kreml harakatlarini ma’qullagan va norozi bo‘lganlar foizi o‘rtasida farq kuchaygan. Bundan tashqari, Kremlning harakatlarini ma'qullamaydiganlar sonining eng katta o'sishi Litvada kuzatildi: 2021-yildagi 44 foizdan 2022-yilda 91 foizgacha. Rossiya rahbariyatiga tarixan xayrixoh bo'lgan to'rtta davlatda - Armaniston, Moldova, Qozog'iston va Ozarbayjonda norozilik darajasi hozir yarmidan ko'p. Masalan, Armanistonda bu ko‘rsatkich 38 foizdan 58 foizga oshgan.

“Armanlar Ozarbayjonga qarshi harbiy mojaroda, KXShT doirasidagi harbiy kelishuvga qaramay, ularga yordam bermagani uchun Rossiyadan juda xafa. Shuning uchun Armaniston yordamni boshqa joydan so'rashga majbur bo'ldi. Armaniston hatto KXShTdan chiqishi ham mumkinligi haqida gap bordi. Hozir esa Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi muzokaralarda aynan AQSh va Yevropa Ittifoqi yetakchi rol o‘ynayotganini ko‘rib turibmiz”, - deydi AQShning Belarus va Gruziyadagi sobiq elchisi Kennet Yalovits.

2014-yilda Qrimning Rossiya tomonidan bosib olinishi va yarimorolning anneksiya qilinishi, shuningdek, Moskvaning Donbassdagi separatist guruhlarni qo‘llab-quvvatlashi Ozarbayjon, Armaniston, Qozog'iston va Moldovada Rossiya rahbariyatiga nisbatan munosabatlarda jiddiy o’zgarish yasamagan edi. Masalan, 2019-yilda ozarbayjonliklar 2022-yilga nisbatan Moskvaning harakatlarini ikki baravar koʻproq maʼqullagan.

“Birinchidan, ko'plab davlatlar o'z hududiy yaxlitligidan juda xavotirda. Ularning ko'pchiligida Rossiya fuqarolari yoki etnik ruslar yashaydi. Masalan, Qozog'iston va Boltiqbo'yi mamlakatlarida. Ular Putin qachonlardir bu mamlakatlardagi ruslarga natsist hukumatlar tomonidan tahdid bo’layotganini da’vo qilib, ularga yordamga kelishini aytishi mumkin, deb qoʻrqishadi. Shu bois Ukrainaga bostirib kirishi, qolaversa, Rossiyaning boshqa qo‘shni davlatlar suvereniteti va mustaqilligini tan olmasligi, shubhasiz, Kreml imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ikkinchi omil - Xalqaro tribunal tomonidan Putin harakatlarining qoralanishi, uning harbiy jinoyatchi deb e'lon qilinishi. Menimcha, ko‘pchilik Ukrainaga bostirib kirish shunchaki dahshat emas, balki urush jinoyati ekanligini anglab yetdi”, - deydi Yalovits.

Qozog'iston, Latviya va Estoniya kabi yirik rus diasporalari mavjud mamlakatlarda o'zini rus deb biluvchi odamlar soni kamayib bormoqda. 2007-2009-yillarda Qozog‘iston, Latviya va Estoniyaning har o‘n nafar aholisidan uchtasi o‘zini rus deb bilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 15 foizga, Latviyada 19 foizga va Estoniyada 21 foizga tushgan.

“Bu mamlakatlardagi rus diasporasi har doim Rossiya rahbariyatining xatti-harakatlariga boshqa aholiga qaraganda ancha ijobiy munosabatda bo'lgan. 2022-yilda Qozog‘istondan tashqari barcha mamlakatlarda o‘zini rus deb bilganlarning aksariyati Rossiya rahbariyati siyosatini yoqlamasligini aytgan. Bu aniq statistika. Chunki Ukrainaga bostirib kirish uchun asoslardan biri “rus olami”ni himoya qilish edi”, - deydi Ritter.

Mutaxassislarning aytishicha, Rossiya nufuzining pasayishi mintaqada boshqa kuchlar ta’sirining kengayishiga yo’l ochishi mumkin.

“Rossiya Ukrainaga e’tiborni oshirishi ortidan paydo bo’lgan bo’shliqni to’ldirish uchun mintaqada Xitoy, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Turkiya kabi boshqa raqobatchilariga joy ochildi. Buni Qozog‘istonda Tokayev, Ozarbayjonda Aliyev misolida ko‘ramiz. Ular tashqi siyosatda ko‘p vektorli yondashuvni qo‘llab, asta-sekin Rossiyadan uzoqlashish va xalqaro maydonda erkinroq harakat qilish uchun keng imkoniyatlar yarata boshladi”, - deya qo’shimcha qiladi Ritter.

Tahlilchilarning taʼkidlashicha, Boltiqboʻyi mamlakatlari va ayniqsa Ukrainada aholining Amerikaga nisbatan ijobiy munosabati kuchaygan. Armanistonda ham Kremldan norozilik AQSh va Xitoyga nisbatan iliqlik oshishi bilan bir paytda yuz bermoqda. Ammo Qozog‘iston, Moldova va Ozarbayjonda Amerika va Xitoy rahbariyatiga munosabat deyarli o‘zgarmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG