Breaking News

Oq uyni ko'zlayotgan respublikachilar yana debatda


Prezidentlikka respublikachi da'vogarlarning ikkinchi debati Kaliforniya shtatida kechdi, 27-sentabr, 2023
Prezidentlikka respublikachi da'vogarlarning ikkinchi debati Kaliforniya shtatida kechdi, 27-sentabr, 2023

AQShda prezidentlik uchun da'vogar respublikachilardan yetti nafari bugun Kaliforniya shtatida debat qildi. Sobiq prezident Donald Tramp poygada oldinda, ammo bugungi bahsda ko'rinmadi.

Shimoliy Dakota shtati gubernatori Dag Burgum, Nyu-Jersi shtati sobiq gubernatori Kris Kristi, BMTdagi sobiq elchi Nikki Heyli, Florida shtati gubernatori Ron Desantis, tadbirkor Vivek Ramasvomi, Shimoliy Karolina shtatidan Tim Skott va sobiq vitse-prezident Mayk Pens ichki va tashqi siyosat yuzasidan munozara qilar ekan, qator masalalarga o'z yechimlarini taklif qilib, partiyadoshlari Trampni tanqid qildi va demokrat prezident, qayta saylanish umididagi Jo Bayden siyosatini qoraladi.

Oq uy uchun kurashga kirganlar avvalo partiya nomzodligi uchun bellashadi. 2024-yilning fevralidan boshlab, saralash jarayoni avj oladi. Yoz o'rtalarida respublikachilardan kim maydonda qolishi aniq bo'ladi. Keyin respublikachi va demokrat nomzodlar debat qiladi. Saylov kelasi yilning 5-noyabrida.

Ayni damda respublikachilar orasida Trampni quvvatlovchilar 56 foiz. Desantis ikkinchi o'rinda, ammo sobiq prezidentdan ancha orqada.

"Donald Trump qilmishlari uchun javob berishi kerak", - deydi Desantis. "Qani u? Nega bu sahnada emas?"

Hozirgacha ikki debat kechgan bo'lsa, Tramp ularda qatnashmadi.

Bayden prezidentlikka aslo qayta saylanmasligi kerak, deydi respublikachilar
Bayden prezidentlikka aslo qayta saylanmasligi kerak, deydi respublikachilar

Kristi Trampni bahsdan va dolzarb masalalar yuzasidan savollarga javob berishdan qochayotganlikda aybladi.

Bu paytda Tramp Michidan shtatida tarafdorlari oldida so'zlayotgan edi. Michiganda avtomobilsozlik sanoati ishchilari kompaniyalaridan norozi. Namoyishlar tinmayapti.

Tramp deydiki, ayb Baydenda. "Landovur Jo millionlab ish o'rnini Xitoyga berib yuborgan", - deydi u.

Respublikachi siyosatchi so'zlariga ko'ra, Bayden amerikaliklarni elektromobillar, qimmat mashinalar olishga chaqirmoqda. Bayden fikricha esa yorqin kelajak muqobil energiyaga o'tishni va texnologiya taraqqiyotni talab qiladi.

Tergov va sudlarga qaramasdan Tramp poygada yetakchilik qilayotgani bugun debat qilganlar uchun achchiq haqiqat, deydi siyosatdonlar. Trampning mashhurligi unga yordam beradi, hatto salbiy holatlar bilan tanilgan bo'lsa-da.

Raqiblari Amerika xalqini Baydendan ustun kelish uchun Trampdan boshqa odam nomzod bo'lishi zarur, deya ishontira olishi kerak.

Debatda Kristidan boshqa biror da'vogar Trampning sud ishlarini tilga olmadi.

Respublikachi da'vogarlarning ikkinchi debati sobiq prezident Ronald Reygan kutubxonasida o'tdi. Reygan faoliyatiga doir arxiv shu yerda saqlanadi.
Respublikachi da'vogarlarning ikkinchi debati sobiq prezident Ronald Reygan kutubxonasida o'tdi. Reygan faoliyatiga doir arxiv shu yerda saqlanadi.

Debatlarda ishtirok eta olish uchun da'vogarlarning tarafdorlari va homiylari salmoqli sonda ko'payib borayotgan bo'lishi kerak.

Michigan universitetidan siyosatshunos Aron Kall deydiki, debatlarda qat'iylik va keskinlik ish beradi. "Saylovchi sizni eslab qolishi kerak, so'zlaringizni va va'dalaringizni:.

"Trampga qarshi gapirishga jur'at eta olmaslik qimmatga tushadi. Trampning debatdan qochgani katta minus. Raqiblari buni ommaga eslatib turishi kerak", - deydi Kall.

Da'vogarlar avvalo Trampni yenga olishi zarur. Ammo debatlarda asosan Bayden nishonda.

Skott demokrat rahbarni chegaradagi muammolarni hal qila olmayotganlikda tanqid qildi. Amerika yuzlashayotgan jumboqlarda demokratlar va ularning lideri aybdor, deydi respublikachilar. Oq uy esa buning aksini aytadi, ya'ni respublikachilarga ishora qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG