Breaking News

Bishkekda MDH yig'inida nimalar muhokama qilindi va imzolandi?


MDH davlatlari sammiti xulosalari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:01 0:00

Bishkekda Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi (MDH) sammiti yakunlandi. Bu sammitda Markaziy Osiyo liderlari, jumladan, MDH Faxriy nishoni ordeni bilan taqdirlangan Prezident Shavkat Mirziyoyev ham alanga ichida turgan Yaqin Sharq masalasida hech narsa demadi.

Faqat Qozog’iston prezidenti mavzuga qisqa to’xtab o´tdi, u Qozog’iston terror usullarini yoqlamasligini bildirdi.

MDH a´zolarining yarmidan oshig’i Markaziy Osiyo davlatlari. Ulardan tashqari tashkilotda Armaniston, Belarus, Rossiya, Ozarbayjon va Moldova ham bor.

Bishkekdagi sammitda Armaniston va Moldova qatnashmadi, buning sababi Vladimir Putining sammitdagi ishtiroki bilan bog’liq ko´riladi. Armaniston Tog’li Qorabog’dagi ziddiyat, Moldova Ukraina bosqini ortidan Rossiya bilan aloqalarini qayta ko’rib chiqmoqda.

Bu davlatlar yaqin kelajakda Rossiya ishtirokidagi tashkilotlarni tark etishi haqida farazlar mavjud. Muqaddam Gruziya va Ukraina ham MDHni tark etgan edi.

Bishkekdagi sammitda Markaziy Osiyo davlatlari to’liq tarkibda ishtirok etdi. Prezident Mirziyoyev MDH doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo’shgan hissasi uchun tashkilotning Faxriy nishoni ordeni bilan taqdirlandi.

Mirziyoyev sammitdagi rasmiy nutqida, taqdirlash marosimidagi chiqishida ham dunyodagi siyosiy taranglikka ishora qilsa-da, Yaqin Sharq masalasida biror munosabat bildirmadi. Bu boradagi asosiy bayonot Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan qilindi.

“Hozir eng asosiysi - qon to’kilishini to’xtatish. Rossiya ziddiyatni to’xtatishdan manfaatdor har qanday tomon bilan hamkorlikka tayyor. Biz Falastin-Isroil ziddiyati faqat muzokaralar yo’li bilan yechilishi tarafdorimiz. Bu muzokaralar maqsadi poytaxti sharqiy Quddusda joylashgan mustaqil Falastin davlati tuzilishini ko´zda tutuvchi ikki davlat to’g’risidagi BMT formulasi bo’lishi kerak”, - dedi jumladan Putin.

Yaqin Sharqdagi ziddiyat yechimi mustaqil Falastin davlatini tuzish ekanligini Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an ham ta’kidlab o’tgan edi.

Islom dunyosidagi aksariyat davlatlar Falastinni qo`llab chiqishmoqda, turli bayonotlar qilinmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirliklari Yaqin Sharqdagi ziddiyatni darhol to’xtatish, muzokaralarga o´tish haqidagi bayonot bilan chiqishgan, ammo prezidentlar ziddiyatga bevosita munosabat bildirmagan edi.

Sammitda MDH miqyosida rus tilining mavqeyini kuchaytirishga doir qarorlar ham qabul qilindi, bu borada xalqaro tashkilot ta’sis etish bo’yicha bitim imzolandi. Prezidentlar o’z mamlakatlarida rus tili millatlararo muloqot tili bo’lishini qo’llab-quvvatlaydigan bayonot qabul qilishdi.

Bishkekdagi anjumanda mintaqa prezidentlari xalqaro vaziyat yuzasidan aniq bir bayonotlar qilishmadi, ammo ishtirokchilar ko’p qutbli dunyodagi xalqaro munosabatlar haqidagi qo’shma bayonot imzolashdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan bu qo’shma bayonotda, jumladan, dunyoda adolatli tizimga ehtiyoj oshayotgani, ikkiyoqlama standartlarga barham berish, mustaqil davlatlar suverenitetini hurmat qilish, xalqaro aloqalarda bir tomonlama cheklovlar joriy qilishni to’xtatish, xalqaro sudlarning siyosiylashishiga yo’l bermaslik kabi holatlarga diqqat qilingan.

Xalqaro sudlar deyilganda Putinning hibs qilinishiga order bergan Gaagadagi jinoyat ishlari bo’yicha Xalqaro sud nazarda tutilayogani ehtimoldir.

MDH a’zolari bu sudni ratifikatsiya qilgan davlatlar qatorida emas, ammo yaqindan Armaniston Gaaga sudi yurisdiksiyasini tan oldi. Bu Putin Armanistonga borgan taqdirda, u hibs qilinishi mumkinligini anglatadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG