Breaking News

AQShda xalqaro talabalar uchun mavjud moliyaviy imkoniyatlar


AQShda o'qish: xalqaro talabalar qanday pul tejashi mumkin?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:08 0:00

Talabalar to'rt yillik Amerika kolleji yoki universitetida o'qish uchun bir yilda 40 mingdan 80 ming dollargacha sarflaydi. Agar siz xalqaro talaba bo'lsangiz, xarajatlarni kamaytirish yo'llari mavjud.

AQShda kollej yoki universitetda o'qish qimmat va bu ko’plab xalqaro talabalarni cho’chitadi. Ammo, deydi mutaxassislar, pulni tejash yo'llari bor.

Evelin Levinson Vashingtondagi Amerika universitetining xalqaro qabul bo'limi boshlig'i. Uning so'zlariga ko'ra, grant olish – yechimlardan biri.

“Akademik yutuqlarga qarab yoki xarakter, yetakchilik va ta’lim yutuqlari asosida beriladigan grantlar bor. Ma'lum bir soha yoki etnik guruhlar uchun maxsus stipendiyalar ham bo'lishi mumkin. Talabalarga beradigan birinchi maslahatim - ariza topshirishdan oldin grant talablariga qanchalik mosligingizni tekshiring”, - deydi u.

Rossiyalik Yekaterina Simonova Amerika universitetida o'qish uchun deyarli to'liq grant oldi.

“Bunday grantlar kamdan-kam uchraydi, lekin bor. Mening xalqaro talabalarga maslahatim – o’zingizga mos stipendiyalarni topish uchun ko’p izlanish qiling”, - deydi talaba.

AQSh oliygohlaridagi xalqaro talabalar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:06 0:00

Turkiyalik Yasmin Sayar ham Amerika universitetida o‘qish uchun grant oldi.

"Bu yerga kelishdan oldin yaxshilab o’rganishingizni aytaman, chunki o’qish juda qimmat jarayon", - deydi u.

Levinsonga ko’ra, o’qish joyi ham xarajatlarga ta'sir qiladi.

“Agar universitet AQShning kichikroq, chetroq hududida joylashgan bo'lsa, yashash narxi har ikki qirg'oqdagi shaharlarga qaraganda 30 foizga past bo'ladi. Demak, talaba moliyaviy masalalarni hisoblaganda, nafaqat o‘qish to‘lovini, balki yotoqxona, oziq-ovqat, sug’urta, kitob, yashash kabi xarajatlarni ham hisobga olishi kerak”, - deydi u.

O’qishni birinchi kursdan boshlamaslik yana bir variant.

"AQShda arzonroq ikki yillik jamoat kollejlari bor. U yerda o’qib, keyin o'z idealingizdagi universitetga ko’chib o’tsangiz bo’ladi”, - deydi Levinson.

Eronlik Arshiya Xusravi Ismoiliy shu yo’lni tanladi. U Merilend shtatining Rokvill shahridagi Montgomeri jamoat kollejida tahsil olmoqda.

“Hujjat topshirganimda, dastlab ikki yillik kursda o’qib, keyin bakalavr darajasini olish uchun to‘rt yillik universitetga o’tishni xohladim”, - deydi u.

Ernest Kartlej Montgomeri kollejida xalqaro talabalar qabuli bilan shug’ullanadi.

“Shtatdan bo’lmagan talabalar har bir kredit uchun 380 dollar to’laydi. To'rt yillik ta’lim dargohida bu miqdor uch baravargacha bo’ladi. Xalqaro talaba o’qishining dastlabki ikki yilini shu yerda tamomlab, keyin boshqa joyga ko‘chirsa, ancha pul tejaydi”, - deydi u.

Pulni tejash bo'yicha yana bir tavsiya - o'z mamlakatingizda bir muddat o’qib, keyin AQShga kelish. Shuningdek, xususiy universitetlardan ko’ra davlat muassasasida o’qish ham ancha kamxarj bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG