Breaking News

Yaqin Shardagi urush Amerikada 2024-yil sayloviga qanchalik ta'sir qiladi?


Rashida Tlaib - Kongress falastinlik kelib chiqishiga ega yagona a'zo. Michigan shtatidan saylangan demokrat AQShning Yaqin Sharqdagi siyosatini qoralab keladi.
Rashida Tlaib - Kongress falastinlik kelib chiqishiga ega yagona a'zo. Michigan shtatidan saylangan demokrat AQShning Yaqin Sharqdagi siyosatini qoralab keladi.

Isroilga nisbatan keskin tanqidi va Bayden ma'muriyatining Yaqin Sharqdagi siyosatiga qarshiligi tufayli Kongressning qator a'zolari yaqinlashayotgan saylovda o'rnini boy berishi mumkin.

AQSh Kongressining aksariyat a'zolari Bayden ma'muriyatining XAMASga qarshi siyosatini ma'qullaydi, ya'ni ular nazarida guruh terroristik tashkilotdir va Isroil undan o'zini himoya qilishga haqli. Ular yahudiy davlatga yordam berish tarafdori.

Missuri shtatidan saylangan demokrat Kori Bush esa Isroil Falastin ahlini qirish bilan band va unga nisbatan urush jinoyatlari sodir etmoqda, deb hisoblaydi. U Vakillar palatasida Isroilni olqishlovchi rezolyutsiyaga ovoz bermagan kam sonli qonunchilardan biri.

Bunday munosabati uchun Bush o'z okrugida keskin tanqidga uchrab, hozirda uning Kongressdagi o'rnini egallash uchun harakat kuchaygan. Raqiblariga ko'ra, vakil AQSh manfaatlarini oyoqosti qilmoqda.

Bush yolg'iz emas. U kabi keskin qarshilik bildirganlarga siyosiy doiralar Isroilni qoralayotgan va XAMASni oqlayotgan tomonlar deb qarashadi. Bu vakil va boshqalar esa adolat uchun gapirayotganini aytadi.

Pensilvaniya shtatida Sammir Li, Nyu-York shtatida Jamal Bauman, Minnesota shtatida Ilhan Umar va Michigan shtatida Rashida Tlaib kelasi yilgi saylovda aynan mana shu masalalarda qattiq savolga tutilishi va o'rnini boy berishi mumkin, deydi kuzatuvchilar. Bu vakillarning hammasi Isroil va XAMASni sulhga undab chiqqan.

Ular XAMASni qonxo'rlikda ayblagan, lekin Isroilni ham G'azoni o'qqa tutayotgani uchun la'natlab, AQShni unga harbiy yordam ko'rsatmaslikka chaqirgan.

Ayrim demokratlar nazarida Isroil Falastin ahliga nisbatan urush jinoyatlar sodir etmoqda va AQSh hukumati uni qo'llab, bu adolatsizlikka sherik. Kongress a'zosi Kori Bush shunday fikrlovchilardan biri.
Ayrim demokratlar nazarida Isroil Falastin ahliga nisbatan urush jinoyatlar sodir etmoqda va AQSh hukumati uni qo'llab, bu adolatsizlikka sherik. Kongress a'zosi Kori Bush shunday fikrlovchilardan biri.

Bush va Umar deydiki, Isroil falastinliklarga nisbatan "etnik qirg'in" bilan band. Li esa yahudiy davlatni huquqbuzar tuzum, deb ataydi.

Bauman so'zlariga ko'ra esa AQSh hech kimning qirilishiga chidab turmasligi lozim.

"Falastin ahli o'nlab yillardan beri shunday azob-uqubatda", - deydi demokrat qonunchi.

Michigan shtatidan demokrat Shri Tanedar esa okrugidagi katta sonli musulmonlardan bosimga uchramoqda. Uning saylovchilari Yaqin Sharqdagi urushdan g'azabda va Isroilga madadkorligi uchun Amerika hukumatidan norozi.

Bauman, Li, Umar va Tlaib Bayden ma'muriyatini sulhga erishish uchun harakat qilishga chaqirgan rezolyutsiya loyihasi bilan chiqqan 17 vakillar orasida.

Unga ovoz bermaganlar deydiki, hujjatda XAMAS qoralanmaydi, uning qo'lidagi asirlar qayd etilmagan va hatto guruhning terroristik ishlari tan olinmagan.

O'zini progressiv demokratlar deb atovchu bu vakillarga qarshi kampaniyalar ortida, ularga ko'ra, yahudiy manfaatlari uchun kurashuvchi tashkilotlar turibdi, xususan Amerika-Isroil Jamoat ishlari qo'mitasi va u bilan hamkor respublikachilar.

"Adolatparvar demokratlarni yakkalash partiyaning saylovchidan naqadar uzoq ekanini anglatadi. Yana bir urush tomon ketilayotganiga ular ko'z yummoqda", - deydi Usama Andrabi, progressiv demokratlarni himoya qilayotgan guruh so'zlovchisi.

Vakillar palatasidagi demokrat liderlar yahudy lobbisi oldida ojiz va loqayd, deya sharhlaydi Andrabi. Demokratik partiya esa Kongressdagi har bir a'zosi o'rnini boy bermasligi uchun jon-jahdi bilan harakat qilishini qayd etib keladi.

Vakillar palatasida demokratlar sardori Hakim Jeffris uning partiyadoshlari turli fikr va qarashda bo'lsa-da, birdamlik hissi kuchli, deydi. Biroq u bu gaplarni Isroil-XAMAS urushi qaytalanmasidan oldin aytgan.

Rashida Tlaib - Kongress falastinlik kelib chiqishiga ega yagon a'zo. Uning fikricha, Bayden ma'muriyati Falastin xalqiga nisbatan "genotsid" qilayotgan Isroilni quvvatlamoqda va buning uchun 2024-yildagi saylovda javob berishi kerak.

Tlaibning o'zi kelasi yilda Vakillar palatasiga qayta saylana olmasligi kerak, deydi Isroil tarafdorlari. Uning okrugida raqib demokratlarning targ'iboti avjida.

Tlaibni quvvatlaydiganlar orasida musulmonlar ko'pchilik, ammo uning hududida yahudiy saylovchilar ham salmoqli.

Pensilvaniya shtatida Sammer Li yahudiy jamoatchilik qarshiligi bilan yuzlashmoqda. 36 ravvin va boshqa diniy yetakchilar unga qarshi ochiq xat yozib, vakil Kongressdagi o'tirishga loyiq emas, deya ommani unga ovoz bermaslikka chaqirmoqda.

Turli mafkuradagi amerikaliklar bir ovozdan Li pozitsiyasini qoralayotgani bu qonunchi ularni aks ettirmasligidan dalolat, deyiladi maktubda.

Bu demokrat ham kelasi yili o'z partiyasidan boshqa da'vogarlar bilan yuzlashishi kutilmoqda.

Pensilvaniya shtatidan saylangan qonunchi Sammer Li
Pensilvaniya shtatidan saylangan qonunchi Sammer Li

Minnesota shtatida Ilhan Umar qayta saylanmasligi uchun harakat kuchayib, asosiy raqibi Don Samuels uning Vakillar palatasidagi o'rniga ko'z tikkan.

Umarning okrugida uning o'zi kabi somalilik muhojirlar ko'p. Qanchalik olqishlanmasin, demokrat qonunchi Kongressdagi eng "anti-semitik" siyosatchi sifatida tilga olinadi. Isroilga nisbatan keskin tanqidi sabab u qo'mitalardan haydalgan.

Umar so'zlariga ko'ra, XAMAS - yovuz kuch va yo'q qilinishi kerak, ammo Isroil alamni Falastin ahlidan olmoqda. G'azoga hujumlar darhol to'xtatilsin, XAMAS ham asirlarni zudlik bilan ozod qilsin, deydi Umar o'z chiqishlarida.

U yahudiylardan nafratlanadi, degan ayblovlarga bu demokrat "yolg'on" deya javob qiladi, ammo Isroil hukumati siyosatiga qarshi ekanini tan oladi.

Minnesota shtatidan saylangan demokrat qonunchi Ilhan Umar
Minnesota shtatidan saylangan demokrat qonunchi Ilhan Umar

Nyu-York shtatida Jamal Bauman ham yahudi faollar bosimi ostida qolgan vakillardan. Unga qarshi murojaatlarda jamoatchilikdan uni aslo qayta saylamaslik so'raladi, unga nisbatan ishonchsizlik bildiriladi.

Missuri shtatida Kori Bush Isroil Falastin ahligini tinimsiz ezmoqda, deya bong urishda davom etarkan, maqsadi tinchlikka erishish ekanini aytadi.

"Men XAMAS va uning huquqbuzarliklarini qoralayman", - deydi Bush.

"Biroq uning ishlariga nisbatan huquqbuzarlik bilan javob berilishiga ham qarshiman".

Uning nazarida Isroil aynan shu yo'ldan borib, Falastin ahlini XAMAS zo'ravonligi uchun "kollekiv jazolamoqda".

Bunday pozitsiyalarga qarshi tomonlar tahlilicha, Bush va u bilan hamfikr qonunchilar yovuz kuchlarni rag'batlantirmoqda, jumladan terroristlar va diktatorlarni.

(AP axborotiga tayanildi)

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG