Breaking News

AQSh, O'zbekiston strategik sherikligida urg'u qay masalalarda?


O'zbekiston-AQSh strategik sheriklik muloqoti, Toshkent, 7-noyabr, 2023
O'zbekiston-AQSh strategik sheriklik muloqoti, Toshkent, 7-noyabr, 2023

Bugun Toshkentda AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha muovini Donald Lu boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekiston bilan strategik sheriklikni muhokama qildi.

Yillik uchrashuvda Oq uy, Pentagon, Tijorat vazirligi va boshqa organlarning vakillari ishtirok etgan. Mirziyoyev ma'muriyatidan esa asosan Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari qatnashgan.

Lu va boshqa mehmonlar O'zbekiston bosh diplomati Baxtiyor Saidov bilan ham gaplashgan.

Bayden ma'muriyatiga ko'ra, strateguik sheriklik siyosiy, iqtisodiy, xavfsizlik, inson huquqlari va madaniy yo‘nalishlarda rivojlanib bormoqda.

Hozirgi maqsad, deyiladi AQSh bayonotida "yuqori darajadagi almashinuvlar orqali hamda xalqaro institutlar doirasidagi yaqin hamkorlikni davom ettirish."

O'zbekiston bugungi muloqot haqida juda oz ma'lumot bergan, xususan AQSh bilan muhokamada O'zbekiston inson huquqlari masalalari ko'tarilgani, Mirziyoyev ma'muriyatidan demokratik islohotlarni davom ettirish kutilayotgani, Vashington bu borada yordamga tayyor ekanini yana bir bor bildirgani haqida Tashqi ishlar vazirligi lom-mim demagan.

Vazir Saidov, "ustuvor sohalar, ayniqsa, mintaqaviy iqtisodiy farovonlikni ta’minlashga qaratilgan yo‘nalishlarni belgilab oldik", - deya ma'lum qilgan.

Strategik sheriklikning bir qismi azaldan Afg'oniston bilan bog'liq. Bugungi muhokamada ham bu mamlakatga birgalikda yordam berish zarurati ta'kidlangan.

O'zA savollariga javob berar ekab, Davlat kotibi muovini Lu Toshkent va Vashington orasida ishonch mustahkam, degan. Uning aytishicha, strategik hamkorlik kengayishi uchun har ikki tomonda iroda kuchli.

O'zbekistonning Vashingtondagi elchisi Furqat Sidiqov ham shuni ta'kidlab keladi.

Davlat kotibi muovini Lu keyinroq O'zbekiston prezidentining to'ng'ich qizi, eng yaqin maslahatchisi Saida Mirziyoyeva bilan ham uchrashgan. Administratsiyadan Komil Alamjonov hamda Milliy mass mediani quvvatlash fondidan Nozima Davletova ham qo'shilgan bu muloqotda ta’lim, madaniyat, ayollar va bolalar huquqlarini ta’minlash kabi sohalar haqida gap ketgan.

"O‘zbekistonda OAV faoliyati va fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda inson huquqlari sohasida o‘zaro hamkorlik yuzasidan fikr almashdik", - deya bildirgan Mirziyoyeva.

AQSh O'zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlashini qayd etib keladi. Bu yig'inda ham shunga urg'u berilgan.

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari G'ayrat Fozilov deydiki, respublika hozirgi demokratik islohotlar yo'lidan qaytmaydi. Inson huquqlari, jumladan e'tiqod erkinligi, odam savdosiga qarshi kurash, korrupsiyaga qarshi kurash, jinsiy zo'ravonlikni bartaraf etish kabi sohalarda, deydi u, o'tgan yillarda salmoqli yutuqlarga erishilgan va mamlakat oldinga qadam tashlayveradi. AQSh buni olqishlab, yordamni oshirishga shay ekanini bildirgan.

Ikki davlat qo'shma bayonotiga ko'ra, xavfsizlik, huquq tartibot, bojxona va chegarachilar orasidagi hamkorlik kengayadi.

Yangi madaniy almashinuvlar, ta'lim dasturlari, ingliz tili programmalari kutilmoqda, shuningdek, sog'liqni saqlash sohasida yangi loyihalar yo'lga qo'yiladi.

Toshkentda AQSh elchisi Jonatan Henik bilan imzolangan kelishuvga asosan, Amerika O'zbekistonga madaniy merosni asrab-avaylash yo'lida ko'maklashadi. Hujjat, jumladan, san'at asarlari va antik ashyolarning noqonuniy ravishda AQShga kirishining oldini olishni ko'zda tutadi.

XS
SM
MD
LG