Breaking News

Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo'shilish tomon qadamlar tashlamoqda


Ukraina Yevropa ittifoqi a'zoligiga tayyormi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:33 0:00

Maydon inqiloblarining 9 yilligi nishonlayotgan Ukraina nihoyat Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish uchun real qadamlar oldida turibdi.

Yaqinda Yevropa Komissiyasi Ukrainani Yevropa ittifoqi a´zoligiga qabul qilish bo´yicha muzokaralarni boshlashni tavsiya berdi.

Bu qaror emas, tavsiya, ammo Yevropa Ittifoqiga intilib inqiloblar qilgan, buning ortidan Rossiya bosqiniga uchragan ukrainaliklar uchun ruhlantiruvchi, umidli xabar.

Bryussel va Kiyev o’rtasidagi aloqa qanchalik muntazam bo’lmasin, Yevropa Ittifoqi Ukrainaning Rossiyaga qarshi urushida yaqindan yordam ko’rsatib kelayotganiga qaramasdan a’zolik jarayoni Kiyev uchun oson kechmaydi.

Buni mamlakat Prezidenti Volodimir Zelenskiy ham e’tirof etdi, u urushga, Rossiya agressiyasiga qaramasdan a’zolik masalasida hech kim Ukrainaga imtiyozlar bermasligini ta’kidladi.

Qolaversa, Yevropa Komissiyasining a’zolik bo’yicha muzokaralar boshlash tavsiyasi ham yakuniy qaror emas, bu tavsiyalar Yevropa Ittifoqi a’zolari tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Yevropa Ittifoqining sammiti dekabr oyida o’tadi. Aynan shu sammitda ittifoq a’zolari komissiyaning Ukraina bilan muzokaralarni boshlash bo’yicha tavsiyasini ko’rib chiqadi. Bu tavsiya ittifoqning ayrim a´zolari, xususan Vengriya tomonidan bloklanishi ehtimoli yo’q emas.

Vengriya va Ukraina munosabatlari ancha tarang. Vengriya Ukrainaga harbiy ko’mak berishdan bosh tortgan, Yevropa Ittifoqini Ukrainaga ajratayotgan yordamini bloklashi bilan ham tanilgan.

Mamlakat rahbari Viktor Orban Vladimir Putinning Yevropadagi ittifoqchisi sifatida ham taqdim etiladi.

Bundan tashqari Budapesht Ukrainadagi mahalliy vengerlarning milliy huquqlari kamsitilayotganini, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishi uzoq vaqt talab etishini ta´kidlab keladi.

Bundan qat’i nazar, muzokaralar boshlanishiga hozirlik ukrainaliklar umidini so’ndirayotgani yo`q. Ukraina jamiyati a´zolik shartlarini bajarishga anchadan, maydon inqiloblari amalga oshganidan buyon hozirlanib keladi.

Ammo jamoatchilikdagi bu xohishdan farqli a’zolik shartlarini bajarish uchun islohotlarni hukumat, siyosatchilar amalga oshirishi kerak.

Bu talablarning asosiylari - Ukrainadagi korrupsiyaga barham berish, mamlakat qonunchiligini Yevropa Ittifoqi qonunchiligi bilan muvofiqlashtirish, inson huquqlari, xususan milliy ozchilik huquqlarini ham ta’minlash.

Maydon inqiloblaridan 9 yil o´tishiga, bir yarim yildan oshiq davom etayotgan urushga qaramasdan, Ukraina korrupsiya ildiz otgan davlatlar qatorida qolayotgani ta´kidlanadi.

Shundan kelib chiqilsa, Ukrainaning Yevropa Ittifoqi a’zosi bo’lishi istiqboli nafaqat tashqi ko’rsatkichlar, balki avvalo ichki islohotlarning qanchalik amalga oshirilishiga ham bog’liq.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG