Breaking News

AQSh ahli G'azo bo'yicha qanday fikrda?


Yahudiy amerikaliklar Vashingtonda XAMASga qarshi namoyishda, 14-noyabr, 2023
Yahudiy amerikaliklar Vashingtonda XAMASga qarshi namoyishda, 14-noyabr, 2023

Joriy yilning 7-oktabridan beri 1300 dan oshiq isroillik va 16 ming falastinlikni o'ldirgan urush yuzasidan Amerika ahli yakdil emas. Ko'plar har ikki tomonni tushunishini aytadi.

“Ommaviy so'rovlardan ma'lumki, Isroilga nisbatan quvvatlov Falastinga qaraganda ko'proq", - deydi tadqiqotchi Robert Kollins.

Nyu-Orleansdagi Dillard universiteti olimi tahlilicha, na u va na bu tarafning oldini olmaslikni ma'qul ko'radiganlar salmoqli.

25-27 noyabrda o'tkazilgan so'rovda amerikaliklarning 38 foizi Isroilni oqlagan, 11 foizi esa falastinliklarni. Bu izlanishlarni "The Economist" va "YouGov" tashkilotlari olib borgan.

Unda 28 foiz respondent har ikki tarafga birdek kuyunishini aytgan, 23 foizi esa aniq fikrga ega emas.

Kollins deydiki, mojaro tarixi uzun va uning ortidagi omillar murakkab ekan, qarashlar ham shunga yarasha.

“Tashqi dunyodagi vaziyat, urushlar odamlarni xavotirga soladi, albatta, ammo odamlardan ularni ipidan ignasigacha bilishni kuta olmaysiz”,- deydi olim.

Urush shunday narsaki, u haqda axborot doim cheklangan, deydi Kollins, bilaman degan narsangiz yolg'onga chiqishi mumkin.

Ko'plab amerikaliklar jahonning boshqa qismlaridagi odamlar singari mojarolarni keskin baholaydi.

“Isroilni quvvatlayman”, - deydi Indiana shtatidan advokat Jeff Uilyams.

“Falastinliklar va XAMAS ularning yonlarida yashaydi. Qonli xurujlar, tajovuzlar, qatllar. Isroil o'zini himoya qilishga haqli", - deydi bu amerikalik.

Falastinliklarni ham shunday tarzda yoqlaydiganlar, ularni bu mojarodagi jabrlanuvchi deb ko'radigan amerikaliklar talay.

Luiziana shtatidan Bruklin Berdi Isroil tarafini oladigan yurtdoshlaridan g'azabda.

"Falastinliklar falastinlik ekani uchun hibsga olinadi, azoblanadi, o'ldiriladi. Buni qanday yoqlash, asoslash mumkin?"

Falastin tarafdorlari Vashington ko'chalarida, 24-noyabr, 2023
Falastin tarafdorlari Vashington ko'chalarida, 24-noyabr, 2023

Rechel Lakomb Pensilvaniya shtatida nohukumat tashkilotni boshqaradi. XAMAS, uning fikricha, bu mojarodagi eng aybdor tomon. Isroil dardini ham tushunishini aytadigan bu amerikalik guruhni ayni damdagi urushga alanga berganlikda tanqid qiladi.

“Falastin ahliga achinaman. 75 yildan beri ular o'z uylaridan haydaladi, qochqin, o'z vatanida vatansiz. Isroil degan davlat barpo etilganidan beri shu ahvol", - deya tahlil qiladi Lakomb.

Amerikada Isroilni qoralash yahudiylarga qarshi haqorat sifatida qabul qilinmoqda, deya noliydi u. "Odamlar ishidan ayrilmoqda, yomonotliq qilinmoqda".

Konnektikut shtatidan Rebekka Urrutiya ham falastinliklarga achinadi.

"Begunoh insonlar ezilmoqda, qirilmoqda. Lekin Isroilga ham kuyunaman. Ular ham yashashi, o'zini himoya qilishi kerak. Tinimsiz tahdid ostida ular ham", - deydi Urrutiya.

AQSh hukumati boshidan Isroilga quvvatlagani uchun ham amerikaliklar unga birodar xalq sifatida qaraydi, qolaversa mamlakatda yahudiylar musulmonlarga qaraganda ko'proq. Yahudiylar aholining 2,4 foizini, musulmonlar esa 1 foizini tashkil etadi.

Liza Peykott - Kaliforniya shtatida yahudiy yetakchilardan. Uning kuzatishicha, jamoa hozirda ancha birdam. O'tgan yillarda ancha tarqoqlashib, Isroil siyosatiga nisbatan tanqid kuchaygan edi, deydi u, ammo 7-oktabrdagi xuruj yahudiylarni ziyrak torttirgan.

Amerikaliklarning aksariyati hali ham yahudiylar tomonida bo'lsa-da, ikki oydan beri davom etayotgan urushda Isroil falastinliklarga haddan tashqari ko'p hujum qilib, bombardimonni oshirib yubordi, degan fikr kengaygan.

Isroil xalqaro qonunlarni buzmoqda, begunoh falastinliklarni qirmoqda, kollektiv jazolash yo'lidan bormoqda, XAMAS uchun alamni oddiy aholidan olmoqda, degan munosabatdagi amerikaliklar soni oshgan.

Sietl shahrida Isroilni qoralab namoyishga chiqqan amerikaliklar, 19-noyabr, 2023
Sietl shahrida Isroilni qoralab namoyishga chiqqan amerikaliklar, 19-noyabr, 2023

Los-Anjeles shahrida Sofi Titelbaum Isroil hukumati G'azodagi harbiy harakatlarni to'xtatishi kerak deb hisoblaydi. Biroq, deydi u, yahudiy davlat o'z xavfsizligi uchun chora ko'rishga majbur.

"Haqiqatga tik ko'z bilan qarashimiz kerak. Shuncha qon to'kilishini hech kim oqlay olmaydi", - deydi bu amerikalik.

"Isroilning XAMAS xurujlariga javobi noinsoniy, vijdonsizlik va noto'g'ri".

Har ikki tomon o'z yerida yashayotganini da'vo qiladi. Har ikkisi doimiy tahdid va qo'rqinch ostida.

"Har ikkisi tinchlikda yashashga haqli. Birining boshini silab, ikkinchidan yuz o'gira olmaymiz. Biror tarafning oldini olmaslik esa bizni loqayd qilib ko'rsatadi".

Minnesota shtatidan musiqachi Joanna Miller ham o'xshash fikrda.

“Yo u yo bu tomonning oldini olib, hayajonga beriladigan do'stlarim bor. Ularning birortasini xafa qilgim kelmaydi. Sukut saqlash ma'qul.”

Biroq ommaviy so'rovlarda amerikaliklar masala yuzasidan tobora ochiqroq gapira boshlayotgani, bahs-munozaradan qochmayotganini ham aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG