Belarus, Ukraina va Sharqiy Yevropaning boshqa davlatlaridan kelgan muhojirlar Amerikaning startap bozorida faollashmoqda. Immigrantlar tomonidan boshqariladigan venchur kapital firmasi ularga investitsiya topishda yordam bermoqda.
“Geek Ventures” venchur kapital firmasining asoschisi va boshqaruvchisi — belaruslik Ixar Maxanyok ko'p yillik tajribaga ega sarmoyador. Uning firmasi Sharqiy Yevropa, jumladan, Belarus va Ukrainadan kelgan muhojirlarga alohida e'tibor qaratadi.
"Biz yaqinda AQShga ko'chib kelgan, shuningdek, bu yerga 10-15 yil oldin kelgan immigrantlarga e'tibor qaratamiz", - deydi u.
“Geek Ventures” hamkorlik qilayotgan startaplar orasida Xitoy, Hindiston, Isroil va Ukraina kompaniyalari bor. Jamoada ukrainaliklar ham ishlaydi.
"Biz ko'rgan eng ajoyib kompaniyalardan biri "New Homes Mate" deb nomlanadi. Uning asoschilari Ukrainaning Lvov shahridan. Hozir ular Texasning Ostin shahrida. Ushbu kompaniya odamlarga uylarni to'g'ridan-to'g'ri quruvchilardan sotib olishga imkon beradigan yechimlar ustida ishlamoqda”, - deyd Maxanyok.
Yana bir muvaffaqiyatli misol - G'arbiy sohilda joylashgan “Filmustage” kompaniyasi. U kichik va katta telestudiyalarda ishlovchi kinematograf, prodyuser va kino mutaxassislari uchun veb-xizmatlarni taqdim etishga ixtisoslashgan. Kompaniya bosh direktori Yegor Dubrovskiyning aytishicha, “Geek Ventures” bergan yordam faqat sarmoya bilan cheklanib qolmaydi.
“Har bir startap ortida investitsiya turadi. Biroq, investitsiya qilishdan tashqari, Geek “Ventures” tarmoq yaratishda ham yordam beradi. Ular har xil sohalarda yordam bera oladigan odamlarning katta ma'lumotlar bazasiga ega!” – deydi u.
“Geek Ventures”ning ta'kidlashicha, ularning missiyasi Sharqiy Yevropa va boshqa mamlakatlar, jumladan, AQShdagi iste'dodlar o'rtasida qimmatli imkoniyat va yangi g’oyalarni taqdim etishi mumkin bo'lgan aloqa o’rnatishdir.
“Hamma joyda iqtidor bor, lekin hamma mamlakatda ham bir xil imkoniyatlar mavjud emas. Ko'plab moliyaviy imkoniyatlar AQShda - ham mijozlar, ham investorlar nuqtai nazaridan”, - deydi Maxanyok.
Startaplar uchun sarmoya kam bo'lgan Belarus yoki Ukrainadan kompaniyani olib chiqish oson bo’lmasa-da, AQShga ko'chib o'tish potentsial investorlarni topishni osonlashtiradi.