Breaking News

Meyn shtati Trampni Oq uyga nomzodlar ro'yxatidan o'chirdi


Donald Tramp Nevada shtating Rino shahrida saylovchilar oldida so'zlamoqda, 17-dekabr, 2023
Donald Tramp Nevada shtating Rino shahrida saylovchilar oldida so'zlamoqda, 17-dekabr, 2023

Meyn shtati prezidentlikka qaytishga bel bog'lagan Donald Trampni partiyaviy saylovlarda nomzod sifatida ro'yxatga kiritmaslikka qaror qildi. Shtat davlat kotibi, saylov bo'yicha bosh rasmiy Shenna Bellous e'lon qilishicha, ovoz berish varaqasida Trampning ismi bo'lmaydi.

Sabab, deya tushuntiradi Bellous, sobiq prezident 2021-yilning 6-yanvarida Kongressga qilingan qonli hujum ortida turgan va bu bilan konstitutsiyaga zid harakat qilgan.

Bosh qomusga kiritilgan 14-o'zgartirishga binoan zo'ravonliklarga yetakchilik qilgan yoki turtki bergan shaxs biror mansabga saylanishga haqli emas.

Bu masala hali Oliy sudda ko'rib chiqilmagan, ammo hozirgacha ikki shtat - Kolorado va Meyn - Trampni noqonuniy qo'zg'olonda ayblab, nomzodlik huquqidan ayirdi.

Oq uyga respublikachi da'vogarlar orasida oldinda ketayotgan sobiq prezident deydiki, demokrat Bellous uni ataylab chetlashtirmoqda.

Kongressga bosqinda besh kishi o'ldirilgan. Tramp o'zini aybsiz deb biladi va Meyn shtati qaroridan norozi.

"Bunday xulosaga va qarorga kelish biz uchun oson emas", - deydi Bellous 34 betlik hisobotini taqdim etar ekan.

"Davlat kotibi shu paytgacha bunday e'lon bilan chiqmagan, bilaman. Biroq shuni ham bilamanki, qonli qo'zg'olonda qo'li bo'lgan odam prezidentlikka nomzod bo'la olmaydi".

Tramp saylov kampaniyasiga ko'ra esa bu qadam amerikaliklarning ovoz berish huquqini cheklashdir va saylov natijasiga ta'sir qilishdir.

Huquqshunoslar Oliy sudni Tramp ishi yuzasidan tezroq bir to'xtamga kelib, shtatlarning bu boradagi vakolatlarini aniqlashtirishga undamoqda.

"Shtat-shtat shunday holatlar haqida eshitaversak kerak. Oliy sud oydinlik kiritmasa, jarayon chigallashaveradi", - deydi Rik Heysen, Kaliforniya universitetida huquqdan dars beruvchi olim.

Shenna Bellous, Meyn shtati davlat kotibi
Shenna Bellous, Meyn shtati davlat kotibi

Bellous ham Oliy sud qarori birlamchi rol o'ynashini tan oladi.

Meyn shtatida respublikachilar bugungi e'lonni qoralar ekan, Oliy sud holatni o'zgartiradi deya umidvor.

Shtat Vakillar palatasida respublikachilar lideri Bill BobFokingem g'azabda.

"Bu qaror uchinchi dunyodagi diktaturalar qiladigan ishlarga o'xshaydi",- deydi u.

"Bekor qilinishi aniq, chunki kim nomzod bo'lishi yoki saylanishini fuqaro ovozi hal qiladi, partiya manfaatlarini ko'zlovchi siyosatchilar emas".

5-mart kuni 16 shtatda respublikachilar prezidentlikka da'vogarlarni saralab, ovoz beradi.

Oliy sud ungacha qaror chiqarsin, degan talab kuchayib bormoqda. Lekin bu organ hali Tramp ishi yuzasidan biror bayonot bermagan.

Konstitutsiyaga 14-o'zgartirish 1868-yilda fuqaro urushi ketidan kiritilgan. Asosiy maqsad o'sha paytda bu qonun bilan konfederatsiya uchun kurashganlarni, urushda mag'lub bo'lgan tomon vakillarini mahalliy va federal hokimiyatga yaqinlashtirmaslik bo'lgan. Bu bandga ko'ra, davlat bosh qomusiga bosh egishga ont ichgan odam uni buzsa, biror mansabga aslo yaqinlashtirilmasligi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG