Breaking News

AQShda prezidentlikka nomzodlar qanday saralanadi?


Ayova shtatida Dryu Klayn eshikma-eshik yurib, yurtdoshlaridan prezidentlikka da'vogar respublikachi Nikki Heyli xonimni quvvatlashni so'amoqda, 13-yanvar, 2024
Ayova shtatida Dryu Klayn eshikma-eshik yurib, yurtdoshlaridan prezidentlikka da'vogar respublikachi Nikki Heyli xonimni quvvatlashni so'amoqda, 13-yanvar, 2024

Prezident saylovi kechadigan yil Oq uyga da'vogarlarni saralash bilan boshlanadi. Shtatma-shtat har bir partiya o'z ichidan nomzodlikka intilayotganlarni elakdan o'tkazadi - "praymeriz" va "kokuslar" degan tadbirlar orqali. Bu jarayon olti oycha davom etadi va yozga borib, iyul-avgust oylarida respublikachilar va demokratlar quroltoy o'tkazadi. Unda har bir partiya o'z yagona nomzodini tanishtiradi.

Praymeriz nima?

"Praymeriz" deb ataladigan protsessda shtat saylovchilari o'zlariga ma'qul da'vogarlarga ovoz beradi. Qoidalar, ya'ni kim qatnashishi mumkinligi har shtatda boshqacha va o'ziga xos.

Kokuslar nima?

Kokuslar ham saralash bosqichi bo'lib, ular ikki qismdan iborat. Birinchi qismida miting bo'ladi, partiya faollarining muhokamasi, debat. Ikkinchi qismda xulosaga ko'ra, ovoz beriladi va kim yutgani o'sha zahotiyoq e'lon qilinadi.

AQShda prezidentlikka da'vogarlar aslida boshidan shundan tanlangan, keyinchalik praymeriz formati shakllangan. Hozirda kokuslar o'tadigan shtatar oz.

AQShda saylov mavsumini Ayova shtati boshlab bermoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:30 0:00

Praymeriz va kokuslar rasman nimani anglatadi?

Praymeriz va kokusda muayyan da'vogarlar ustun kelgani e'lon qilinsa-da, rasman partiya unda o'z delegatlarini tanlaydi. Ular keyin qurultoyda o'z tanlovini bayon etadi. Ammo hozir bu ko'proq rasmiyatchilikka asoslangan, chunki shtatda kim yutgani praymeriz va kokuslardayoq ayonlashadi. Qurultoy an'analari, shunga qaramasdan, saqlanib kelinmoqda.

Da'vogarlarning strategiyasi qanday?

Oq uyga da'vogarlarning asosiy maqsadi - praymeriz va kokuslar orqali eng ko'p delegatni o'z tarafiga o'tkazish. Ularning kampaniyasi qay shtatda kimning ko'ngliga yo'l topish zarurligini aniqlab, ular bilan ishlashi kerak bo'ladi. Aholisi ko'p shtatlarda delegatlar ham ko'pligi uchun da'vogarlar ularga eng ko'p kuchini sarflaydi, xususan Kaliforniya, Texas va Florida.

Saralash qayerda boshlanadi?

Ayova shtati kokus bilan boshlab beradi, Nyu-Gempshir shtati esa praymeriz bilan. Respublikachilar uchun Ayova partiya kayfiyatini aks ettiruvchi joy, demokratlar uchun esa Janubiy Karolina, chunki demografik jihatdan partiyani eng mukammal aks ettiradigan hudud. Demokratlar Ayovada kokus o'tkazmaydi, keyinroq praymeriz tashkil etadi.

Qayta saylanishga urinayotgan prezidentning partiyasi odatda saralashda faol emas, chunki Oq uydagi rahbar yagona nomzod bo'ladi. Uning o'rniga o'z odamini saylashga harakat qilayotgan partiya uchun esa saralash saylovning eng qizg'in pallasidir.

Super seshanba

Seshanba - Amerikaning aksariyat shtatlarida saylov kuni. Super seshanba esa bir kunda bir necha shtatda birdaniga praymeriz va kokus o'tkaziladigan kundir. Bu yilgi Super seshanba 5-martda. 15 shtat da'vogarlarni saralaydi.

Delegatlar qanday taqsimlanadi?

Delegatlar ayrim shtatlarda eng ko'p quvvatlovga ega da'vogarga beriladi, boshqalarida esa kim qancha ovoz olsa, o'sha bilan jarayondan chiqadi.

"Va'da bergan" va "va'dasiz" delegatlar

Saralash jarayonida delegatlar yo da'vogarga uni oxirigacha quvvatlashni va'da qiladi yoki uni hozirca yoqlayotganini bildiradi. Bu ham shtatma-shtat hal xil. Superdelegatlar ham bor. Ular odatda partiyaning har bir shtatdagi yetakchilari.

Ochiq va yopiq praymeriz

Ayrim shtatlarda praymeriz yopiq bo'ladi, ya'ni faqat bir partiya a'zolari uchun ochiq. Boshqa shtatlarda esa har qanday saylovchi ovoz berishi mumkin, partiyangizning farqi yo'q.

Lekin sharti shuki, bir saylovchi faqat bir praymerizda qatnashishi mumkin, ya'ni bir tarafni tanlashi kerak.

Bu esa qiyin emas, chunki muayyan partiyaning yagona nomzodi oldindan ma'lum ekan, saylovchi ko'proq muxolifatning praymeriz jarayonida ishtirok etishni xohlaydi.

Konsitutsiya nima deydi?

AQSh bosh qomusi siyosiy partiyalarni cheklamaydi. Ular mustaqil tashkilotlardir va nomzodini o'zi qanday ma'qul ko'rsa, shunday tanlaydi. Lekin saylov qonunlariga bosh egishi lozim. Saylovlar va ular bilan bog'liq masalalar federal miqyosda emas, shtatma-shtat hal qilinadi.

Saylov-2024: Anhor.uz - "Amerika Ovozi"
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:37:08 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG