Breaking News

Xitoyda qamoqdagi jurnalistlarning deyarli yarmi uyg'urlar


Urumchi, Shinjon-uyg'ur muxtoriyati
Urumchi, Shinjon-uyg'ur muxtoriyati

Xiytoyda 44 jurnalist panjara ortida bo'lsa, ularning deyarli yarmi uyg'urlar, deya tasdiqlamoqda Nyu-Yorkda asoslangan xalqaro tashkilot.

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi bu hafta chiqargan tahlilnomasiga ko'ra, Xitoy dunyoda eng ko'p media vakilini qamoqda saqlayotgan davlatdir.

Matbuot erkinligini bo'g'ish bu mamlakatda ko'p jihatdan Shinjon-uyg'ur muxtoriyatidagi ahvol qanday yoritilishi bilan bog'liq.

19 uyg'ur jurnalist ozodlikdan mahrum etilgan bo'lsa, ular hammasi separatizm va terrorizmda ayblangan.

Olim Ilhom To'xti 10 yildan beri tutqunlikda. U xorijiy media bilan hamkorlik qilgan va uyg'urlar masalasini yorituvchi sayt yuritgan.

“Xitoy hukumati uchun uyg'urlar orasidan jurnalist chiqishining o'zi tahdid. Ular hech og'zini ochmasligi kerak, chunki bunga xavf deb qarashadi", - deydi Zubayra Shamsiddin, Vashingtonda Uyg'ur Inson huquqlari loyihasi degan tashkilot vakili.

AQSh va boshqa hukumatlar nazarida Pekin uyg'urlarga nisbatan genotsidni amalga oshirmoqda. BMT xulosa qilishicha ham Xitoy hukumati bu elatga nisbatan qabih jinoyatlar bilan band.

Pekin buni inkor etadi. Uyg'urlar Sharqiy Turkiston deb atovchi hudud rasman Shinjon deb ataladi. Azaldan turkiy xalqlar yashagan mintaqa hozirda ancha xitoylashgan, chunki mamlakatning boshqa qismlaridan ko'chib kelganlar talay.

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi rahbari Jodi Ginsberg so'zlariga ko'ra, tanqidiy ovozlarni o'chirish zolim hukumatlarga xos siyosat va Xitoy, shubhasiz, bunday tuzumlar orasida yetakchi.

Ayni damda jahon bo'ylab 321 jurnalist qamoq jazosini o'tamoqda yoki sudlanishni hibsda kutib o'tiribdi.

“Jurnalistlar hokimiyatdagilarni savolga tutadi. Bu hukumatlar esa bunga toqati yo'q", - deydi Ginsberg.

Jurnalistlarni josuslikda ayblash ham keng tarqalgan holat.

“Avtoritar rejimlarning odati shunday: yoritayotgan mavzularingiz ularga ma'qul emasmi, demak, sizni o'chirishga urinishadi", - deydi Ginsberg.

Shinjonda nafaqat jurnalistlar, balki ko'plab ziyolilar, turli soha egalari, ijodkorlar va san'atkorlar ham qamoqda.

Uyg'ur faollarning hisobicha, ularning soni 300 dan oshadi. Bu hali taniqli odamlar, deydi ular, aslida minglab uyg'urlar dini va madaniyati uchun zindonga tashlangan.

Huquq tashkilotlari tahlilicha, genotsidning bir qismiga aynan uyg'ur elitasini yo'q qilish harakati kiradi. Xorijdagi uyg'urlar ham bosimdan uzoq emas.

“Qarindoshlaringiz qo'rqitiladi. Ular zulm ostida miq etmay o'tirishga majburlanadi", - deyd Shamsiddin.

Ginsberg deydiki, Xitoy hukumati huquqbuzarligi haqida qanchalik tanqid qilinmasin, vaziyat yaxshilanmayapti. Bu davlatning Vashingondagi elchixonasiga ko'ra, Pekinga nisbatan iddaolar asossiz.

“Xitoy hukumat matbuot erkinligini qonunlarda belgilanganidek himoya qiladi. Media rolini hurmat qiladi va fuqarolarning fikrini tinglaydi", - deya bildiradi elchixona.

Xitoyga qarshi "axborot xurujlari", deyiladi bayonotda, "dezinformatsiyadir".

Gonkongda ham vaziyat tang

Gonkong rahbariyati jurnalist Jimmi Layning qamalishi adolatdandir, deb kelmoqda. "Apple Daily" nomli gazeta bosh muharriri sifatida Lay demokratiyani yoqlab chiqqan, biroq hukumat uni tuzumga qarsh jinoyatlarda ayblagan.

2020-yilda hibsga olingan Ley Britaniya fuqarosidir. U xavfsizlik organlariga qarshi harakatlarda ham gumon qilinadi. Sudlanib, aybdor deb topilsa, 76 yoshli mahbus umrining oxirigacha panjara ortida qolishi mumkin.

G'arb hukumatlari va huquq tashkilotlari uni ozod etishga chaqirib kelmoqda.

Avstraliyalik jurnalist Cheng Ley ham Xitoyda 2020-yilda qamoqqa olingan edi.

U ham tuzumga qarshi jinoyatlarda ayblangan va 2022-yilda yopiq sudga tortilgan.

2023-yilning oktabrida Avstraliyaga deportatsiya qilingan. Xitoy davlat telekanaliga ishlagan ayol ishxonada oddiy qoidalarni buzganini tan olgan.

XS
SM
MD
LG