Breaking News

Qirg'izistonda matbuot erkinligi bosim ostida


Qirg'iziston rahbari Sadir Japarov Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan Bishkekda muzokaralar ketidan, 12-oktabr, 2023
Qirg'iziston rahbari Sadir Japarov Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan Bishkekda muzokaralar ketidan, 12-oktabr, 2023

Qirg’izistonda jurnalistlar tahlikada. G’arb Markaziy Osiyoda vaziyat og’irlashayotganidan xavotirda.

Yevropa Ittifoqi fuqarolik jamiyatiga nisbatan bosimlarni kuchaytirgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikka doir rezolyutsiya qabul qilgan.

“Yevropa Ittifoqini Markaziy Osiyo bo’yicha strategiyasi hisoboti” deb nomlangan bu hujjat 17-yanvar kuni Yevroparlementda muhokama qilingan va tasdiqlangan.

Rezolyutsiyaga ko’ra, geosiyosiy siljishlar yangi strategik munosabatlarga ehtiyoj tug’dirmoqda va Yevropa Ittifoqi bunday hamkorlikdan manfaatdor.

Ammo Markaziy Osiyoda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat og’ir, deydi rasmiylar. Blok mintaqa hukumatlarini islohotlar qilishga, siyosiy mahbuslar va mahkumlarni ozodlikka chiqarishga chaqirmoqda.

Yevroparlamentdagi muhokama Markaziy Osiyoda inson huquqlari va so’z erkinligiga doir vaziyat jiddiy yomonlashgan bir paytga to´g’ri kelyapti.

15-yanvardan Qirg’izistonda mustaqil OAVlarga reydlar boshlandi. 17-yanvar kuni Bishkek sudi 11 nafar jurnalistni ikki oy muddatga hibsda saqlash qarorini chiqardi. Ular urush qo’zg’ash da’vatida, ommaviy tartibsizliklarga chaqirishda ayblanmoqda.

AQSh Davlat departamenti Qirg’iziston hukumatini mustaqil jurnalistlarga nisbatan bosimlarni to’xtatish, so’z erkinligini ta´minlashga chaqirdi.

Qirg’izistonda bir nechta mustaqil nashrlarga uyushtirilgan reydlar o'tkazilgani, hibs qilingan jurnalistlarga qo´yilayotgan ayblovlar hukumat mamlakatdagi so’z erkinligini cheklash qaroriga kelganidan darak sifatida baholanyapti.

Qirg’iziston yaqin yillargacha Markaziy Osiyodagi eng erkin davlat deya qaralar, mintaqadagi "demokratiya oroli" deya maqtalar edi.

Ammo Qirg’izistondagi inqiloblar ortidan hokimiyatga kelgan Sadir Japarov tomonidan so´nggi uch yil davomida o’tkazilgan islohotlar, xususan konstitutsiyaviy o’zgarishlar prezident vakolatlarini kengaytirib, fuqarolik jamiyati erkinliklarini cheklashga xizmat qildi.

Qirg’izistonning sobiq Ombudsmeni Atir Abdurahmonavaning“Azattyk” ga bergan intervyusida qayd etishicha, hukumat inson huquqlarini bosqichma-bosqich cheklab keldi. Uningcha, ayni paytdagi ommaviy hibslar kutilmagan holat emas. Bir necha yil avval boshlangan jarayonning navbatdagi bosqichi, deydi Abdurahmonova.

Ammo aksariyat jurnalistlar uchun bu ommaviy hibslar baribir kutilmagan zarba bo`lgan.

Qirg’izistondan bu masalalar bo'yicha ekspert Alisher Hamidov deydiki, bu hibslar mamlakat media ahlini tahlika ostida qoldirgan.

“Qirg’izistonda bungacha hali hech qachon jurnalistlarni birdaniga ommaviy hibs qilish holatlari kuzatilmagan. Bu voqeaning yana bir diqqatli tomoni shundaki, hozirgacha jurnalistlar asosan tuhmat qilish ayblangan bo`lsa, hozir urush qo’zg’ash, ommaviy tartibsizliklarga, isyonga da’vat qilish kabi ayblovlar surilyapti.", - deydi Hamidov.

"Bu ham so’ngi bosimlarning kutilmagan bir tomoni. Umuman, bu hibslar ko’plab jurnalistlarni, tahlikada qoldirdi, nimalar kutilayotganini qo’rquv mavjud. Qirg´izistonlik jurnalistlar ichida baribir mamlakat mintaqani boshqa davlatlariga nisbatan erkinroq degan qarashlar mavjud, faoliyat ham shunga yarasha edi. So´nggi hodisalar Qirg’iziston erkinlik masalasida mintaqani boshqa davlatlari darajasiga tushganini yaqqol ko’rsatib bermoqda”.

Qirg’izistonda jurnalistlarga nisbatan boshlangan bu tazyiqlar dunyoda jiddiy aks bermoqda. Inson huquqlari, so’z erkinligi himoyasi bilan shug’ullanuvchi xalqaro tashkilotlar bosimlarni to’xtatish, jurnalistlarni hibsdan ozod qilishga chaqirmoqda.

Bu chaqiriqlarga rossiyalik jurnalistlar ham qo’shilgan. 50 dan ortiq matbuotchi Qirg’iziston hukumatiga yo'llangan murojaatnomaga imzo chekkan.

Hibsdagi jurnalistlar taqdiriga, so’z erkinligiga nisbatan bosimga Qirg’izistondagi diplomatik korpuslar ham befarq emas. Asosan G´arb davlatlari elchiliklari tomonidan imzolangan bayonotda Qirg’izistonda jurnalistlar faoliyatiga to´sqinlik qilish harakatlari xavotirli ishora ekanligi, so’z va fikr erkinligi inson huquqlarining asosiy qismi ekanligi ta´kidlanadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG