Breaking News

Mirziyoyev taraqqiyotning xitoycha usulini tanlamoqdami?


Pekin, Xitoy, 23-yanvar, 2024
Pekin, Xitoy, 23-yanvar, 2024

O´zbekiston o´z eshiklarini Xitoy iqtisodi uchun keng ochib, Pekinni global qudrat sifatida tan oladi. Toshkent uyg’urlar va Tayvan singari nozik masalalarga aralashmaydi. Xitoy surayotgan tashabbuslarni quvvatlab keladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoyga safari kompartiyaning markaziy nashri "Jenmin jibao" sahifalarida "O‘zbekiston – Xitoy: ming yillar bardavom do‘stlik va hamkorlik" deb nomlangan maqolasi e´loni bilan boshlandi.

“Jahon siyosatidagi beqarorlik va girdobli harakatlarga qaramay, biz kelajakka ishonch bilan qarayapmiz va birgalikda bunyodkorona rejalar qilyapmiz. Hurmatli XXR Raisi Si Szinpin bilan bo‘lajak uchrashuvimizda aynan shular haqda so‘z yuritamiz”, - deb yozadi bu maqolada Mirziyoyev.

Pekinga tashrif O'zbekiston rahbarining 2024-yildagi ilk xorijiy safaridir.

“Yangi yilning ilk oyi – eng yaqin do‘stlar bilan uchrashadigan, ezgu niyatlar qilib, yangi ishlarga qo‘l uriladigan payt. Kirib kelgan yilda ilk tashrifimni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi hurmatli Si Zinpin janoblarining taklifiga binoan Osmonosti yurtga amalga oshirishim chuqur ramziy ma’noga ega”, - deyiladi maqolada.

O´zbekiston tashqi munosabatlariga turli ramziyliklar xoli qaralganda ham, so’nggi yillar davomida aloqalar muntazam rivojlanayotgan, iqtisod, savdo ko´rsatkichlari muttasil o’sayotgan asosiy hamkor Xitoy ekanligi ko’rinadi.

O´zbekiston o´z eshiklarini Xitoy iqtisodi uchun keng ochdi. Toshkent Pekinni global qudrat sifatida tan oladi, uning manfaatiga, uyg’urlar masalasidan tortib, Tayvangacha, daxl qilmaydi, global dunyoda Xitoy surayotgan tashabbuslarni quvvatlab keladi.

Shu ma’noda O´zbekistonni Markaziy Osiyoda Xitoy qudratini to`liq tan olgan so’nggi davlat deyish mumkin.

Mirziyoyev hokimiyatga kelib, eshiklarni keng ochar ekan, Xitoy Karimov davrida boy bergan imkoniyatlarini shiddatli tarzda o’zlashtirdi, tez fursatda O´zbekistonning asosiy iqtisodiy hamkoriga aylandi.

Mirziyoyev o’z maqolasida Xitoyning dunyodagi global roli oshayotganini chin dildan olqishlaydi, “Makon va yo`l” loyihasi Markaziy Osiyoning ishlatilmagan salohiyatini yuzaga chiqaruvchi muhim tashabbus bo`lishiga umid qiladi.

Toshkent Xitoyning Miryizoyev tomonidan qabul qilingan “O´zbekiston taraqqiyot strategiyasi” amaliyotini muhim qismi, aniqrog’i, bu dastur doirasida rejalangan loyihalarni asosiy sarmoyadori bo’lishiga umid qilyapti.

Hozircha boshqa bir manbalarga umid kam, ayniqsa G´arb sarmoyasi ishtiroki mamlakatdagi demokratik islohotlarga bog`liqligi inobatga olinsa, istiqbol yanada mavhumdek.

Pekin, Xitoy, 23-yanvar, 2024
Pekin, Xitoy, 23-yanvar, 2024

Mirziyoyevda mamlakatni demokratik boshqaruvga o’tkazish uchun yetarli vaqt, muddat bo`ldi, prezidentlikning ikki muddatida amalga oshirilmagan o’zgarishlar, uchinchi yoki to´rtinchisida qilinishi haqiqatda ancha uzoq ko’rinadi.

Xitoy uchun esa bu ahamiyatsiz, aksincha avtoritar liderlar bilan hamkorlik ancha qulay, chunki kommunistik rejim tajribasi bunga yaxshi moslashgan.

Qolaversa, Si ham, Mirziyoyev singari o’z vakolatini bir ovozdan uchinchi muddatga uzaytirdi, ikki muddatdan ortiq Xitoyga raislik qilayotgan avtoritar liderga aylandi.

Xullas, Xitoyga bildirilayotgan umidlari asossiz emasdek.

Prezident maqolasida ta’kidlanganidek, “munosabatlar barqaror yuqori sur’atni namoyish etib, o‘z tarixidagi eng namunali davrni boshidan kechirmoqda”.

Mirziyoyev O’zbekiston va mintaqaning jahon bozoriga uyg’unlashishida Xitoy loyihalari muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlaydi.

“Xitoyning strategik roli tufayli Markaziy Osiyo dunyo bilan keng hamkorlikka ochilmoqda, mintaqaning geografik kamchiliklarini o‘zining afzalliklariga aylantirmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, umumiy barqarorlik va izchil taraqqiyotning muhim shartidir”.

Prezident maqolasi O´zbekistonga taraqqiyotning xitoycha usuli taklif qilinayotgan birinchi holat emas. O’zbekiston kambag’allikni qisqartirish bo´yicha ham Xitoy strategiyasini qo‘lladi, ammo samarasi noma´lum.

Prezident o´z maqolasida bu tajribani chetlab o’tmagan.

“Xitoyning kambag‘allikni yengib o‘tishdagi muvaffaqiyatli tajribasi biz uchun juda foydali va muhim ahamiyat kasb etdi. Hamkorlikning bu yo‘nalishini bundan buyon ham mustahkamlash niyatidamiz”.

Mirziyoyev Xitoy rahbariyati bilan muzokaralardan tashqari bu davlatdagi ishbilarmon doiralar bilan uchrashmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG