Breaking News

Markaziy Osiyo davlatlari Tayvan masalasida Xitoy bilan yakdil


Tayvanda 13-yanvar kuni o’tgan prezident saylovida Xitoydan mustaqillik tarafdori Lay Tsinde g´alaba qozondi
Tayvanda 13-yanvar kuni o’tgan prezident saylovida Xitoydan mustaqillik tarafdori Lay Tsinde g´alaba qozondi

Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O´zbekiston tashqi ishlar vazirliklari Tayvandagi saylovlar bo’yicha deyarli bir xil munosabat bildirgan: Tayvan - Xitoy tarkibidagi hudud.

13-yanvar kuni orolda Lay Tsinde prezidentlik uchun kurashda g´alaba qozondi. U Tayvan Xitoydan mustaqil deb biladi va shunday qolishini targ'ib qiladi.

Dunyoning aksariyat davlatlari Tayvanda demokratik tamoyillarga muvofiq saylov o’tganini qayd etib, Tsindeni tabrikladi.

Markaziy Osiyo davlatlari bayonotida saylov g’olibi haqida gap yo’q, Tayvan Xitoyniki, deya qayd etiladi.

Jumladan, O´zbekiston bayonotida shunday deyiladi:

“Yagona Xitoy” tamoyilini qatʼiy qoʻllab-quvvatlashimiz va Xitoy Xalq Respublikasi hukumati Xitoyning yagona qonuniy hukumati, Tayvan esa Xitoy hududining ajralmas qismi ekanligini yana bir bor ma’lum qilamiz. O‘zbekiston Respublikasi ikki sohil o‘rtasidagi munosabatlarning tinch yo‘l bilan rivojlanishining qat’iy tarafdori hamda XXR hukumatining Xitoyni birlashtirish yo‘lidagi barcha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi”.

Tayvandagi Demokratik Progressiv partiyasi tarafdorlari, Taypey, 13-yanvar, 2024
Tayvandagi Demokratik Progressiv partiyasi tarafdorlari, Taypey, 13-yanvar, 2024

Pekin Tayvandagi saylov g’olibini tabriklagan G’arb davlatlarini keskin tanqid ostida olyapti.

Xitoy hukumati AQShni “ayirmachilar” harakatini quvvatlashda ayblamoqda.

Pekin bayonotida Tayvan masalasi AQSh-Xitoy munosabatlaridagi “qizil chiziq”qa qiyoslanadi. Xitoy Vashingtonning Tayvan ishiga aralashuviga keskin qarshi.

Xitoy 1940-yillardan beri mustaqil boshqaruvga ega bo’lgan Tayvanni o’ziniki deb biladi.

AQSh saylovlar ortidan Tayvanga nufuzli delegatsiya yubormoqda. Pekin-Vashington munosabatlari yanada keskinlashishi mumkin.

Tayvan mustaqilligi tarafdori bo`lgan siyosatchining prezidentlikka saylanishi ziddiyatni yangi bosqichga chiqradi, degan taxminlar bor.

Bu farazlardan kelib chiqilsa, Tayvan masalasida AQSh va Xitoy o’rtasida urush chiqadigan bo´lsa, Markaziy Osiyo davlatlari Ukraina urushidagi kabi betaraflik maqomida emas, Xitoy tomonini olishini kutish mumkin.

Har holda Tayvandagi saylovlar ortidan Markaziy Osiyo hukumatlari berayotgan bayonotlar shundan darak beradi.

Markaziy Osiyoda Xitoy iqtisodiy ishtiroki tobora kuchaymoqda. Sanoat, energetika va ishlab chiqarishdagi turli yirik mintaqaviy loyihalar ortida ham Xitoy sarmoyasi turibdi.

Xitoq ayni paytda Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan siyosiy talablar ham sura boshlagan.

Jumladan, Rossiya va Xitoy yetakchilari uchrashuvida Markaziy Osiyoda rangli inqiloblarga yo’l qo’yilmasligi haqida qilingan qo’shma bayonot shunday talablardan biri sifatida qayd etilgan edi.

Keyinchalik bu bayonot Markaziy Osiyo va Xitoy sammitida ham takrorlandi. Pekin mintaqa davlatlari bilan xavfsizlik va harbiy hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligi, jumladan davlatlar mustaqilligi, hududiy yaxlitligini kafolatlashga tayyorligiga doir iddaolar yangradi.

Ekspertlar Xitoyning Markaziy Osiyoga nisbatan davom etgan yumshoq siyosati nihoyasiga yetayotgani, Pekinning siyosiy maqsadlari ochiq ko’rinishga o’tayotganini qayd etishmoqda.

Yevrosiyo masalalari bo'yicha ekspert Pol Goblning yozishicha, Xitoy xususiy harbiy kompaniyalar faoliyatini jonlantirgan, ayniqsa Markaziy Osiyoda.

“Pekin xorijda Xitoyga qarashli kompaniyalarni qo’riqlash uchun o’zining “xususiy harbiy kompaniyalari” faoliyatiga zo’r bermoqda. Maqsad - hukumatlarga, birinchi navbatda Markaziy Osiyo hukumatlariga bosim ko’rsatish. Bungacha bu jarayon ortiqcha shovqinsiz o`tkazilayotgan, rasmiylar bunday ehtimollikni rad etib kelishayotgan edi. Ammo yaqinda Xitoyga qarashli bu harbiy kompaniyalar soyadan chiqarildi, ochiq uchrashuvlar o’tkazilmoqda”, deya tahlil qiladi Gobl.

Xalqaro matbuotdagi sharhlarga ko’ra, Xitoy Tayvanga nisbatan harbiy amaliyotlar qo’llashi ehtimoli oshgan. Xitoy kuch ishlatishga qaror qilgan taqdirda Tayvanni asosiy ittifoqchi bo`lgan AQShning bu ziddiyatdan chetda qolishi ehtimoli ancha uzoq baholanadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG