Breaking News

Qirg'izistonda yangi qonun: prezident "xorijiy vakil" haqidagi hujjatga imzo chekdi


O'sh shahrida davlat idorasi oldida navbat, 15-mart, 2024
O'sh shahrida davlat idorasi oldida navbat, 15-mart, 2024

Qirg'iziston rahbari Sadir Japarov "xorijiy vakil" haqidagi qonun loyihasiga imzo chekdi. 10 kun ichida kuchga kiradigan hujjat, uning so'zlariga ko'ra, oshkoralik va halollikni uchun zamin yaratadi. Bu qonun mamlakatda moliyaviy mas'uliyatni va shaffoflikni ta'minlash uchun zarur, deydi Japarov, ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotida.

Lekin bu loyiha aslida Rossiyada bir necha yil oldin qabul qilingan "xorijiy agent" qonuniga o'xshab ketadi. Jamoatchilik va xalqaro maydonda qarshilik kuchli. AQSh, BMT va fuqaro jamiyati Japarovni bu tashabbusdan voz kechishga chaqirgan edi.

Nohukumat tashkilotlar ustidan nazoratni kuchaytirishni, jumladan ularga chetdan keladigan mablag'ni hozirgidan ham keskinroq elakdan o'tkazishni maqsad qilgan loyiha parlamentda 14-mart kuni ma'qullangan.

Fuqaro jamiyati nazarida, bu - keraksiz qonun; notijoriy va grantlar bilan ishlaydigan muassasalar uchun to'siqlar yaratib, ularning faoliyatini susaytiradi.

Buning natijasida esa, deydi faollar, aholiga kamroq xizmat ko'rsatiladi, yanayam ko'proq muammolar yechimsiz qoladi.

90 deputatdan 64 nafari loyihani quvvatlab, ovoz bergan. Debatsiz, 7 minutda tasdiqlangan.

Bu tashabbus 7 millionlik aholiga ega davlatda ijtimoiy va siyosiy erkinlikni yanayam cheklashdir, deya bong urmoqda huquq tashkilotlari.

O'nlab faollar allaqachon qamoqda. Jurnalistlar va blogerlarga nisbatan tazyiq kuchaygan. O'tgan yili hukumat bir necha axborot vositasini yopgan. Ularning xodimlarini panjara ortiga tashlagan. Muxolifatchilarga ham bosimni oshirgan. Parlament a'zosi, Japarovning tanqidchi Adaxan Madumarov qamoqqa olingan.

Parlamentda hukmron "Ata-Jurt" partiyasi Jarapovni olqishlaydi. Uning vakili Nadira Narmatova taklif qilgan mazkur loyiha 2012-yilda Rossiyada kuchga kirgan qonundan namuna ekanini uning o'zi ham tan olgan.

Narmatova deydiki, chetdan grant va har qanday moliyaviy yordam olayotganlarga "xorijiy vakil" deb qarash davlat xavfsizligi uchun xizmat qiladi.

2021-yildan beri qonunchilik qilayotgan Narmatova fikricha, G'arb uning yurtiga liberal g'oyalarni singdirishga urinmoqda.

Parlament bayonotiga ko'ra, yangi qonun shaffoflik yo'lida qadam, xalqaro fondlar asosida ishlayotganlarni xalq bilishi kerak.

Japarov 2-aprel kuni qilgan e'lonida hech bir tashkilot asossiz javobgarlikka tutilmaydi, deya kafolat beradi, ammo yangi qonunga binoan, organlar nohukumat muassasalarni istagan paytida tekshirish vakolatiga ega bo'ladi.

Qirg'izistonda 18 mingdan oshiq notijoriy tashkilot bor, ko'pi chetdan mablag' oladi.

Yangi qonun bu tashkilotlarni ikki guruhga ajratadi: siyosiy faoliyat bilan shug'ullanadigan va chetdan mablag' oladigan nosiyosiy tashkilotlar. Ular mana shu kategoriya ostida qayta registratsiyadan o'tmasa, olti oygacha yopilishi mumkin.

"Siyosiy faoliyat deganda nima nazarda tutiladi, bu noaniq", - deydi Bishkekdagi muassasalardan birining vakili.

Hukumat ataylab shunday mavhum ta'riflar beradi, sizga bemalol tazyiq o'tkaza olishi uchun, deydi suhbatdosh.

Oliy sud tavsiyasi bilan loyihadan "xorijiy vakil"ga nisbatan jinoiy ayblovlar haqidagi qismlar olib tashlangan.

BMT ham Bishkekni bunday qonunlardan chekinishga chaqirgan. 30 dan ortiq xalqaro tashkilotlar Jarapovga murojaat qilib, loyihani veto qilishni so'ragan edi.

Ularning va BMT ekspertlari tahlilicha, loyiha xalqaro qonunlarga va me'yorlarga zid.

AQSh Davlat departamenti ham bu tashabbusni qoralab chiqqan. Davlat kotibi Entoni Blinken Qirg'iziston rahbariga xat yo'llab, bu qonun kuchga kirsa, xalqaro yordam kamayishi, iqtisodiy dasturlarga zarba berishi, shuningdek, sog'liqni saqlash va energetika sohasiga zarar keltirishi haqida ogohlantirgan.

Japarovga Blinkenning maktubi yoqmagan.

Vashingtonga yozgan javobida Qirg'iziston prezidenti AQSh bosh diplomatini masala yuzasidan noto'g'ri ma'lumotga egalikda, G'arb moliyalaydigan nohukumat tashkilotlarning shikoyati asosida xom xulosa qilayotganlikda ayblagan.

"Shu bilan birga, xatingiz sizning bizning davlatimizning ichki ishlariga aralashayotganingizdan darak beradi", - degan Japarov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG