Breaking News

Qirg'iziston Xitoydan olingan qarzni qanday to'lamoqchi?


Qirg’izistonning 1991-yildan beri to’planib qolgan umumiy qarzi qariyb 6,2 milliard dollarni, ya’ni yalpi ichki mahsulotning 45 foizini tashkil qiladi.

Qarzning taxminan 1,7 milliard dollari Xitoy Eksport-import bankiga to’g’ri keladi. Bank 2021-yilda kovid pandemiyasi davrida 32 million dollarlik to’lovni kechiktirishga rozi bo’lgan edi.

Endi esa Qirg’iziston 32 million dollarni odatdagi to’lov ustiga qo’shib, bankka qaytarishi lozim. Xitoy Bishkekning to’lovlarni yana kechiktirish yoki muqobil sxemalar bilan to’lash haqidagi takliflarini rad etgan.

“Tashqi qarzlar bo’yicha to’lovlar cho’qqisiga yetdi”, - dedi Vazirlar mahkamasi raisi Akilbek Japarov fevralda o’tgan yig’ilishda.

Uning aytishicha, qarzlarni to’lash uchun byudjetdan 2024-yilda 400 million dollar, 2025-yilda 430 million dollar va 2026-yilda 390 million dollar ajratish kerak bo’ladi.

“Hammamiz Qirg’iziston degan bir kemadamiz. Shuning uchun hammaning mehnati va hissasi zarur. Bir jamoa bo’lib ishlashimiz kerak”, - deydi Japarov.

Qarz hisobiga modernizatsiya

Qirg’iziston hukumati ma’lumotlariga ko’ra, Xitoy kreditlari bilan “Kamar va yo’l” loyihasi doirasida Qirg’izistonda yirik infratuzilma proyektlari moliyalashtirilgan. Jumladan, poytaxtdagi issiqlik stansiyasini modernizatsiya qilish, shimol-janub avtomobil yo’lini ta’mirlash va mamlakat elektr tarmoqlarini yangilash.

Kreditlar ikki foizlik stavka asosida 20 yil davomida to’lanishi belgilangan.

Iqtisodiy qiyinchiliklar bilan yuzlashayotgan Qirg’iziston qarzni boshqarish bo’yicha innovatsion g’oyalarni ilgari surgan. 2020-yilning noyabrida fuqarolardan qarzni uzish uchun tashkil etilgan maxsus bank hisob raqamiga xayriya qilish so’ralgan edi.

2023-yilning avgust oyi holatiga ko’ra, hisobda 358 million dollarga teng mablag’ to’plangan.

2021-yilda hukumat qarzni qaytarishning bir yo’li sifatida ba’zi daromadli tog’-kon aktivlarini Xitoyga o’tkazish taklifini ko’rib chiqqan, ammo norozilik namoyishlari ehtimoli sabab bundan voz kechilgan.

Xabarlarga qaraganda, Xitoy o’shanda bu taklifni rad etib, 32 million dollarlik to’lovni kechiktirishga rozi bo’lgan.

Muqobil variantlar

Kreditlarni to’lash muddati yaqinlashar ekan, qarzni qanday qaytarish masalasi yana kun tartibida. 2023-yilda Qirg’iziston rasmiylari qarzdan voz kechish evaziga kreditor davlatlarga mamlakatdagi energetik obyektlar qurilishida qatnashish, yashil loyihalarni birgalikda amalga oshirishni taklif qilgan, biroq Pekin buni ham rad etgan.

2023-yilning martida Xitoy elchisi Du Devendan Qirg’izistonga berilgan kreditlar to’lovini qayta ko’rib chiqish imkoniyatlari haqida so’ralgan.

“Birgina biz qaror qilmaymiz. Xitoy xalqaro me’yorlarga rioya qilishi kerak. Bu masalalarning barchasini do’stlik va o’zaro manfaatli hamkorlik ruhida muhokama qilish va yechim topish mumkin”, - degan elchi.

Qarz restrukturizatsiyasi bo’yicha progress yo’qligi agar Qirg’iziston to’lay olmasa, Xitoy nima qilishi borasidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.

2022-yilda Akilbek Japarov Qirg’iziston defoltga uchrasa, Xitoy Eksport-import banki Bishkek issiqlik stansiyasi kabi muhim aktivlarni o’z nazoratiga olishi mumkinligi haqida gapirgan edi.

Ismini oshkor etmaslikni so’ragan bishkeklik bir ekspertning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, qarz siyosiy jihatdan nozik masalaga aylangan.

“Muammo shundaki, Xitoyning [Markaziy Osiyoda] uzoq muddatli strategik maqsadlari nima ekanini bilmaymiz. Xitoy mintaqada tinchlik istashini, strategik hamkorlik muhimligini ta’kidlaydi, lekin oddiy odamlarning aksariyati Pekinga ishonmaydi”, - deydi u.

Qirg’izistonda Xitoyga qarshi kayfiyat kuchaygan, deya qayd etadi suhbatdosh. 2019-2020 yillarda Qirg’izistonda Xitoy sarmoyasiga qarshi norozilik namoyishlari bo’lib o’tgan edi.

Suhbatdosh so’zlariga ko’ra, Qirg’izistonning Xitoyga moliyaviy qaramligi hukumatni xalqaro masalalarda Pekin diplomatiyasini qo’llab-quvvatlashga undamoqda.

Xitoy hukumatining 2023-yil may oyidagi press-relizida Qirg’iziston “Tayvan, Shinjon, Gonkong va boshqa manfaatlar bilan bog’liq masalalar bo’yicha Xitoyning sobit pozitsiyasini qat’iy qo’llab-quvvatlashi, Xitoy tomonidan taklif etilgan Global xavfsizlik tashabbusi va Global taraqqiyot tashabbusini yoqlashi” aytilgan.

“Xavotirga o’rin yo’q”

2022-yilning iyulida Qirg’iziston Vazirlar mahkamasi qarzning yuqori chegarasini belgiladi. Hujjatda tashqi qarzining 45 foizi bitta kreditor hissasiga to’g’ri keladigan vaziyatni bartaraf etish kerakligi ko’rsatilgan.

Yil boshida esa deputat Balbak Tulobayev tashqi qarzni, jumladan Xitoy kreditlarini Qirg’izistonning oltin zaxiralari bilan to’liq qoplashga chaqirgan edi. Bu zaxiralarni idora etuvchi Qirg’iziston Milliy banki taklifni rad etgan.

Prezident Sadir Japarov yaqinda “Kabar” axborot agentligi bilan suhbatda shunday degan:

“Tashqi qarz mavzusini unutaylik. Qarzimiz 10-15 milliard dollargacha oshgan taqdirda ham xavotirga o’rin yo’q. Mamlakatimizda tinchlik va barqarorlik bo’lsa, qarzni qiyinchiliksiz qaytaramiz”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG