Breaking News

AQSh qonunchilari Xitoyni iqtisodiy agressiyada, adolatsiz raqobatda ayblamoqda


O’tayotgan hafta AQSh vakillar palatasida Xitoyning AQSh va uning ittifoqchilariga qarshi iqtisodiy qudratidan foydalanishi mavzusida ikkita tinglov o’tkazilib, Vashington qanday choralar ko’rishi mumkinligi muhokama qilindi.

Taklif etilgan ekspertlar Xitoy o’ziga qulay savdo kelishuvlariga erishish uchun kichik davlatlarga qanday bosim o’tkazishi, Xitoyda ishlamoqchi bo’lgan kompaniyalar intellektual mulkidan voz kechishga majburlanishini qonunchilarga tasvirlab berdi.

Xitoyning iqtisodiy siyosati, deydi ular, Prezident Si Zinpinning mamlakatini AQShdan ustun bo’ladigan dominant iqtisodiy o’yinchiga aylantirishga qaratilgan ambitsiyaning bir qismidir.

Donald Tramp prezidentligi davrida AQShning savdo vakili bo’lgan Robert Laythayzer deydiki, “Xitoy Kommunistik partiyasi o’nlab yillardan buyon AQShga qarshi iqtisodiy urush olib bormoqda”.

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi “Amerika Ovozi” yo’llagan savollarga javob bermadi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Van Venbin “Katta Yettilik” davlatlarining Xitoy haqidagi e’tirozlari haqida so’ralganda, shunday deydi:

“Iqtisodiy majburlash” siyosati yuzasidan tanqidga loyiq davlatlar haqida gap ketganda, aslida AQShni tanqid qilish kerak. Qo’shma Shtatlar milliy xavfsizlik konsepsiyasini haddan tashqari kengaytirgan, eksport nazoratini suiis’temol qilib, xorijiy kompaniyalarga nisbatan diskriminatsion va adolatsiz choralar ko’rmoqda. Bu bozor iqtisodiyoti va adolatli raqobat tamoyillariga zid”.

Innovatsiyalar yetakchisi kim bo’ladi?

AQSh Vakillar palatasining Xitoy bo’yicha qo’mitasi raisi, respublikachi Mayk Gallaxerning aytishicha, so’nggi 25 yil davomida AQSh hukumatlari Xitoyni global iqtisodiy hamjamiyatga qo’shishga harakat qildi, 1990-2000 yillarda unga savdo imtiyozlari berildi.

“Ammo Pekin Amerikaga xos optimizmni ekspluatatsiya qilish imkoniyati sifatida ko’rdi, shartnomalar va xalqaro majburiyatlarni o’zi uchun emas, boshqalar uchun ishlab chiqilgan qoidalar deb ko’rdi. Bunga chek qo’yish kerak, o’zimizni va erkin dunyoni himoya qilish vaqti keldi”, - deydi u.

Qo’mita a’zosi, demokrat Raja Krishnamurti “21-asrning qolgan qismida iqtisodiy va innovatsiyalar yetakchisi kim bo’ladi, Amerikami yoki Xitoy?” degan savolni o’rtaga tashlaydi.

Robert Laythayzerga ko’ra, amerikalik investorlar, ba’zida o’zlari bilmagan holda, Xitoy korporativ qarzlarini o’z ichiga olgan sarmoya fondlarida ishtirok etish orqali Xitoy kompaniyalariga subsidiya uzatmoqda.

Xitoy firmalari, deydi u, ma’lumotlarni oshkor etishga kelganda AQSh va boshqa rivojlangan mamlakatlardagi firmalar bilan bir xil talablarga rioya qilmasligi bois, AQSh kapital bozorlariga kirishga ruxsat berilmasligi kerak.

“Google” kompaniya sobiq bosh direktori Erik Shmidt Xitoydan orqada qolmaslik uchun rivojlanayotgan texnologiyalarga, jumladan sun’iy intellekt sohasiga zudlik bilan sarmoyani oshirishga chaqirmoqda.

Qarz tuzog’i

Kongressda o’tgan tinglovlardan birida qonunchi Yang Kim Xitoyning qo’shnilariga nisbatan munosabatini ham keskin tanqidga oldi. Uning ta’kidlashicha, Pekin o’zining “Kamar va yo’l” infratuzilma loyihasi orqali Shri-Lanka rahbarlarini haddan ziyod ko’p qarz olishga majburlab, bu davlatdagi inqirozga sababchi bo’lgan.

“Xitoy xorijda siyosiy maqsadlariga erishish uchun “Kamar va yo’l” orqali qarz tuzog’i diplomatiyasidan foydalanadi”, - deydi Yang.

O’tgan oy Shri-Lanka va uning kreditorlari qarzni qayta tuzish bo’yicha muzokaralarga kirishdi. Shri-Lankaning eng yirik kreditori bo’lmish Xitoy ularda qatmashmayapti.

Kongress a’zosi Ami Bera AQSh Xitoyni iqtisodiy jihatdan yakkalab qo’yishga urinayotgani haqidagi da’volarni rad etadi. U Xitoyning “iqtisodiy majburlash” siyosatiga qarshi choralar ko’rish uchun idoralararo ishchi guruhi tuzishni taklif etmoqda.

Agar shunday qonun qabul qilsak, deydi u, prezident Pekinning bosimiga uchragan sheriklar va ittifoqchilarga tezkor iqtisodiy yordam ko’rsatish, Xitoyni javobgarlikka tutish uchun yangi vositalarga ega bo’ladi.

Intellektual mulk o’g’riligi

Tinglovda ilg’or yarimo’tkazgichlar ishlab chiqarishda foydalaniladigan dasturiy vositalar ishlab chiqaruvchi “FemtoMetriks” kompaniyasi rahbari Alon Rafael ham so’zladi.

Uning qonunchilarga aytishicha, kompaniyaning uch sobiq xodimi, barchasi Xitoy fuqarolari, minglab fayllar va maxfiy ma’lumotlar bilan g’oyib bo’lib, keyinchalik Xitoy hududida “Weichong Semiconductor” degan kompaniyaga asos solishgan.

Rafael so’zariga ko’ra, “Weichong” uning kompaniyasi texnologiyalaridan foydalangan holda Xitoyda patent olish uchun ariza topshirgan, shuningdek, “FemtoMetriks”ning mavjud mijozlariga o’z xizmatlarini taklif etmoqda.

“Weichong” mustasno holat emas, balki Amerikaning intellektual mulkini o’g’irlashning yorqin misoli”, - deydi Rafael.

“FemtoMetriks” egizak kompaniyani sudga bergan, ammo Rafael tezda natija bo’lishiga va Xitoy hukumati uning foydasiga qaror chiqarishiga ishonmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG