Breaking News

Bayden-Tramp dueli: AQSh tashqi siyosati qanday bo'ladi?


AQSh prezidentligi uchun eski raqiblar Donald Tramp va Jo Bayden
AQSh prezidentligi uchun eski raqiblar Donald Tramp va Jo Bayden

Noyabr oyida o’tajak saylovda kim g’olib bo’lishidan qat’i nazar, Yaqin Sharq va Yevropada kechayotgan urushlar, dunyo raqobat maydonida AQSh va Xitoy kurashi Amerika diplomatlari uchun dolzarb masalalar sifatida qoladi. Mamlakatni kelasi to’rt yil davomida boshqarishga da’vogar Jo Bayden va Donald Tramp tashqi siyosati qanday bo’ladi?

2025-yilni tasavvur qiling: G’azoda doimiy sulhga erishish, Ukraina urushi taqdiri, Xitoy tahdidlari hanuz dolzarb masala bo’lishi mumkin.

Saylovda Jo Bayden yo Donald Tramp g’olib bo’ladimi, muammolar o’zgarmaydi.

Bayden ikkinchi muddatga saylansa, birinchi muddatidagi kabi global liderlikka intilish va ko’p tomonlama tashqi siyosat davom etadi.

“AQSh o’z qadriyatlari va qudrati bilan faol raqobatga kirishadi. Ittifoqchi va do’st mamlakatlarni himoya qiladi”, - deydi u.

Qolaversa, Bayden ma’muriyati ayrim zaif yo’nalishlarni kuchaytirmoqchi.

“Kongress bilan rivojlanayotgan dunyoga resurslar ajratish va’dasini amalda bajarish payidamiz”, - deydi milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi Jeyk Sallivan.

AQSh qarzlarni yengillashtirish dasturlari, taraqqiyot banklari islohoti va infrastruktura loyihalariga ko’proq sarmoya ajratish payida.

AQSh Xitoyning global taraqqiyot bo’yicha tashabbuslariga muqobil takliflar bilan chiqmoqda. Xususan, Zambiya, Kongo va Angolani bog’laydigan Lobito korridori loyihasini dastaklamoqda.

“Toza energiya ta’minot zanjirlari uchun transport imkoniyatlarini yaratishdan tashqari maqsadimiz Afrika qishloq xo’jaligi mahsulotlarini dunyo bozoriga yetkazish va mintaqada raqamli transformatsiyani jadallashtirish”, - deydi Sallivan.

Oq uyni Tramp egallasa, xalqaro taraqqiyotga u qadar e’tibor berilmaydi.

“Amerikani har qachongidan boyroq va qudratliroq qilish uchun so’nggi imkonimiz bor”, - deydi u.

Biroq Trampning “Amerika birinchi” shiori tashqi siyosat izolyatsiyaga asoslanadi degani emas.

“U tijorat va aloqalardan manfaat izlaydi. U tashqi siyosatda AQShning qudratidan o’zgacha foydalanish salohiyatiga ega”, - deydi Atlantika kengashi vakili Reychel Rizzo.

Isroilga shartsiz yordam, Ukrainaga shartli yordam, Xitoy bilan kuchli raqobat – bular Trampga aloqador “Amerika birinchi” siyosiy instituti navbatdagi to’rt yil uchun taklif etayotgan tashqi siyosat tamoyillari.

“Amerika birinchi” institutining navbatdagi har qanday ma’muriyati shu uch tamoyil asosida ishlashi tayin”, - deydi institut vakili Chad Volf.

Garchi noyabr saylovlarida kim zafar quchishi noma’lum, biroq tashqi siyosat hal qiluvchi faktor bo’lmaydi.

So’nggi so’rovlar aksariyat amerikaliklar e’tibori inflyatsiya, iqtisod, immigratsiya va jinoyatchilik muammolarida ekanini ko’rsatmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG