Breaking News

Jimmi Karterning Afg'onistonda jangarilarga yordami strategik qadam bo'lgan


Jimmi Karter, Oq uy, Vashington, 11-aprel, 1980
Jimmi Karter, Oq uy, Vashington, 11-aprel, 1980

Tarix kitoblarida prezident Ronald Reygen Sovet ittifoqini mag'lub etgan lider deb ko'riladi, qisman Afg'onistonda kommunizmga qarshi kurashgan jangarilarga yordam bergan holda. Biroq aslida bu ish AQShning undan oldingi rahbari Jimmi Karter davrida boshlangan.

Tashqi siyosatda no'noq deya tanqid qilingan demokrat Karter SSSRga qarshi guruhlarni hali Moskva qo'shinlari Afg'onistonga bostirib kirmasdan yo'lga qo'ygan. Tahlilchilar nazarida bu qadam jasorat va qat'iyatni aks ettirgan.

“Karter iymonli va e'tiqodli inson bo'ldi deb o'ylashlari aslida uning prezidentlikdan keyingi faoliyati bilan bog'liq. Oq uyda esa Karter kuch ishlatishdan qochmaydigan, jumladan atom qurollarini ishga solishga moyil va o'ziga xos shafqatsiz bir tarafi bilan yodda qolgan," - deydi Deyvid Gibbs, Arizona universitetidan tarixchi olim.

Afg'nistondagi jangarilarga Karter davrida shakllangan maxfiy yordam deyarli o'n yil davom etgan, ya'ni bu ko'makni Amerika ularga 1979-yilda Sovet kuchlari bostirib kirmasdan oldin yetkaza boshlagan. Bu haqdagi ma'lumotlar oradan 20 yilcha o'tib oshkor bo'lgan.

Amerika ekspertlari bu madad ta'sirini turlicha talqin qiladi. Ayrimlar nazarida jangarilarni quvvatlash SSSRga qattiq zarba bergan va pirovardida uning mag'lubiyatiga yetaklagan. Boshqalarga ko'ra esa bu yordamning kuchi Vashington istaganidek kuchli bo'lmagan va oqibatda bu jangarilarni uning o'ziga qarshi turishga yetaklagan. 2001-yilning 11-sentabridagi terror xurujlari ortidagi to'da bir paytlar AQSh ko'magini olgan tomonlar bo'lgan, deya eslatadi bu olimlar.

AQShning SSSRdagi elchisi Tomas Votson Prezident Jimmi Karter va Davlat kotibi Sayrus Vens bilan gaplashmoqda, Oq uy, Vashington, 5-yanvar, 1980
AQShning SSSRdagi elchisi Tomas Votson Prezident Jimmi Karter va Davlat kotibi Sayrus Vens bilan gaplashmoqda, Oq uy, Vashington, 5-yanvar, 1980

1978-yilning aprelida Afg'onistonda Muhammad Dovud hukumati kommunistlar tomonidan ag'dariladi. Yangi rejim boshlagan islohotlarga qarshi jangari kuchlar asosiy muxolifatga aylanadi.

Karter rahbariyati boshida kuzatish bilan cheklaadi. Ammo Amerika elchisi Adolf Dabs olib qochilib, o'ldirilgach, Oq uy siyosati darhol keskinlashadi.

AQSh o'z strategiyasini Saudiya Arabistoni va Pokiston bilan maslahatlashgan holda belgilaydi. Sovetlarni qoralovchi propaganda olib borish, noharbiy yordam va og'ir qurollar uzatish va jangarilarni treyningdan o'tkazish kabi rejalar tuzilgan.

Dastlab noharbiy ko'makning o'zi yetadi, degan qarorga kelingan, chunki harbiy madadga nisbatan SSSR yanada qattiqroq choralar ko'rishi mumkin degan xavotir bo'lgan.

1979-yilning 3-iyulida Karter imzo chekkan hujjat jangarilarga 695 ming dollar miqdorida ko'makka ruxsat bergan. 575 ming dollari naqd berilgan, qolgani texnika va dori-darmon sifatida ketgan. Ularni muhojidlarga Pokiston maxfiy xizmati yetkazgan.

Eronda 1979-yilda yuz bergan islomiy inqilob natijasida Vashington Tehrondagi ittifoqchisidan ayrilgan. Dunyoning bu qismlari AQShdan ko'proq e'tibor talab qila boshlagan.

Tarixchi Skott Kaufman deydiki, Karter uchun qayta saylanish birlamchi maqsad bo'lgan. Lotin Amerikasidagi mojarolarni hal etish, SSSR bilan atom qurollari nazorati yuzasidan kelishib olish va iqtisod Oq uy uchun prioritet edi, deydi Kaufman.

Jangarilarni quvvatlash sir bo'lsa-da, Karterning o'ziga ishonchini oshirgan. Moskva bilan urushga bormaslik muhim edi, ammo unga bu jihatdan zarba berish ham Vashington uchun strategik qadam bo'lgan, deya tahlil qiladi tarixchi.

AQSh Sovet Ittifoqi Fors ko'rfazida ham qanot yozishi mumkinligidan qo'rqqan va bu mintaqada ham Moskvaga qarshi kuchlarni olqishlagan, ularga yordamlashgan.

1979-yilning oxirgi kunlarida Afg'oniston rahbari Hafizulla Amin kommunistlar tomonidan qatl etilgach, Karter jangarilarga madadni yanada oshirgan.

1980-yilning noyabrida respublikachi Ronald Reygan prezidentlikka saylangach, Karterning maxfiy dasturi davom ettirilgan. Keyinchalik ko'mak bir necha million dollarga kengaygan. Oq uy bora-bora bu jangarilar kuchi bilan SSSRni Afg'onistonda yiqitishni ko'zlagan.

"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan qator ekspertlar xulosa qilishicha, Karter bir muddatgina xizmat qilsa-da, tashqi siyosatda tarixiy davrni boshlab bergan va uning mevasi sovuq urush yakunlanishi uchun zamin yaratgan.

XS
SM
MD
LG