Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" (HRW) tashkilotining bu yilgi hisobotida dunyo bo'ylab yakkahokimlik, huquqbuzarlik va adolatsizlik yanayam keng qanot yozgani bayon qilinadi.
100 davlatdagi ahvol 546 betlik hisobotda tasvirlab berilar ekan, Ukraina, Rossiya, Afg'oniston, Xitoy, G'azo, Sudan, Gaiti va boshqa ko'plab o'lkalaridagi vaziyatga e'tibor qaratiladi.
Hukumat o'z aholisi haq-huquqlarini himoya qilishi shart; xavfsizlik va qonunb ustuvorligini ta'minlash har bir tizimning birlamchi vazifasi, deya ta'kidlanadi.
HRW Nyu-Yorkda asoslangan nohukumat va notijoriy xalqaro tashkilot bo'lib, biror hukumatdan mablag' olmaydi. U xayriyadan va xususiy manbalardan tushgan moliya evaziga faoliyat yuritadi.
Tashkilotga ko'ra, Donald Trampning oldingi prezidentligi davrida AQShda huquq ahvoli yomonlashgan va bu inson rahbarlikka qaytar ekan, bu borada xavotirlar oshgan, jumladan irqchilik, migrantlarga nisbatan munosabatning salbiylashishi, xotin-qizlar va ozchilikdagi odamlarning erkinligini toptash hollari.
HRW hisobotida Markaziy Osiyoning besh respublikasi huquqbuzar va avtoritar boshqaruvlar ostidagi muhit deya aks etadi. O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmanistonda ijobiy hollar deyarli kuzatilmagan. Birortasida sudlar mustaqil emas, parlamentlar qo'g'irchoq va prezidentlar yakkahokimlar, deb urg'u beriladi tahlilnomada.
O'zbekistonda inson huquqlari himoyasi hamon harob ahvolda va 2024-yilda o'nlab faollar, blogerlar va boshqalar adolatni targ'ib qilgani uchun ham tazyiqqa olingan. Prezidentni internetda haqorat qilganlik aybi bilan fuqarolar qamoqqa tashlangan. Tuzumni, xususan rahbariyatni tanqid qilish jinoyatga tenglashtirilgan, deya tanqid qiladi HRW. Adliya sohasida islohotlar sezilmaydi, shunindek, hibsda qiynoqlar va noinsoniy munosabat tinmagan, deya xulosa qiladi xalqaro tashkilot.
O'zbekistonda, deya qayd etadi HRW, inson huquqlarini buzgan mutasaddi jazoga tortilmaydi va o'tgan bir yil ichida ham bunday bo'lmagan.
Fuqaro jamiyati mustaqil emas, faqat hukumatni olqishlagan nohukumat tashkilotlar erkin ishlay oladi. Qoraqalpog'iston, Andijon, Qashqadaryo, Toshkent va boshqa hududlarda faollar yetarlicha asossiz sudlangan va qamalgan, deya kuzatadi HRW.
O'zbekistonda qabul qilingan yangi qonunga binoan davlatni chetdan turib tanqid qilganlar ham endi jazolanadi, jumladan mamlakatdan haydaladi yoki unga kiritilmaydi.
So'z erkinligi, matbuot erkinligi, diniy erkinlik, siyosiy erkinliklar va umuman siyosatdan nolish tobora cheklanib bormoqda, deyiladi HRW hisobotida, va hukumatni biror jihatdan savolga tutish yana xavfli qadam deb qaraladi.
Majburiy mehnatga qarshi kurashayotgan faollar haliyam xavfsizlik organlari kuzatuvida, qolaversa gomoseksual insonlar huquqlarini himoya qilishga intilganlar zo'ravonlikka uchraydi, deb bayon qiladi HRW.
Turkmaniston - dunyoning eng yopiq tuzumlaridan biri ekan, davlatga kirib-chiqish amri mahol. Tahlilomada yoritlishicha, shaxsiy govohnomalar olish, pasportni yangilash, xalqaro tashkilotlarga ishlash, chetda mehnat qilish va migratsiya odamlar uchun azob-uqubat demakdir.
Hukumat hech qanday tushuntiruvsiz fuqaroni qamab qo'yishi, hujjatlarini bermasligi, xorijga chiqarmasligi, ishdan olishi, qilmagan ishini bo'yniga olishga majburlashi va boshqa jazolar qo'llashi mumkin.
BMT va boshqa xalqaro organlar qanchalik qoralab, tanbeh bermasin, Turkmaniston rahbariyati biror tomonga javob bermaydi va respublikada aholi rohatda yashamoqda, deya takrorlayveradi.
2024-yilda chet eldagi turkman faollarning oilalariga bosim tinmagan. Dindor va mustaqil fikrlovchi insonlarga tazyiqlar oshgan. Turkmanlar hatto qo'shni mamlakatlarga sayohat qilishi yanayam qiyinlashgan.
Qozog'istonda qo'shni davlatlardagi kabi uyushish, so'z va fikr erkinligi, nohukumat tashkilotlar tuzish, namoyishga chiqish kabi huquqlar cheklangan va islohot qanchalik va'da qilinmasin va hukumat bu borada bong urmasin, vaziyat yaxshilanmagan, deya xulosa qilmoqda HRW.
Oilaviy zo'ravonliklar deyarli tergov qilinmaydi. Adliya va huquq tartibot tizimida poraxo'rlik keng. Tashkilot, shuningdek, siyosiy faollar tinimsiz sudlanishi va qonunbuzarlik hollari deyarli tekshirilmasligiga diqqat qaratadi.
Prezident Qosim-Jo'mart To'qayev demokratik tizimni shakllantirishga so'z bergan, biroq biror muxolif fikr va harakatga toqat qilinmaydi. Mustaqil partiya tuzish va tanqidiy platforma bilan chiqish tizimga qarshi jinoyatdek ko'riladi.
HRW Qozog'istonda migrantlar huquqlari, kambag'allikka qarshi kurash va boshqa ijtimoiy sohalarda ham huquqbuzarlik normal hol ekanini eslatadi.
Qirg'izistonda 2024-yil media, jurnalistlar va blogerlar uchun o'ta og'ir davr bo'ldi va vaziyat ijobiy tomonga siljimayapti.
O'nlab matbuotchilar qamoqda, xorijiy vakil deb tamg'alangan tashkilotlar va shaxslar bosim ostida ishlaydi, so'z va matbuot erkinligi orqaga ketgan, deya tasvirlaydi HRW.
"Kloop Media" kabi mustaqil OAVlar faoliyati to'xtatilgan, yangilariga ochilish uchun yo'l berilmaydi.
BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar Prezident Sadir Japarov va uning boshqaruvini adolatli bo'lishga undasa-da, natija yo'q, deyiladi tahlilnomada.
Qirg'izistonda haqorat va tuhmatga nisbatan keskinroq tartib va jazolar taklif qilingan.
HRW qayd etishicha, Qozog'iston kabi bu mamlakatda ham ayollarni oilada urish va hatto o'ldirishga nisbatan jiddiy chora ko'rilmaydi. Hukumat shu kungacha bu borada nomiga qadam tashlamoqda, xotin-qizlarni azoblashga tizim hamon qabih jinoyat deb qaramaydi.
Xalqaro tashkilot aniqlashicha, Qirg'izistonning Tojikiston bilan chegaradosh hududlarida ham inson huquqlari muntazam toptaladi. Har ikki tomonda qonun ustuvor emasligi aholi hayotini yanayam murakkablashtiradi, deyiladi hisobotda.
Tojikiston hukumati chet eldagi tanqidchilaridan qutulish uchun ularni majburan mamlakatga qaytarish va qamash bilan ovora. Ichkarida vaziyatdan shikoyat qilish ham noqonuniy harakat sanaladi, deya tasvirlaydi HRW.
Tog'li Badaxshonda Dushanbega nisbatan qarshilik kuch bilan bostirilgan va u yerdagi ahvolni hech kim tekshira olmaydi.
Xotin-qizlar uyda, ishda, qolaversa diniy va keng miqyosda eziladi, ammo birortasiga hali ham jinoyat deb qaralmaydi, deyiladi HRW tahlilnomasida.
Ayollarga ishlash uchun ruxsat beriladigan sohalar hozirda ko'paytirilgan, ammo ular hamon har yerda cheklovlar bilan yuzlashadi.
Tojikiston hukumati xorijdagi fuqarolarni ham o'z hamkorlari orqali bosim ostida ushlab turadi, ularning ekstraditsiya qilinishini ta'minlaydi. Yevropa davlatlaridan tortib Turkiya va Rossiyagacha, Prezident Emomali Rahmon barcha vositalarni ishga solgan holda muxolifatning ovozini o'chirish bilan ovora, deya tasvirlaydi xalqaro huquq tashkiloti.
Rossiyadagi mehnat migrantlariga nisbatan tazyiq ayniqsa Moskvadagi terror hujumlaridan keyin oshgani kuzatiladi. HRW bu huquqbuzarliklarda ham hukumatning keng rolini ko'radi.