Breaking News

HRW: Tojikiston-Qirg'iziston chegarasida urush jinoyatlari amalga oshirilgan


Inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilot "Human Rights Watch" xulosa qilmoqdaki, Tojikiston va Qirg'iziston chegarasida o'tgan yil urush jinoyatlari amalga oshirilgan
Inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilot "Human Rights Watch" xulosa qilmoqdaki, Tojikiston va Qirg'iziston chegarasida o'tgan yil urush jinoyatlari amalga oshirilgan

2-may kuni inson huquqlari bo'yicha xalqaro "Human Rights Watch" (HRW) tashkiloti chiqargan hisobotga ko'ra, o'tgan yilning sentabr oyida Tojikiston va Qirg'iziston chegaralaridagi to'qnashuvlarda harbiylar qonli jinoyatlarni amalga oshirgan.

HRW uch chaqiriq bilan chiqmoqda: Birinchidan, chegarada boshqa bunday holatlarga yo'l qo'ymaslik. Ikkinchidan, qurbonlarning oilalariga tovon to'lash va adolatni ta'minlash. Uchinchidan, xalqaro hamjamiyat aralashgan holda bu voqealarni izchil tekshirish.

89 betli hisobot 2022-yilning sentabridagi otishmalar va ularning oqibatlarini tahlil qiladi.

14-17-sentabr kunlari Qirg'iziston kuchlari tez yordam mashinalarini o'qqa tutgan. 10 fuqaro o'ldirilgan. Tojikiston askarlari oddiy odamlar ketayotgan avtomobillarni nishonga olgan. Kamida sakkiz kishi nobud bo'lgan. Qirg'iziston qishloqlari talangan va mulklar yoqib yuborilgan.

HRW tadqiqotchisi Jan-Baptist Gallopin aniqlashicha, chegaraning har ikki tomonida aholi harbiy harakatlardan behisob zarar ko'rgan. Biroq ularning dardi bilan hech kim shug'ullanmagan, hozirgacha ham huquq tartibot va adolatdan darak yo'q.


HRW biror mojaroda biror tarafning oldini olmasligini ta'kidlaydi. Bu hisobot, deydi Gallopin, xalqaro insonparvarlik qonunlari amaliyoti bilan bog'liq muammolarni ochib beradi.

Tashkilot o'tgan kuz hududni aylanib, 86 kishi bilan muloqot qilgan. Ularning 69 nafari mojaroni yaqindan ko'rgan, uning ichida bo'lgan odamlardir.

Qishloqlardagi vaziyat o'rganilgan, shuningdek, konflikt paytida olingan suratlar va videolar analiz qilingan.

HRW har ikki hukumatga qator savollar bilan murojaat qilgan. Bishkek o'z javobida uning fuqarolari qo'shni davlat armiyasi tomonidan o'ldirilganiga urg'u bergan. Dushanbe sukutda.

Tojikistonning Qirg'iziston tomonidan o'qqa tutilgan tez yordam mashinasi
Tojikistonning Qirg'iziston tomonidan o'qqa tutilgan tez yordam mashinasi

Hisobotga ko'ra, o'tgan yilgi qonli voqealarda 37 kishi halok bo'lgani haqida isbot-dalil bor, jumladan, besh bola. 36 kishi yaralangan.

Media o'sha paytda 51 odam o'ldi va 121 nafari jarohatlandi, deb xabar tarqatgan. HRW aniqlashicha, Qirg'izistonda taxminan 130 ming aholi qochishga majbur bo'lgan. 2023-yilning yanvarida ularning 4000 nafari uyiga hamon qaytmagan edi.

Gap Farg'ona vodiysining qaynoq qismi haqida ketmoqda. Qirg'izistoning suvga boy Botken viloyati va Tojikistonning ekinzorlar joylashgan bepoyon shimoliy hududlari.

Chegara chiziqlari aniq emas ekan, aholi orasida ziddiyatlar kuzatiladi va hukumatlar tezlikda harbiylarni safarbar etadi. 2021-yilda ham otishmalar yuzaga kelgan.

Talangan xonadonlardan biri, Tojikiston-Qirg'iziston chegarasi
Talangan xonadonlardan biri, Tojikiston-Qirg'iziston chegarasi

Hozirda hukumatlar muzokarada ekani, chegaraviy muammolarni hal etishga urinayotganini ta'kidlaydi.

40 yoshli ayol guvohning HRWga aytishicha, 2022-yilning 16-sentabri eng qonli kun bo'lgan.

63 yoshli ayol esa eri va o'g'li qanday yaralanganini aytib bergan. Qirg'iz oilani Tojikiston kuchlari otgan.

O'sha kuni Tojikiston tibbiy xodimlari Qirg'iziston harbiylari nishonida qolgan, vaholanki, xalqaro qonunlarga ko'ra, tez yordam mashinalariga har qanday mojaroda tegilmasligi shart.

Chegara bo'ylab zarar ko'rgan hududlar qizil rangda belgilangan
Chegara bo'ylab zarar ko'rgan hududlar qizil rangda belgilangan

Tojikiston qurolli kuchlari va fuqaro kiyimidagi odamlar yuzlab uylar, muassasalar, rasmiy idora va kasalxonalarga bostirib kirgan, o't qo'ygan va u yerdagi ashyolarni olib chiqib ketgani haqida ma'lumotlar bor. Bir necha qishloq olov ichida qolib ketgan, deya tasvirlaydi HRW hisoboti.

Bunday ishlarni taqiqlovchi qonunlar bor, ammo Bishkek va Dushanbe shu kungacha ham chora ko'rmagan, hech kimni javobgarlikka tutmagan va o'zi ham mas'uliyatni zimmasiga olmagan.

Aholi tinchligiga raxna solish, suv va boshqa zarur manbalarga to'siq qo'yish, sog'liqni saqlash va ta'lim tizimlarini ishdan chiqarish - qabih jinoyatlardir. Xalqaro hamjamiyat bu masalada har ikki davlat bilan ishlashi, yordamlashishi, shuningdek, choralar talab qilishi kerak, deydi HRW.

Xavfsizlik kuchlari insonparvarlik bo'yicha malaka oshirishi, fuqarolar bilan ishlashni o'rganishi, tolerantlik va totuvlikni targ'ib qilishdan saboq olishi shart.

Qirg'iziston va Tojikistonni siyosiy hamkori va biznes sherigi deb biladigan davlatlar, g'arbdami yo sharqda, bunday qonli to'qnashuvlardan zarar ko'rishi muqarrar ekanini bilishi kerak. HRW avvalo inson huquqlari hurmat qilinsin, deya undamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG