Breaking News

Isroil va XAMAS otashkesimga kelishdi


XAMAS va Isroil uch bosqichli otashkesimga kelishib, G’azo ahlining cheksiz xursandchiligiga sabab bo’ldi. XAMAS Isroilda garovga olingan odamlarni ozod etishga, Isroil esa falastinlik mahbuslarni qamoqxonalardan chiqarib, sektordagi harbiy harakatlarini keskin cheklashga va’da berdi.

Xalqaro hayot - 16-yanvar, 2025-yil - Isroil va XAMAS otashkesimga kelishdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:42 0:00

Oq uyda so’nggi kunlarini o’tkazayotgan Jo Bayden kelishuvni olqishlab, dushanbadan prezidentlikni boshlayotgan Donald Trampga otashkesimga amal qilishni tayinladi.

Tramp o’z ijtimoiy sahifasida uning ma’muriyati arab-Isroil aloqalarini yaxshilashga zo’r berishini aytdi.

U bungacha XAMASni ogohlantirib, harakat otashkesim shartlarini qabul qilmasa, unga jahannamni ko’rsatishga do’q-po’pisa qilgan edi.

“G’azo ahliga bundan ortiq jahannamni ko’rsatishni keragi yo’q. Ular usiz ham jahannamda yashashyapti. Nazarimda, Tramp Bosh vazir Netanyaxuga ham bosim qo’ygan bo’lishi mumkin. Shuning uchun ish tezlashib ketdi”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq institutidan Miret Mabruk.

Qatar bosh vaziriga ko’ra, kelishuvning olti haftalik birinchi bosqichida 33 nafar isroillik garovdan chiqariladi, G’azoga gumanitar yordam ko’paytiriladi, Isroil qo’shinlarini aholi punktlaridan chiqaradi, falastinliklarda uylariga qaytishga imkon tug’iladi. Shu davr mobaynida keyingi bosqich shartlari xususida kelishiladi.

Xalqaro hamjamiyat Falastinning mustaqil davlat bo’lishini xoxhlaydi, biroq ayrim kuzatuvchilar bunga shubha bilan qaramoqda.

“Tramp ma’muriyati paytida bunga erishiladi deb o’ylamayman. Ya’ni men bu bilan Tramp ma’muriyatini tanqid qilmoqchi emasman. Shunchaki isroilliklar va falastinliklarni ikki davlat yechimi uchun zarur jiddiy kelishuvlarga erishishga tayyor deb o’ylamayman”, - deydi Vashingtondagi yahudiy tashkilotidan Jonatan Ruh.

Agar kelishuvning birinchi bosqichi rejadagidek o’tsa, taraflar mojaroga batamom yakun yasashga, Isroilga qo’shinlarini sektordan to’liq chiqarishga, garovdagi odamlarning qolganlarini ozod etishga imkon beruvchi ikkinchi bosqich shartlarini muhokama qilishadi. Uchinchi bosqich esa G’azoni qayta tiklash, boshqaruvini yo’lga qo’yish, xavfsizlik tizimini yaratishga qaratiladi.

Isroil hukumati va xavfsizlik mahkamasi payshanba kuni kelishuvni ovozga qo’yishi kerak edi, biroq Bosh vazir Benyamin Netanyaxu XAMASni bitimga qo’shimcha o’zgartirishlarni kiritishni talab qilayotganlikda aybladi.

Netanyaxu hukumatidagi ayrim millatchi vazirlar kelishuvga qarshi, hatto hukumatdan chiqishi haqida ogohlantirdi.

Kuzatuvchilar kelishuv ijrosi silliq bo’lishini kutgani yo’q. Garchi XAMAS, “Islomiy jihod”, yamanlik xusiylar, Iroqdagi qurolli islomiy guruhlar otashkesimga amal qilishini bildirayotgan bo’lsa-da, tahlilchilar to’qnashuvlar davom etishini, Isroil askarlari harbiy harakatlarini butunlay to’xtatmasligini taxmin qilmoqda.

“Nazarimda Isroil G’arbiy Sohilda bo’lgani kabi G’azoda muntazam reydlar o’tkazib turadi. Bunga ko’p sonli askar kerak bo’lmas, harakatlanish erkinligi bo’lsa bas”, - deydi “Jerusalem Post” gazetasining harbiy tahlilchisi Yonax Bob.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Isroil G’azoning ba’zi joylarida uzoqroqqa qolishga hozirlanmoqda.

Buni G’azoning shimoliy va janubiy qismlarini ajratib turuvchi Netzarim koridoriga asfalt yo’l yotqizilganidan, o’nlab kazarmalar qo’yilganidan taxmin qilsa bo’ladi, biroq Isroil armiyasi bunday reja yo’qligini ta’kidlaydi.

“Hukumatimiz nima desa shu. Zarur bo’lsa, 24 soat ichida hududni tark etishimiz mumkin”, - deydi armiya so’zlovchisi Nadav Shoshani.

Eron va XAMAS Isroil G’azoda o’z maqsadlariga erisha olmaganini, qarshilik kuchlari g’alaba qozonganini da’vo qilmoqda.

Isroillik tahlilchilar XAMASda Isroilga tahdid solishga hali ham salohiyat borligini aytarkan, Isroil sektordan qo’shinlarini chiqarganidan so’ng XAMAS kuchini tiklashi haqida ogohlantirmoqda.

"XAMAS harbiy ma’noda batamom tor-mor etilgani yo’q, G’azo Sektorini hali ham nazorat qilyapti. Bu Isroilning ikkita asosiy maqsadi edi va ular amalga oshgani yo’q. Shu ma’noda hozirgi kelishuvni strategik jihatdan yaxshi deb bo’lmaydi. Ammo ma’naviy tarafdan, odamlarimizni qaytarishning milliy nuqtai nazaridan yaxshi desa bo’ladi”, - deydi Isroil mudofaa kuchlarining sobiq so’zlovchisi Jonatan Konrikus.

Isroil armiyasi XAMAS kelajakda unga hujum qilmasligi uchun chegaradan bir kilometrlik bufer zona o’rnatmoqchi ekanini bildirmoqda.

XAMAS va Isroil o’rtasida otashkesimga kelishilganiga qaramay, Isroil payshanba tunda sektorni havodan o’qqa tutib, 70 dan ziyod odam, jumladan bolalarni o’ldirgan.

“Shumi otashkesim? Bu yosh qizaloqning aybi nimada?”, - deydi Isroil hujumida qiz jiyanini yo’qotgan bir g’azolik.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG