Ta’kidlanishicha, so’nggi yillarda O’zbekistondan Yevropaga yuk tashish muddati ikki barobarga, xarajatlar esa 1,5 barobarga oshgan. Yevropa davlatlariga kirishdagi ayrim chegara punktlari yopilgan, ayrimlarida tirbandlik o’ta kuchaygan.
O’zbekiston Transport vazirligiga tayanib tarqatilgan bu ma’lumotda Rossiya-Ukraina urushi tilga olinmaydi, faqat dunyodagi geosiyosiy vaziyat O’zbekiston transport logistikasi uchun qiyinchiliklar tug’dirgani, “muammoli davlatlarni” aylanib o’tuvchi yo’llar zarurligiga diqqat qaratiladi.
Transport vazirligi tomonidan “Transport va logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari” doirasida ishlab chiqilgan yangi konsepsiya shu muammolarni, aniqrog’i Rossiya hududini chetlab o’tuvchi muqobil yo’nalishlardan foydalanishni nazarda tutadi.
Dengizdan mahrum, Markaziy Osiyoning qoq o’rtasida joylashgan, dengiz portlariga chiqish uchun kamida ikki davlat hududini bosib o’tishga majbur O’zbekistonning transport logistikasi faqat quruqlik yo’llariga tayanadi.
Mamlakat iqtisodi, eksport-import imkoniyatlari uchun o’ta muhim bo’lgan bunday yo’llar, yo’nalishlar esa ko’p emas, hozirgacha savdo aloqalari, yuk tashish asosan Rossiya orqali o’tuvchi shimoliy koridorga tayanib kelayotgan edi.
Rossiyaning Ukrainadagi urushi nafaqat Ukraina, balki dunyodagi boshqa davlatlarning ham iqtisodiy va savdo aloqalariga jiddiy shikast yetkazdi, jumladan logistika tizimiga.
Urush ortidan Rossiya G’arbning keskin sanksiyalariga uchradi, Rossiyadan Ukraina orqali Yevropaga chiqish imkoniyati qirqildi, Rossiya orqali bevosita Yevropaga ulangan boshqa koridorlar ham xatarli hududga aylandi.
Bu tovarlar harakati asosan shimoliy oqimga bog’lanib qolgan O’zbekiston iqtisodiga ham o’z ta’sirini o’tkaza boshladi. Har holda, Transport vazirligi tomonidan taqdim qilingan “Transport tizimi va logistikani rivojlantirish” konsepsiyasi muqobil yo’nalishlarni topish, ularni rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig’iga ko’ra ishlab chiqilgan konsepsiyada xalqaro yo’nalishda yuk tashish uchun tanlangan bir nechta koridorlar ko‘rsatilgan, ularni rivojlantirish, infratuzilmalar tashkil etish bo’yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Bu yo’nalishlarning hammasi konsepsiyada “muammoli hudud” sifatida belgilangan Rossiya hududini aylanib o’tishi bilan diqqatli.
Konsepsiya Turkmaniston – Eron – Turkiya – Yevropa, Turkmaniston – Ozarbayjon – Gruziya – Yevropa, Andijon – O’sh – Irkeshtam – Qashg’ar, O’zbekiston – Afg’oniston – Pokiston yo’nalishlarini nazarda tutadi.
Asosiy maqsad yuk tashish muddatlarini qisqartirish, xarajatlarni kamaytirish, yuk yetkazish xavfsizligini ta’minlash ekanligi aytilmoqda. O’zbekiston logistika tizimini rivojlantirish uchun bojxona nazoratini soddalashtirish, infratuzilmalarni yaxshilashni ham rejalashtirmoqda.
Bu yo’nalishlarning ayrimlaridan O’zbekiston foydalanib keladi, xususan Ozarbayjon orqali o’tuvchi koridordan. Ayrimlari esa hali istiqboldagi loyihalar, xususan O’zbekiston tomonidan bir necha yillardan buyon olg’a surib kelinayotgan O’zbekiston – Afg’oniston – Pokiston yo’nalishi.
Transafg’on koridori sifatida tanilgan bu yo’nalish yuklarni Afg’oniston orqali Pokiston dengiz portlariga yetkazishni maqsad qiladi. Loyiha o’n yillardan buyon muhokamada. Asosiy ishtirokchi tomonlar - Tolibon hukumati va Pokiston ham bunga qarshi emas. O’zbekiston bu loyihaga mintaqaning boshqa davlatlarini jalb etishga urinib ko’rdi, ammo hozircha aniq natija qayd etilgani yo’q.
Janubiy koridor sifatida tanilgan loyiha ham so’nggi paytda Eron atrofida kuzatilayotgan voqealar bois xatardan xoli deb ko’rilmayapti.
Hozircha mintaqani Yevropa bilan bog’lovchi eng xavfsiz yo’nalish Ozarbayjon va Turkiya orqali Yevropaga chiquvchi transkaspiy koridori bo’lib qolyapti.
O’zbekistonning transport-logistika tizimiga doir yangi konsepsiyasi 2030-yilgacha mo’ljallangan. Bu konsepsiya doirasida Yevropa davlatlari, xususan Belgiya, Serbiya, Norvegiya, Albaniya, Ruminiya bilan xalqaro yuk tashish bo’yicha bitimlar imzolash, Xitoy, Eron, Belarus, Ukraina bilan mavjud shartnomalarni qayta ko’rib chiqish rejalashtirilgan.
Rossiyaning Ukrainadagi urushi Markaziy Osiyoga doir vaziyatga o’z ta’sirini ko’rsatmoqda.
Avval mintaqaning Yevropa bilan iqtisodiy aloqalari, logistikasi asosan Rossiya orqali amalga oshgan bo’lsa, yangi geosiyosiy reallik Markaziy Osiyodan Yevropa bilan bog’lanishning muqobil yollarini topish, rivojlantirishni talab etmoqda.
Bu mavzu Yevropa va Markaziy Osiyo liderlari muhokamasidan ham chetda emas.
Sentabr oyida Qozog’istonda Markaziy Osiyo va Germaniya muloqoti bo’lib o’tdi. Mintaqa liderlari va Germaniya kansleri ishtirokida o’tgan bu muloqotda o’rtadagi hamkorlik, mintaqani Yevropa bilan bog’lovchi savdo yo’llarini rivojlantirish masalasi ham muhokama qilingan edi.