Breaking News

Grenlandiyadan Tramp da'volariga javob


Grenlandiya
Grenlandiya

Daniyadan salkam 3000 kilometr olisda, ammo yuridik tomondan unga qarashli Grenlandiya orolini Donald Tramp AQShga qo’shib olmoqchi.

Trampning o’g’li yaqinda Grenlandiya poytaxti Nuuk shahrida bo’ldi. Uning tashrifi orol aholisi o’rtasida qizg’in bahslarni qo’zg’adi.

Tramp ahdida qat’iy ko’rinadi: Qasamyod marosimidan bir necha soat o’tib, prezident Grenlandiyaga egalik da’vosini yana bir bor takrorladi.

Xalqaro hayot - 22-yanvar, 2025 - Grenlandiya, AQShning yangi davlat kotibi, Suriya
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:24 0:00

“O’g’lim AQSh delegatsiyasi tarkibida Grenlandiyada bo’ldi. Orol aholisi mamnun. Grenlandiya AQSh uchun emas, xalqaro xavfsizlik uchun muhim”, - dedi Tramp.

Grenlandiyani Tramp birinchi prezidentligi paytida sotib olmoqchi edi. 57 ming aholiga ega orol ma’muriyati Vashington da’volariga qarshi javob bermoqda.

“Sotiladigan tovar emasmiz”, - deydi Grenlandiya Tabiiy resurslar va adliya vazirasi Naya Nataniyelsen.

Tramp Grenlandiyada nazorat o’rnatish uchun iqtisodiy yoki harbiy bosim qo’llash ehtimolini inkor etmayapti. Yevropa xavotirda. Grenlandiya AQSh bilan mushtarak qarashlarini yashirmayapti.

“Da’vogarlik ritorikasi hisobga olinmasa, AQSh ikki muhim masalani ko’tarmoqda. Birinchisi, milliy xavfsizlik. Bu masalada qarashlarimiz mushtarak. Zotan, yillardan beri maqsadimiz shunday. Ikkinchisi, Grenlandiyada konchilikni rivojlantirish. Bunday muzokaraga ham ochiqmiz”, - deydi Nataniyelsen.

Grenlandiyada aprel oyida saylov o’tadi. Hukumat Daniyadan to’liq mustaqillikka erishish yuzasidan referendum ham o’tkazish payida.

Grenlandiyada bir necha asrlik Daniya nazoratiga chek qo’yishga doir siyosiy tebranish kuchaygan, deydi mahalliy jurnalist Arnak Nilsen.

“Ayni damda Daniya va Grenlandiyaning murakkab munosabatlari yangicha tus olgan. Kutilmaganda, kichik Tramp kelishi bilan jarayon keskinlashdi. Ayrimlar uning tashrifidan boshi osmonda. Ayrimlar esa g’azabda”, - deydi jurnalist.

Ijtimoiy tarmoqlar hissiyotlarni kuchaytirmoqda. “YouTube” inluenserlari AQSh dollarlari va bosh kiyimlarini tarqatmoqda.

Tramp da’volari borasida Grenlandiya aholisi ikki qarama-qarshi tarafga aylangan.

“Vaziyat og’ir. Siyosatchilar xato yo’ldan ketmoqda. Ular vakolatidan tashqaridagi vasvasa domida”, - deydi rezident Pyer Kemnits.

“Ayni damda Grenlandiya jahon e’tiborida. Bu ijobiy holat. Orolga e’tibor yanada kuchayishi kerak”, - deydi yana bir fuqaro Aka Gronvold.

Tramp da’volari davom etar ekan, Grenlandiya dunyoning e’tibor markazida qolaveradi. Orol aholisining katta qismi esa Grenlandiya taqdirini xalqning o’zi belgilashi kerak, degan fikrda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG