Breaking News

Grenlandiya Trampga nega kerak?


AQSh Prezidenti Donald Tramp Grenlandiyaning Qo’shma Shtatlar uchun ahamiyatiga yana bir bor urg’u berdi. Arktikadagi orolga egalik qiluvchi Daniya Trampning Grenlandiyani sotib olish rejasidan xavotirda.

Kopengagen Rossiya va Xitoydan taralayotgan tahdid oshayotganini ta’kidlarkan, Grenlandiya xavfsizligiga yetarlicha sarmoya qilmaganini tan olmoqda.

Xalqaro hayot - 23-yanvar, 2025-yil - Isroil G’arbiy Sohilda amaliyot olib bormoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:59 0:00

Daniyaning Arktika qo’mondonligi Grenlandiya xavfsizligini orol poytaxti Nuukda joylashgan kichik harbiy shtabdan nazorat qiladi. Grenlandiya maydoni 2,1 million kvadrat kilometr bo’lib, Daniyanikidan 50 baravar katta.

Grenlandiyaning 80 foizini muz qoplagan. AQSh orolni o’z xavfsizligi uchun strategik jihatdan muhim deb biladi.

“Rossiya raketalari uchun AQShgacha eng qisqa yo’l Shimoliy qutb orqali, Grenlandiya orqali yotadi”, - deydi Daniyaning qirollik mudofaa kollejidan Mark Yakobsen.

Prezident Tramp Daniyani orol xavfsizligini yetarlicha ta’minlamayotganlikda ayblarkan, Grenlandiyani undan olib qo’ymoqchimi?

“Atrofida rus kemalari, Xitoy kemalari, harbiy kemalar yuribdi. Daniya uni boshqara olmayapti”, - deydi Tramp.

Daniya Grenlandiyani eskirayotgan to’rtta dengiz patrul kemasi, razvedkachi samolyot va it chanalarida yuradigan patrul yordamida nazorat qiladi.

Kopengagen yangi dronlarga, kemalarga, askarlar va F-35 qiruvchi samolyotlarini qabul qiluvchi aviabazaga bir milliard dollar sarmoya qilmoqchi. Daniyalik rasmiylar o’tmishda orolga yetarlicha e’tibor berilmaganini tan olmoqda.

“Ko’p yillar davomida kemalar, qirollikni kuzatishda yordam beruvchi samolyotlarga zarur sarmoyalarni e’tiborsiz qoldirdik. Hozir shu bilan shug’ullanmoqchimiz”, - deydi Daniya Mudofaa vaziri Troels Lund Polsen.

AQShning Ikkinchi jahon urushidan beri Grenlandiyada harbiy bazasi bor. “Pituffik” fazo bazasida 200 ga yaqin harbiy, raketa hujumi haqida ogohlantiruvchi, mudofaa va fazodan kuzatuv olib borish tizimlari joylashgan.

“AQSh orolda turli xil harbiy amaliyotlar olib borish uchun Grenlandiyada harbiy salohiyatini oshirmoqchimi? Eng katta savol mana shu. Daniya hukumati Tramp ishlatayotgan “nazorat” so’zini anglashga harakat qilmoqda, chunki “nazorat” bir necha ma’noni bildiradi. Hududning bir qismini nazorat qilishmoqchimi? Yoki u yerga ma’lum miqdorda harbiy texnika olib kirishni nazarda tutishyaptimi? “, - deydi Daniyaning qirollik mudofaa kollejining yana bir eksperti Yon Raxbek-Klemmensen.

Rossiya esa bu orada Arktikada harbiy salohiyatini oshirmoqda. Uning “Nagurskoye” harbiy-havo bazasida yadro qurollarini tashishga moslangan bombardimonchi samolyotlar, raketalari va kuzatuv tizimlari o’rnatilgan.

Rossiyaning yadro suvosti kemalari Arktika dengizlarini nazorat qiladi, Kreml yadroviy muzyorarlar flotini kengaytirmoqda.

Xitoy va Rossiya Arktikada qo’shma harbiy mashg’ulotlar o’tkazib turadi.

“Tahdid albatta mavjud, ayniqsa Rossiyaning mintaqadagi harbiy salohiyatidan. NATO davlatlari hozirda salohiyatini oshirishga harakat qilyapti”, - deydi Klemmensen.

Donald Trampning inauguratsiyasidan oldin AQShning Daniyadagi elchixonasi Grenlandiyada AQSh harbiylari va texnikasi sonini oshirish rejasi yo’qligi haqida bayonot bergan.

Biroq AQShda yangi prezident kelishi bilan reja o’zgarishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG