Breaking News

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi Davlat departamentiga qo'shiladi


Vashington turli davlatlarga beradigan noharbiy yordamning asosiy qismini AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi amalga oshiradi, jumladan Markaziy Osiyoda ham
Vashington turli davlatlarga beradigan noharbiy yordamning asosiy qismini AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi amalga oshiradi, jumladan Markaziy Osiyoda ham

Prezident Donald Tramp Amerikaning tashqi yordam dasturlarini uch oyga to’xtatib, isrofgarchiliklarni aniqlash uchun tekshiruvlar o’tkazishni buyurgan.

Noharbiy ko'makning aksariyat qismini yetkazadigan AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) vaqtincha yopilgan. Bu ishga mas'ul komissiyaga milliarder Ilon Mask rahbar. Prezident Tramp uning qarorlarini ma’qullagan.

3-fevral kuni Oq uy agentlikka Davlat kotibi Marko Rubio muvaqqat rahbar ekanini e'lon qildi. Rubio esa bu vazifani Trampning oldingi prezidentligi davrida USAIDda ishlagan Piter Marokko zimmasiga yuklagan.

Demokrat qonunchilar 3-fevral kuni Vashingtonda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi binosiga borib, xodimlarni quvvatlab, Tramp ma'muriyatini qoraladi
Demokrat qonunchilar 3-fevral kuni Vashingtonda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi binosiga borib, xodimlarni quvvatlab, Tramp ma'muriyatini qoraladi

Rubioning qayd etishicha, vahimaga hojat yo'q. USAID dasturlarining ko'pi davom etadi, faqat javobgarlik va samaradorlik kafotlananadi, deydi bosh diplomat.

AQSh Senatining Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Jim Rish USAIDni Davlat departamentiga qo'shish taklifi azaldan yangrab kelgan va bugungi o'zgarishlardan qo'rqmaslik zarur.

"USAID Davlat departamentining bir qismiga aylantirish jarayoni boshlangan. Biz bu borada xabardormiz". - deydi senator Rish.

Uning tasdiqlashicha, tashkilot tubdan isloh qilinib, yangi tartib va tamoyillar asosida ishlaydi.

Tramp ma'muriyati qayd etishicha, agentlik har yili Amerikaning yuzlab million dollarini isrof etiladi, xususan turli davlatlarda jinsiy salomatlik va LGBT huquqlarini himoya qilish bahonasi bilan, deyiladi Oq uy bayonotida. Misrda turizmni quvvatlash uchun 6 million dollar ajratilgani Amerikaga foydasi yo'q misol sifatida keltiriladi.

"Tramp prezidentligida bunday isrofgarchilikka yo'q qo'yilmaydi", - deyiladi bayonotda.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligiga 1961-yilda o'sha paytdagi davlat rahbari Jon Kennedi asos solgan
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligiga 1961-yilda o'sha paytdagi davlat rahbari Jon Kennedi asos solgan

63 yil oldin ochilgan va mustaqil agentlik sifatida ishlab kelgan USAID, demokratlar nazarida, Mask kabi "oligarxlar" tomonidan yo'q qilinmoqda va qonunlarga zid harakatdir.

Agentlikning sayti va dasturlar ishdan to'xtagan. Ko'plab odamlar ishdan haydalgan, tekshiruvda yoki ularga ishga kelmaslik buyurilgan.

“Bu - konstitutsion inqiroz", - deydi demokrat senator Kris Merfi.

U va boshqa qonunchilar USAID qarorgohiga borib, vaziyat bilan tanishgan. Tashkilotni quvvatlovchilar bino oldidan namoyishda.

Tramp, Mask va boshqa respublikachilar USAIDni nega nishonga olayotganidan ajablanayotganlar ham ko'p.

Tashqi yordam AQSh yillik xarajatlarining 1 foiziga ham yetmaydi.

Demokrat senator Kris Van Hollen deydiki, Mask yetakchilik qilayotgan tashabbus hokimiyatni noqonuniy egallash bilan tengdir va korrupsion harakat hisoblanadi.

“Bu ish bizning g'animlarimizga sovg'a. USAIDni prezident farmoni bilan yopish qonunni buzishdan boshqa narsa emas", - deydi senator.

Vashington ko'chalarida norozilik namoyishlari avj olmoqda, xususan AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi oldida
Vashington ko'chalarida norozilik namoyishlari avj olmoqda, xususan AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi oldida

Demokratlar masala allaqachon sudda ekanini aytib, Trampning turli lavozimlarga nomzodlarini o'tkazmaslikka bel bog'lagan, ammo ular Kongressda ozchilik ekan, ta'sir kuchi ham shunga yarasha.

USAIDga 1961-yilda Prezident Jon Kennedi asos solib, unga Amerika insonparvarligini aks ettiruvchi organ bo'lishdek mas'uliyatni yuklagan.

USAID 120 davlatda minglab loyihalar olib boradi va minglab kompaniyalar va nohukumat tashkilotlar bilan hamkor. Ishning to'xtashi va yordamning muzlashi dunyo bo'ylab iqtisodiy va moliyaviy zarar yetkazmoqda va ijtimoiy holatni og'irlashtirmoqda, deydi USAID ishi bilan tanish mutaxassislar.

Yuqumli kasalliklarga qarshi kurash, jumladan OITS kabi xastaliklarni bartaraf etishda USAID dunyo bo'ylab va ayniqsa Afrikada qattiq ishlagan.

USAIDga tayanadigan tashkilotlar yopila boshlagan, chunki moliyaviy inqirozga uchragan.

"Bu agentlik tashqi siyosatimizda muhim rol o'ynaydi. Zarari cheksiz bo'ladi", - deydi demokrat senator Brayan Shatz.

USAID 10 mingdan oshiq xodimag ega. Rahbarlardan 50 nafardan ziyodi tergov ostida. Ular ma'muriyatni asossiz gumonda ayblamoqda.

Xalqaro hayot - 3-fevral, 2025-yil - Tramp ma’muriyati Xalqaro taraqqiyot agentligini yopmoqchimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:49 0:00

“Tesla” avtomobilsozlik kompaniyasi va “SpaceX” fazo kompaniyasining asoschisi, X ijtimoiy media platformasining egasi bo'lmish Mask deydiki, USAID faoliyati har tomonlama ishda chiqqan.

USAID 2023-yilda jahon miqyosida, xususan mojaro zonalarida ayollar salomatligi, ob-hayot tanqis hududlarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va yuqumli kasalliklardan avolashga qaratilgan dasturlarga 72 milliard dollar sarflagan.

2024-yilda ko’rsatilgan xalqaro gumanitar yordamning 42 foizi USAIDning xizmati bo'lgan.

Tramp “Amerika Birinchi” shiori bilan qarorlar chiqarar ekan, Tailandda qochqinlar uchun lagerlar yopilishi, urush zonalarida minalardan tozalash, turli xil kasalliklardan azob chekayotgan millionlab odamlarni dori-darmon bilan ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar izdan chiqishi mumkin.

Hukumatni ixchamlashtirish, sarfiyatlarni kamaytirish orqali Tramp ma’muriyati kelasi yili AQSh tashqi qarzini 1 trillion dollarga qisqartirmoqchi.

Kongressdagi demokrat qonunchilar federal idora ochish yoki yopish prezident emas, qonunchilik organining vakolati ekanini aytib, Oq uy harakatlarini qoralamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG