Breaking News

USAIDning Markaziy Osiyodagi dasturlariga nima bo`ladi?


Vashingtonda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi qarorgohi oldida norozilik namoyishlari. Omma Tramp ma'muriyatidan agentlikni barbod qilmaslikni talab qilmoqda. Oq uyga ko'ra esa agentlik islohotlar ostida.
Vashingtonda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi qarorgohi oldida norozilik namoyishlari. Omma Tramp ma'muriyatidan agentlikni barbod qilmaslikni talab qilmoqda. Oq uyga ko'ra esa agentlik islohotlar ostida.

Prezident Donald Tramp farmoniga binoan Amerikaning noharbyy tashqi yordami uch oyga muzlatilgan va hukumat barcha dasturlarni qayta ko'rib chiqmoqda.

AQShning insonparvarlik, iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy-ilmiy ko'magini yetkazadigan AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) uzoq yillardan beri Markaziy Osiyo bilan hukumat va fuqarolik jamiyati darajasida hamkorlik qilib keladi.

Bu agentlik faoliyatining to`xtatilishi, Tramp ma'muriyati buni islohot deya ta'riflayotgan bo'lsa-da, Markaziy Osiyo, jumladan O’zbekiston bilan aloqalarga ham ta’sir o`tkazadi. Chunki USAID loyihalari to'xtagan.

Amerika hukumati mintaqa bo'ylab bu agentlik dasturlari uchun har yili o'nlab million dollar ajratadi.

Bu loyihalar turli sohalarni qamrab oladi. Ulardan biri, masalan, O`zbekiston Bojxona qo`mitasi xodimalarining raqamli texnologiyalardan foydalanishda malakasini oshirishga qaratilgan.

AQShning O’zbekistondagi elchixonasi dekabr oyida yakunlangan bu loyiha doirasida O´zbekiston Bojxona qo`mitasida xizmat qilayotgan 287 nafar ayol yangi ko'nikmalar orttirgani haqida xabar bergan edi.

Yakunlanmagan loyihalar talay, jumladan o’tgan yil ishga tushgan va besh yilga mo`ljallangan xususiy biznesni qo`llab-quvvatlash loyihasi. Qiymati 17,7 million dollarni tashkil etuvchi bu dastur mamlakat iqtisodida xususiy tadbirkorlar rolini oshirishga qaratilgan.

2023-yilda Xalqaro taraqqiyot agentligi rahbari Samanta Pauer O’zbekistonga tashrif buyurganida 14 million dollarlik yangi yordam dasturi e`lon qilingan edi. Buning ortidan, ta`lim, tibbiyot, xususiy tadbirkorlik, o’z-o´zini boshqaruv organlari, muqobil energetika va qishloq xo`jaligi hamda ayollar huquqiga doir bir qator hamkorlik loyihalari yo`lga qo`yilgan.

AQShning Markaziy Osiyo bilan munosabatlari shakllanishidagi asosiy muloqot maydoni - C5+1 formati doirasida ham uchrashuv o`tgan. Markaziy Osiyo va AQSh hamkorligini rivojlantirish bo`yicha qo´shma bayonot imzolangan.

Unga ko'ra, USAID mintaqada faoliyatini kengaytirishi kerak edi. Regional integratsiyani jadallashtirish, shu orqali yangi ish o`rinlari yaratish, tijoratni kengaytirish, savdo yo`llarini diversifikatsiya qilish, eksport uchun yangi bozorlar topishda AQSh ko'mak va'da qilgan.

Fuqaro jamiyatini kuchaytirish ham maqsad qilingan. Markaziy Osiyo tinchligi va taraqqiyoti davlatlarning suverenitetini mustahkamlaydi, deya qayd etilgan.

Prezident Donald Tramp USAIDni Davlat departamenti tarkibiga qo‘shishga qaror qilgan. Davlat kotibi Marko Rubio vaqtinchalik rahbar sifatida tayinlangan. Rubio ko'plab dasturlar tiklanadi, degan.

Mutaxassislar nazarida boshqa mintaqalar bilan solishtirganda, Markaziy Osiyodagi faoliyat unchalik salmoqli emas. Biroq ular baribir region zarar ko'radi, degan fikrda, jumladan zarur kadrlarni yetishtirish va ularni qayta tayyorlash dasturlari to'xtagan.

Qirg’izistondan Alisher Hamidov USAID loyihalari bilan yaqindan tanish. Agentlik ayniqsa bu mamlakatda faolligi bilan ma'lum.

“Lekin shunda ham USAID tomonidan boshqa davlatlarida amalga oshirilgan loyihalarga nazar tashlaydigan bo`lsak, Markaziy Osiyoda, agentlik ancha faol bo`lgan Qirg’izistondagi ko`rsatkichlar ham ancha kichik. Markaziy Osiyo iqtisodi yoki ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir ko`rsatuvchi yirik loyihalar yo`q. Asosan tadbirkorlik, biznes, sog’likni saqlash, qishloq xo’jaligi, muqobil energetikani rivojlantirishga doir loyihalar. Trampning bu qarori AQShda ham norozilik uyg`otdi, chunki agentlik faoliyati muhim o`rin tutgan. Minglab odamlar ish bilan ta’minlanayotgan edi. Shuningdek, bu o'zgarish ta’lim sohasidagi hamkorlikka qanchalik ta’sir qilishi noma`lum, chunki yoshlar uchun turli dasturlar mavjud edi”, - deydi Hamidov.

AQSh elchixonasi ma`lumotiga ko`ra, 2019-2023 yillarda USAID O’zbekiston ta’lim tizimi rivoji uchun 40 million dollar sarflagan. Qo'shni davlatlarda ham sohama-soha shunga o'xshash ko'mak yetkazilgan.

USAID hisobotlariga ko'ra, 1993-2013 yillar orasida agentlik Markaziy Osiyoning besh respublikasidagi turli dasturlar uchun 2 milliard dollardan oshiq grant bergan.

1991-2018 yillarda USAID tomonidan Qirg'iziston va Tojikiston taraqqiyoti uchun 1,7 milliard dollardan oshiq mablag' ajratilgan.

2023-2024 yillarda agentlik mintaqada aynan qancha sarflagani haqida aniq ma'lumotlar yo'q, biroq 2020-2025 yillarda xususan mintaqaviy elektr tarmoqlarini yaxshilash uchun 39 million dollar ko'zlangani ayon.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG