Breaking News

G'azo AQSh nazoratiga o'tishi mumkin, deydi Tramp


Oq uy, Vashington, 4-fevral, 2025
Oq uy, Vashington, 4-fevral, 2025

G'azo ahli G'azoga qaytmasin, deydi Prezident Donald Tramp

Prezident Donald Tramp Oq uyda Isroil rahbari Benyamin Netanyahu bilan muloqot qilar ekan, Yaqin Sharqda tinchlikka erishish uchun qo'ldan kelgan barcha chorani ko'rishini aytdi.

Tramp ma'muriyati nazarida 2023-yilning oktabridan beri Isroil hujumlaridan vayron bo'lgan G'azoni 3-5 yil ichida qayta qurish rejasi realistik emas, uni yangilash kerak.

Prezident Tramp bilan u ikkinchi muddatni boshlaganidan beri ilk marta uchrashayotgan Netanyahu vatanida kuchli siyosiy bosim ostida, chunki XAMAS bilan amaldagi sulhga ishonch past, yahudiy aholi xotirjam emas, qolaversa, G'azo aholisi qaytar ekan, hududda vaziyat izdan chiqishi mumkin degan xavotir kuchli.

Oq uy, Vashington, 4-fevral, 2025
Oq uy, Vashington, 4-fevral, 2025

Tramp fikricha, G'azo ahli vayronaga qaytishi shart emas. U shu kungacha yonma-yon yashay oladigan ikki mustaqil davlat tarafdori bo'lgan. 2020-yilda, birinchi muddatida, mustaqil Falastin barpo etilishini quvvatlab chiqqan.

Biroq hozirga kelib, Tramp bu g'oyaga uncha ishonmasligini bildirmoqda.

“Rejalar vaqt o'tib o'zgaradi, yangilanadi", - deydi u, jurnalistlarning savollariga javob berar ekan.

"Qancha odam qaqshadi, halok bo'ldi. Vaziyat yanayam murakkablashgan",- deydi Amerika rahbari 15 oy davom etgan urushga ishora qilib.

“Odamlar G'azoga qaytishi kerak deb o'ylamayman. U yerda yashay olmaysiz. Ularga boshqa joy kerak. O'nlab yillardan beri G'azo o'lim maydoni. Aholiga ko'rkam, barqaror, yashash uchun yaroqli joy zarur, toki ularning hayoti xavf ostida bo'lmasin. G'azoda sizni o'qqa tutishlari yoki pichoqlab o'ldirishlari mumkin", - deydi Tramp.

G'azo aholisi qaytmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:14:54 0:00

Prezident Iordaniya, Misr va boshqa arab davlatlarini g'azoliklarga vaqtincha joy berishga undab kelayotgan edi. Endi esa ularga o'zga hududdan doimiy boshpana kerak, deb chiqmoqda.

“Shunday chora topaylikki, odamlar o'zlari G'azoga qaytishni xohlamasin. Kim xohlaydi aslida? U yerda o'lim va vayronalardan boshqa nima bor?" - deya so'raydi Tramp.

Biroq Falastin davlati tuzilishini istaydigan aholi uchun G'azo uning ajralmas qismi va vatanning bir parchasi. Qaytish va qayta qurishga bel bog'lagan falastinliklar Isroilni ularni o'z yeridan haydaganlikda ayblaydi.

Oq uy, Vashington, 4-fevral, 2025
Oq uy, Vashington, 4-fevral, 2025

AQSh G'azoni o'z nazoratiga olishi mumkin

Prezident Tramp deydiki, G'azo uzoq muddat Amerika kontrolida bo'lish ehtimoli bor.

"Bu biz uchun oson qaror bo'lmaydi, ammo kim bilan gaplashmay G'azoni barqarorlashtirish uchun AQSh bosh-qosh bo'lishi kerak, degan taklifni yoqlashmoqda".

Prezident bu hududga Amerika qo'shinini safarbar etisihi ham mumkin. "Nimaiki zarur deb topilsa, qilamiz", - deydi Tramp.

Netanyahu Amerikaning bugungi rahbariga ishonishini aytib, uni va'dasida turadigan siyosatchi, deydi.

“Qoyil qolamiz va uning qanchalik to'g'ri gapirishini anglaymiz", - dedi Isroil rahbari, Oq uydagi matbuot anjumanida.

Netanyahu deydiki, uning davlati XAMASni yo'q qilmaguncha to'xtamaydi.

"Urush XAMAS tamoman yakson qiiingach, g'alaba bilan yakunlanadi va bu Amerikaning ham g'alabasi bo'ladi", - deydi u.

Trampga qarab, u “Siz Isroilning Oq uyda ko'rgan eng buyuk do'stisiz", dedi.

Yahudiy davlat, deydi Netanyahu, Amerika quvvatlovidan minnatdor. Bayden ma'muriyati to'xtatgan qurol-aslaha va o'q-dori oqimi hozirda tiklangan.

Bugungi uchrashuvda XAMASga qarshi birgalikda chora ko'rish masalasi ham muhokama qilingan. Tramp AQSh G'azoni qay shakl va shartlar asosida o'z nazoratiga olishi mumkinligini tushuntirmadi.

“Biz G'azoda xo'jayin bo'lamiz va u yerni bombalar va boshqa qurollardan tozalaymiz," - deydi u.

Prezident so'zlariga ko'ra, vayronalar o'rnida yangi hudud barpo etish mas'uliyatini ham, iqtisodiyotni tiklash ishlarini ham Amerika o'z zimmasiga olishi mumkin.

Oq uy yuqorida qayd etilgan g'oyalarni birma-bir jiddiy ko'rib chiqmoqda, deydi Tramp.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG