Payshanba kuni XAMAS uch isroillik, jumladan bir harbiyni va besh tailandlikni garovdan ozod etdi, Isroil qamoqxonalaridan esa 110 nafar falastinlik mahbus chiqarildi.
Kuzatuvchilar Isroilning 15 oydan oshiq davom etgan harbiy amaliyotiga qaramay, XAMAS o’z kuchini va G’azoda ta’sirini saqlab qolganini aytadi.
29 yashar Arbel Yehud Isroil tomonidan o’ldirilgan XAMAS rahbari Yahyo Sinvar turgan va bomba hujumiga uchragan uy joylashgan joyda topshirildi.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu garovga olingan odamlarga zarar yetkazganlarni yo’q qilishi haqida ogohlantirib, vositachilardan garovdagilarning topshirilishini ommaviy tomoshaga aylantirmaslikni ta’minlashga chaqirdi.
Isroil qamoqxonalaridan ozod etilgan falastinlik mahbuslar G’arbiy Sohilning Ramalloh shahriga yetkazildi. Falastin rasmiylari Isroil askarlari millatdoshlarini kutib olishga chiqqan olomon tomon jangovar va rezinali o’qlar otib, kamida 14 falastinlikni yaralaganini ma’lum qildi.
Isroil ozod etgan falastinliklardan biri Zakariya Zubaydi bo’lib, u XAMASning harbiy qanoti bo’lmish “Al-Aqso shahidlar brigadasi”ni boshqargan. Zubaydiy 2021-yilda qamoqxonadan qochishga muvaffaq bo’ladi, ammo so’ng yana ushlanadi.
“Bugun har xil terror hujumlarida 45 isroillikni o’ldirgan terrorchi ozod etildi”, - deydi Tel-Avivdagi Bar-Ilan universitetidan Ilana Shpayzman.
XAMAS qo’lida 482 kun ushlab turilgan Agam Berger oilasi bilan uchrashuvdan so’ng kasalxonaga tibbiy ko’rik uchun yetkazildi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp vakilining Stiv Uitkof ozod etilganlar bilan Tel-Avivda uchrashdi.
Isroil va XAMAS endi otashkesimning ikkinchi bosqichi bo’yicha muzokaralar boshlashi kutilmoqda. Garovdagi yana bir necha isroillikning ozod etilishi evaziga Isroil falastinlik yuzlab mahbuslarni qamoqxonadan chiqarish va askarlarini G’azoning katta qismidan olib chiqish majburiyatini o’z bo’yniga olgan.
XAMAS shanba kuni yana uch isroillikni qo’yib yuborishini ma’lum qilarkan, ularning ismlarini oshkor etdi. Biri Ofer Kalderon bo’lib, XAMAS u bilan birga rafiqasi va ikki farzandini ham o’g’irlagan edi. Ular 2023-yil noyabrida ozod etilgan.
Kelasi seshanba kuni Netanyaxu Vashingtonda Prezident Tramp bilan uchrashishi kutilmoqda.